Tojikistonda juma namozi ma‘ruzalari mavzusi rasman belgilab beriladi

    • Author, Anora Sarkorova
    • Role, Bi-bi-si, Dushanbe
  • Published

Yaqinda Tojikistonda imom-xatiblarga mo‘ljallangan "Haftalik juma ma‘ruzasi" deb nomlangan yangi o‘quv qo‘llanmasi paydo bo‘ladi.

Qo‘llanmada juma ma‘vizalari uchun 52ta majburiy mavzu kiritilgan bo‘lib, yil davomida har bir hafta ulardan bittasi o‘qilishi kerak bo‘ladi.

Aytilishicha, imomlar taklif etilgan mavzuni rad etolmaydilar.

Qo‘llanma mamlakatdagi nazariyotchilar, olimlar va davlat arboblaridan iborat maxsus komissiya tomonidan tanlangan.

Kuzatuvchilar ushbu qo‘llanmaning paydo bo‘lishi odamlar diniy hayotlarini nazoratga olishga urinish sifatida talqin etishmoqda.

Tojikistondagi nufuzli ulamolar allaqachon yangi ko‘rsatmalardan ajablanganlari va noroziliklarini bildirishdi.

'Ajoyib ko‘rsatmalar'

Maxsus komissiya taklif etgan mavzular tojik mulozimlarining so‘zlariga asoslangan.

Tojikiston hukumati qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga ko‘ra, yangi qo‘llanma imom-xatiblarga odatda juma namozigacha o‘qiladigan va‘zlar uchun to‘g‘ri mavzularni tanlashda yordam beradi.

"Va‘zxonlar masjidlardagi suhbatlarini ushbu kitob doirasida olib borishlari kerak. Misol uchun, mustaqil ma‘viza qilolmaydigan imomlar ham bor. Imomlar javob berish mushkul bo‘lgan savollarni Tojikiston Islomiy ulamolar kengashiga jo‘natishlari kerak", deydi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Jumaxon G‘iyosov Bi-bi-si bilan suhbatda.

"Bular juda yaxshi ko‘rsatmalar. Va‘zxonlar materiallar qidirib yurishmaydi. Biz bunday kitob taklif qilayotgan birinchi mamlakat emasmiz. Bunga o‘xshash kitoblar Rossiya va Turkiyada allaqachon chop etilgan", deya G‘iyosovning so‘zlarini dastaklaydi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xodimi Saidbek Mahmadulloyev.

Jumaxon G‘iyosovning tushuntirishicha, juma namozigacha 15-30 daqiqa davom etadigan ma‘vizalar chog‘i imom-xatib ayni mavzudan tashqari beriladigan savollarga javob bermasligi kerak.

Aksar hollarda bunday savol Tojikiston Islomiy ulamolar kengashi va yo diniy ishlar bo‘yicha qo‘mitaga yo‘llanadi.

'Odamlarda turli xil savollar paydo bo‘ladi'

Musulmonlar uchun juma namozi o‘ta muhim. Dushanbedagi markaziy masjidda juma kuni minglab namozxon yig‘iladi.

Mamlakatdagi diniy masalalar bo‘yicha eng oliy qo‘mita qarori barcha masjidlarga taalluqli va uning qanday tadbiq etilishi nazorat qilib boriladi, ayniqsa, poytaxt Dushanbeda.

Diniy masalalar bo‘yicha qo‘mitaning urg‘ulashicha, yangi ko‘rsatmalarga amal qilmaganlar jazolanadi.

Qo‘mitaga ko‘ra, ushbu kitobni chop etish qarorining olinishiga ba‘zi ruhoniylarning bilimsizligi va yetarlicha ilmga ega bo‘lmaganlari sabab bo‘lgan.

Yaqinda 26 imom-xatib attestatsiyadan o‘ta olmagan.

Taniqli din arbobi Hoji Akbar To‘rajonzodaga ko‘ra, mamlakatda yetarli ilmga ega imom-xatiblarning yo‘qligiga sabab, ularning davlat arboblari tomonidan tayinlanishidir.

"Keyingi 15 yil asnosida davlat tasdig‘i va roziligisiz biron bir mulla tayinlangani yo‘q. Ular o‘zlari odam topishadi va o‘zlari ma‘lum o‘rinlarga tayinlashadi. O‘nlab yoshlar - a‘lo darajada Islomiy o‘quv dargohlarini bitirgan odamlar ish topa olmaydilar", deydi u.

Tojikistonda din davlatdan rasman ajratilgan. Ammo, haqiqatda hukumat mamlakatdagi diniy oliygohlar faoliyatiga faol aralashadi. Bunga qo‘shimcha ravishda, masjidlarda imom-xatiblar saylashda ham hal qiluvchi ovozga ega.

Sharhlovchilarga ko‘ra, davlat tomonidan tayinlangan arbob hukumat organlari farmoyishini bajarishi kerak.

"Bu hol nafaqat imom-xatiblar, balki har bir shaxsning erkinligini cheklaydi", -deydi Hoji Akbar To‘rajonzoda.- Odamlarning savollariga javob berish imom-xatibning vazifasi. Odamlarda har xil savollar paydo bo‘ladi, turli mavzular ularni qiziqtiradi. Agar savol davlat belgilab bergan mavzudan tashqari bo‘ladigan bo‘lsa, ularni qanday jazo kutadi? Bularning bari yaxshilikka olib bormaydi".

So‘nggi yillarda Tojikiston hukumati dindorlar huquqlariga daxl qilganlikda bir necha bor tanqid ostiga olindi.

Masjidlarni tekshirish va yopish, diniy firqalar va harakatlar tarafdorlari ustidan ko‘psonli mahkama jarayonlari Islomiy kiyingan va saqol qo‘yganlarni quvg‘in qilish kabilar hukumat tomonidan olib borilayotgan amallar jumlasidandir.

Ko‘plab kuzatuvchilar keyingi yillarda Tojikistonda dinga qiziqish o‘sib borayotganini aytishadi.