Nazarboyev saylanishiga qarshilar ham Internetdan faol foydalanmoqdalar
Qozog‘istonda prezidentlik saylovlariga oz muddat qolarkan, muloqotning yangi turi bo‘lmish Internetda ham bu mavzu keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda saylovlarni boyqot qilishga chaqiriqlarini ko‘rish mumkin.

Qozog‘istonlik yoshlar muddatidan oldingi saylovlarni boyqot qilish maqsadida Internetda siyosiy videoroliklar joylaganlar.
Ikki mingdan tortib 20 mingggacha foydalanuvchiga ega ijtimoiy tarmoqdagi qozoq sahifalari muddatidan oldin o‘tkaziladigan saylovlarni boyqot qilishga chorlamoqda.
Galim Ageleuov faol ishtirokchisi bo‘lgan "Liberty" jamoat birlashmasi Internetda siyosiy faolikka chorlovchi xuddi mana shunday roliklar va turli chaqiriqlar tayyorlash bilan shug‘ullanadi.
Galim saylovlarni boyqot qilishni ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ib qilayotgan faollardan.
"Davlat mashinasi faqatgina bir shaxsning foydasiga ishlamoqda. Uning rahnamoligi ostida so‘nggi yillarda mamlakat konstitutsiyasi o‘zgartirildi. Parlament ahmoqona qarorlar qabul qildi. Sharmandalarcha bekor qilingan referendum va keyinchalik muddatidan oldin saylovlarga aylanib ketgan voqealarning hammasi yurtimizda shiddat bilan o‘sgan avtoritarizmning natijasidir", - deydi Galim Ageleuov.

Сурат манбаси, bc
Galim Ageleusovning qo‘shimcha qilishicha, saylovlarni boyqot qilish siyosiy faollikni anglatadi.
Hokimiyat organlari odamlarni saylovlarga majburiy ixtiyoriy qatnashishini ta‘minlaydigan bir vaqtda Galim Ageleusov va uning hamfikrlari odamlarni siyosiy faollikka chaqirmoqda.
Davlatga qarashli telekanal va matbuotda Millat rahnamosi Nazarboyevning davlat rivoji uchun qilgan ishlari bot-bot ko‘rsatilayotgan bir vaqtda, unga qarshi kampaniya Internetda avj oldirilmoqda.
3 mart kuni qozog‘istonliklarning imzosini olish uchun www.elbasy.net sayti ochildi.
Sayt tashkilotchilari o‘z ism-shariflarini oshkor qilishmaydi. Ular "Nazarboyev nafaqaga chiqsin" shiori ostida imzo to‘plamoqdalar.
Saytdagi murojaatda "100 milliarlab tanga prezident va uning atrofidagilar tomonidan talangan. 100 minglab oila banklarning ipoteka qarmog‘iga tushib qolgan. Mamlakatning tashqi qarzi YaIM hajmidan oshib ketgan. Tashqi qarz bolalar doxil har birimizga 7 ming dollardan to‘g‘ri keladi", deyiladi.
Saytda Nazarboyevni ketishini istaganlar shu kungacha 600 taga yaqinlashib qolgan.
Hukumat vakillari shu vaqtgacha Internetdagi noroziliklardan jiddiy xavf ko‘rmayotganini aytib kelishadi.
Prezident maslahatchisi Yermuxamet Yertisbayev muxolifat haqida gapirarkan, shunday degandi:
"Ular odamlarni ko‘chaga olib chiqadigan Misr muxolifatchilarining yetakchilari emas. Bizning muxolifat juda odobli, tartibli, ular virtual olamda ishlashadi – faqatgina Internet orqali murojaat qilishadi, xalq ularni ko‘rmaydi va eshitmaydi", - deydi Yermuxamet Yertisbayev.

Internetda faol qatnashuvchi bloger Ulan Shamshet ham ijtimoiy tarmoqlar orqali odamlarni mitinglarga olib chiqish uchun hali vaqt kelmaganini aytadi.
"Facebook orqali Misrda bo‘lgani kabi ommani ko‘tarishning imkoni yo‘q. Bir narsani e‘tiborga olish kerakki, bizda faol ishtirokchilar Internet foydalanuvchilarning 20 foizini tashkil qiladi. Misol uchun biz 20 minglik sahifamiz qo‘llovchilarini flesh mobga chorlaganimizda shundan 100 tasi kelgandi", - deydi blogger Ulan Shamshet.
Shunday bo‘lsa-da Internetda faol bo‘lgan turli harakatlar siyosiy roliklar chiqarishda davom etishmoqda.
Youtube video portaliga joylashtirilgan rolikda o‘zgartirilgan ovoz bilan qozog‘istonliklarning davlat kanallarini ko‘rib manqurtga aylanib borayotgani va muttasil aldanayotgani haqida gapiriladi.
"Liberty" jamoat birlashmasidan Galim Ageleuov, u kabi yoshlar Internet orqali odamlarning siyosiy ongini oshirishda to‘xtamasligini aytadi. Ular shu yo‘l bilan hukumatni ham bosqichma-bosqich islohatlar o‘tkazishga chaqirishmoqchi.
"Agar hukumat chaqiriqlarga e‘tibor bermasa, avtoritar mashinani qo‘llashda davom etib, murvatlarni qattiqroq burasa, o‘shanda Internet ijtimoiy portlashga katalizator vazifasini o‘tab berishi mumkin", - deydi Galim Ageleuov.






























