Yangi lavozimi tojik prezidenti o‘g‘lining siyosiy ambitsiyalariga qanday ta‘sir qiladi?

Rustami Rahmon Tojikiston hukumati qoshidagi Bojxona xizmatining kontrabanda va bojxona qoidalarining buzilishiga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlanishi munosabati bilan uning Dushanbe shahar kengashi deputati maqomi bekor qilindi.
Ushbu qaror Dushanbe shahar xalq deputatlari kengashining so‘nggi majlisida qabul qilindi.
Ayon bo‘lishicha, Tojikiston qonunchiligiga muvofiq, huquq-tartibot idorasi xodimlari bir vaqtning o‘zida ham kuch tizimlarida ishlab, ham biror bir darajadagi qonunchilik idorasiga saylanish huquqiga ega emaslar.
Ayni o‘rinda Tojikiston hukumati qoshidagi Bojxona xizmati ham kuch tizimlari tasnifiga kiradi.
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning to‘ng‘ich farzandi Rustami Imomali 2010 yilning fevral oyida Ismoili Somoniy tumani saylov okrugi tomonidan shahar xalq deputatlari kengashining deputati etib saylangandi.
Uning nomzodi Tojikistonning boshqaruvdagi Xalq demokratik partiyasi tuman bo‘limi tomonidan deputatlikka ilgari surilgandi.
Deputat etib saylangan chog‘da 24 yoshli Rustami Imomali Tojikiston hukumati qoshidagi Sarmoyalar va davlat mulki boshqaruvi qo‘mitasida kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Xabarlarga ko‘ra, yangi lavozimga tayin etilishi munosabati bilan Tojikiston prezidenti o‘g‘lining Xalq demokratik partiyasiga a‘zoligi bekor qilinadi va partiya markaziy ijroiy qo‘mitasi saflaridan ham chiqariladi.
Rustam Imomalining 2009 yil oxirlarida Xalq demokratik partiyasi markaziy ijroiy qo‘mitasi tarkibiga kiritilishi uning bosqichma-bosqich katta siyosatga kirib kelishi sifatida talqin etilgandi.
Ammo ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash kerakki, Rustami Imomali Tojikiston Yoshlar Ittifoqi raisining o‘ribosari hamdir. Yoshlar Ittifoqi Tojikiston prezidentligiga o‘z nomzodini ilgari surish huquqiga ega bo‘lgan yagona jamoat tashkiloti sanaladi.
Mahalliy ekspertlarga ko‘ra, xuddi shu sababdan ham, qator vakolatlaridan mahrum bo‘lishi Rustami Imomalining siyosiy ambitsiyalariga ta‘sir qilmasligi mumkin.
Prezident Imomali Rahmon o‘g‘lining yana bir yangi lavozimga tayinlanishi esa, mamlakat muxolifati va ommaviy-axborot vositalari tomonidan jiddiy bir munosabatga sabab bo‘lmagan.
Mahalliy tahlilchilar esa, Yaqin Sharqda kechayotgan xalq noroziliklari manzarasida ham Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning o‘z o‘g‘lini yana bir muhim lavozimga tayin etishi uning o‘z qudratiga bo‘lgan ishonchini anglatishini aytishadi.
Tojikistonda kuzatilayotgan bu kabi holat, boshqa tomondan, Markaziy Osiyoning yakkahokim tuzumlarida shakllangan an‘ana doirasida ham ko‘riladi.
O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova yaqinda O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi etib tayinlangandi.
U oldin mamlakat tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari va O‘zbekistonning BMTdagi vakili bo‘lib ishlagan.
Qozog‘iston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Darig‘a Nazarboyeva esa, otasining partiyasida yuqori lavozimni egallagan.































