General Devid Petreus AQSh Markaziy Istig‘borot boshqarmasi rahbari etib tayinlandi

Published

Prezident Barak Obama Afg‘onistondagi xalqaro kuchlar rahbari general Devid Petreusni AQSh Markaziy Istig‘borot boshqarmasi direktori etib tayinlagan.

Markaziy Razvdeka boshqarmasining joriy direktori Leon Panetta iyun oyida iste‘foga chiqayotgan Mudofaa vaziri Robert Geyts o‘rniga Pentagon rahbari bo‘lishi e‘lon qilingan.

Afg‘onistondagi xalqaro qo‘shinlar qo‘mondoni etib Amerika dengiz piyoda qo‘shinlari general-leytenanti Jon Allen tayinlangan.

Jon Allen shu paytgacha AQSh Bosh qo‘mondonligi rahbarining Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq uchun mas‘ul hisoblangan o‘rinbosari hisoblanadi.

Ushbu kadr o‘zgarishlarining AQSh Senati tomonidan tasdiqlanishi talab etiladi.

Prezident Barak Obama Afg‘onistonga yangi elchi sifatida Rayan Kroker nomzodini ilgari surgan.

Oq Uyda nomi tilga olingan rahbarlar ishtirokida o‘zining qarorlari haqida e‘lon qilar ekan, Prezident Obama bu rahbarlarni "oldindagi mushkul kunlarni bosib o‘tishda yo‘l boshlashlari uchun tanlaganini" aytgan.

Prezident Obama so‘zlariga ko‘ra, armiyada 40 yil xizmat qilgan general Petreus nihoyat iste‘foga chiqadi va Senat ma‘qullovidan keyin shu yil sentyabridan Markaziy Razvedka boshqarmasini boshqaradi.

General Petreus 2010 yil iyunida xalqaro kuchlarning Afg‘onistondagi qo‘mondonligini general Stenli Makkristaldan qabul qilib olgan edi.

AQSh Senatining Tashqi siyosat bo‘yicha qo‘mitasi raisi, senator Jon Kerri general Devid Petreusning Markaziy Istig‘borot boshqarmasi direktori etib tayinlash qarorini olqishlagan.

"General Petreus o‘z avlodining eng yaxshi harbiy rahbarlaridan biri hisoblanadi. U Qo‘shma Shtatlar xavfsizligini ta‘minlashda istig‘borot axboroti qanchalar muhim rol o‘ynashini ilk manbalardan biladi", deb aytgan senator Kerri.

72 yashar Leon Panetta 1994 yildan 1997 yilgacha Oq uyda Bill Klinton ma‘muriyati rahbari lavozimida ishlagan, 2009 yil fevralida Markaziy Istig‘borot boshqarmasi direktori lavozimiga tayinlangan.

Bi-bi-si muxbiriga ko‘ra, bahor kelishi bilan Afg‘onistonda jangovor harakatlar kuchaymoqda va NATO hamda Afg‘on armiyasi oldingi mavsumda qo‘lga kiritgan zafarlarini mustahkamlashlari talab qilinadi.

Shu yil iyul oyidan boshlab AQSh Afg‘onistondagi qo‘shinlarini bosqichma-bosqich olib chiqib ketishni va xavfsizlik uchun nazoratni Afg‘oniston Milliy armiyasiga topshirishni boshlaydi.

Shu yil fevralida AQSh harbiy qo‘shinlari soni bir million 400 ming kishini tashkil etgan.