O‘sh shahri aholisi bir necha soatni vahimada o‘tkazdilar

Published

29 noyabr kuni tushdan keyin O‘sh shahrida portlash ovozlari eshitilgan.

Bi-bi-si bilan suhbatlashgan o‘shliklar "Majirimtol" mavzesida portlash ovozlarini eshitganlari haqida aytdilar.

Savdo-sotiq bilan band bo‘lib turgan insonlar portlash ovozidan vahimaga tushganlar va buyumlarini zudlik bilan yig‘ishtirib, uylariga shoshilganlar.

Reuters axborot agentligi O‘sh shahrida kamida uch portlash ovozi eshitilgani haqida xabar qilgan.

O‘shliklarning Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda xabar qilishlaricha, "granatalar portlayotgani" ovozlari eshitilgan.

Bir muddat O‘sh shahri bilan telefon aloqasi uzilgan.

Odamlarning O‘zbekiston chegarasiga tomon harakatlangani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Qirg‘iziston hukumatidan aytishlaricha, maxsus kuchlar terrorchilikda gumon etilgan shaxsni qo‘lga olish amaliyotini o‘tkazganlar.

Qirg‘iz hukumati so‘zchisi Roza Daudova so‘zlariga ko‘ra, "maxsus kuchlar bir kishini qo‘lga olish maqsadida maxsus amaliyot o‘tkazgan. U granata otgan va portlash ro‘y bergan".

Qirg‘iziston Xavfsizlik Kengashi rahbari Marat Imankulov aytishicha, xavfsizlik kuchlarining kamida bir xodimi jarohatlangan.

Marat Imankulov so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iz maxsus kuchlari O‘shda "Hizbut-tahrir" islomiy guruhi a‘zolariga qarshi reyd o‘tkazganlar.