Tojikistonda qizlar uchun nikoh yoshi 18 qilib belgilandi

Tojikistonda bundan oldin qizlar uchun nikoh yoshi 17 edi
Сурат тагсўзи, Tojikistonda bundan oldin qizlar uchun nikoh yoshi 17 edi
    • Author, Urunboy Usmon
    • Role, BBC, Xujand
  • Published

Joriy yildan boshlab Tojikistonda qizlarning turmushga chiqish yoshi 18 qilib belgilangan. Bu borada mamlakat Oila Kodeksiga tegishli o‘zgartirish kiritilgan.

Bungacha Tojikistonda qizlar 17 yoshdan nikohdan o‘tishlari mumkin edi. Istisno hollarda esa, 16 yoshli qizlarga ham turmush qurishga ijozat berilardi. Endi bu istisno holat 17 yoshga ko‘tarilgan.

Qizlar nikoh yoshini o‘zgartirish mamlakat Prezidenti Imomali Rahmon taklifiga muvofiq amalga oshirilgan. U o‘tgan yil aprelida mamlakat parlamentining har ikki palatasi qo‘shma majlisida an‘anaviy murojaat bilan chiqar ekan, mazkur taklifni o‘rtaga tashlagandi.

O‘shanda Imomali Rahmon mamlakatda oilaviy ajralishlarning keyingi besh yilda deyarli ikki baravar ko‘payganligidan tashvish bildirgandi.

Tojikiston Jinoiy Kodeksiga ko‘ra Oila borasidagi qonunni buzganlar ma‘muriy va jinoiy jazoga tortiladilar. Eng qattiq jazo besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etilishdir.

Odamlar qanday fikrda?

Tojikistonning boshqa shahar va tumanlari kabi Jabbor Rasulov tumanida yashayotgan kishilar ham mamlakatda qizlar uchun nikoh yoshining o‘zgartirilishini muhokama etishmoqda.

Ko‘pchilik Oila Kodeksiga kiritilgan yangi o‘zgartish oilani mustahkamlashga ko‘maklashadi degan fikrda.

Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Muborak Polvonovaga ko‘ra, yangi o‘zgartishni yoqlagan holda, lekin hozirda qizlarning oldinroq yetilayotganlarini ham hisobga olish zarur.

"Menimcha xalqimiz mentalitetidan kelib chiqqanda qizlarni 17 yoshdan turmushga uzatish to‘g‘ri edi", deydi Yoqubjon Temirboyev:

Jabbor Rasulov tumani xotin-qizlar bilan ishlash va oila qo‘mitasi boshlig‘i Dilshoda Rajabaliyeva qizlar uchun nikoh yoshining 18 qilib belgilanishi yetilib kelgan masala ekanini aytadi.

Dilshoda Rajabaliyeva fikricha, yosh oilalar ajralishining asosiy sabablaridan biri aynan ularning hali turmush qurishga tayyor bo‘lmasliklaridir.

"Tojikistonning ko‘pgina yerlarida qizlarni erta turmushga uzatishning sababi yigirma yoshdan o‘tgan qizlarga nisbatan xalq orasida "qari qiz", "o‘tirib qolgan" degan qarashlarning borligidir", deydi Yoqubjon Temirboyev.

Lekin, Muborak Polvonova gap-qizlar yoshida emas, balki ularning tarbiyasi, axloq-odobida degan fikrda.

Uzoq yillar o‘zi yashayotgan mahallada oilalar barqarorligi uchun faoliyat yuritib kelayotgan Sharofat Sattorova oilaviy ajralishlarda yosh kelinlarning ma‘lum darajada o‘rni borligini ta‘kidlash bilan, ayni bir paytda oila buzilayotganining boshqa sabablari ham yo‘q emasligini aytadi.

"Garchi, Tojikistonda hozir to‘ylarni ixcham o‘tkazish borasida maxsus qonun amal qilayotgan bo‘lsa-da, lekin haligacha to‘ydan keyin qarzga botayotganlar oz emas", deydi Sharofat Sattorova.

Kuzatuvchilar fikricha, qizlar uchun nikoh yoshining o‘zgartirilishi oilaviy ajralishlarni ma‘lum darajada kamaytirishi mumkin.

Lekin, mahalliy aholi orasida oilada er ustunligi, kelin qaynona izmida bo‘lishi zarur kabi aqidalar bois oilaviy zo‘ravonliklarning turli xil ko‘rinishlari mavjud ekan, qizlarning qaysi yoshda turmushga uzatishlaridan qat‘iy nazar oilaviy buzilishlar kamayishi qiyin, deyishadi kuzatuvchilar.