Yanukovich: Men qon to‘kilishining oldini ololmadim

"Men ketmaganimda butun Ukrainada urush bo‘lardi..."
Сурат тагсўзи, "Men ketmaganimda butun Ukrainada urush bo‘lardi..."
Published

Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovich ilk bor G‘arb matbuoti bilan suhbatlashgan. Bi-bi-si muxbiri bilan Yanukovich Rossiyada uchrashgan. Bi-bi-si Viktor Yanukovich bilan suhbatda uning aytganlarini o‘z holicha qoldirishga harakat qildi. (Bi-bi-si O‘zbek xizmati suhbatni qisqartirib nashr qilmoqda) Suhbatdosh Gabriyel Geythouz.

Bi-bi-si: Yaqindagina Sizni Ukraina prezidenti degan maqomdan ayirishga haqida yangilik tarqaldi. Bunga munosabatingiz?

Viktor Yanukovich: Birinchidan, bu mutlaqo noqonuniy bir amaldir, Ukraina konstitutsiyasi va qonunlariga zid...Hozirgi og‘ir vaziyatda Ukraina hukumati mana shunaqa masalalarga e‘tibor qaratar ekan, ular meni qudratdan noqonuniy chetlatishganini tushunib yetishganidan dalolat beradi, endilikda, ular o‘z amallarini oqlash uchun yo‘l qidirishmoqda. Ularni shu bezovta qilmoqda. Aslida esa hukumatni qanday qilib urushni to‘xtatish, iqtisodni ko‘tarish va islohotlarni amalga oshirish bezovta qilishi kerak...

Bi-bi-si:Bu haqda sal keyinroq gaplashamiz…Siz Rossiyaga kelganingizda, bir kun vatanga qaytaman deb aytgandingiz, hali ham shunday umiddamisiz?

V.Ya: Bugun bu haqda o‘ylash uchun men jiddiy bir sabab ko‘rmayapman…Albatta, qaytishni istayman. Har qanday normal bir inson vatanga qaytishni istaydi. Men nima uchun meni vatanimdan ayrishganini tushunmayman.

Bi-bi-si: Sizningcha,ukrainaliklar qaytishingizni istashadimi?

V.Ya: Men o‘z faoliyatim davomida…ya‘ni, Ukraina uchun mas‘ul bo‘lgan davrimda har bir tashlagan qadamim uchun hisob berishga tayyorman. Men Ukrainani tark etganimda u yerda tinchlik hukmron edi. Men urushga yo‘l qo‘ymadim. Bir dollar 8 grivna edi. O‘z vaqtida maosh berilardi. Ukraina barbod bo‘ldi. Biz kelajak haqida o‘ylardik. Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi? Eng yomon vaziyat yuzaga keldi. Bu dahshatdir. Faqat tushga kiradigan bir dahshat…Aslida esa dahshat o‘ngimizda ro‘y bermoqda. Urush davom etmoqda, odamlar qurbon bo‘lishmoqda, azob chekishmoqda va mamlakat bo‘lingan bir ahvolda…

Otishga kim buyruq bergan?

Bi-bi-si: Ukrainada sizni Maydondagi ommaviy qotilliklarga aloqadorlikda ayblashadi. Siz Ukrainaga qaytib, mahkama qarshisida javob berishga tayyormisiz?

V.Ya: Men Bosh prokuroturaga murojaat qildim. Bu kabi hujjatlar bo‘lsa oshkor qiling ommaga dedim. Chunki jamoatchilikning xabari yo‘q. Chunki hech qanaqa tekshiruv bo‘layotgani yo‘q. Bir yarim yil o‘tdi. Qaytaga Maydonda ro‘y bergan barcha jinoyat izlarini yo‘q qilish harakatiga tushishgan…Bugun ukrainaliklar aslida Maydondagi qotilliklar prezidentning ham, hukumatning ham manfaatida bo‘lmaganini tushunib yetishdi. Bu qotilliklar radikallarga kerak bo‘lgan. O‘sha jinoyatchilar hokimiyatni mana shu yo‘l bilan olishni istashgan…

Bi-bi-si: Ammo Maydondagi namoyishlar davrida baribir kuch ishlatildi, Siz prezident va Bosh qo‘mondon o‘laroq, javob berishingiz kerak deb hisoblaysizmi?

V.Ya.: Albatta. Men mas‘uliyatni o‘zimdan soqit qilmayman. Mening oldimda uch yo‘l bor edi. Ulardan biri o‘zimga sadoqatli kuchlar, jumladan harbiylar yordamida ham mamlakat va ham o‘zimni himoya qilish yo‘li edi…Bu esa fuqarolar urushini boshlash degani edi.

Bi-bi-si:Siz bunday bir qadam tashlashga tayyormidingiz?

V.Ya.: Men bunga bormasdim. Bu haqda ko‘p aytganman. Men qon to‘kilishiga mutlaqo qarshi edim. Men hech qanday hokimiyat qon to‘kilishiga arzimaydi degan fikrdaman. Men Ukrainada urush bo‘lmasligi uchun qo‘limdan kelgan hamma narsani qildim.

Bi-bi-si: Ammo biz baribir Ichki ishlar vazirligi qo‘shinlari qurolsiz insonlarni o‘qqa tutganini ko‘rdik. Bosh qo‘mondon o‘laroq, Siz bunga javob berishingiz kerak.

V.Ya.: Bilasizmi, huquq-tartibot xodimlari orasidan ham qurbonlar ko‘p edi…Ularni ham o‘ldirishdi. Ammo o‘tgan bir yarim yildan beri, afsuski, hukumat bu qotilliklarga aqalli ish ochmadi. Kim bu formadagi odamlarga o‘q uzgandi? Ular hukumat binolarini qo‘riqlayotgandi, o‘z vazifasini bajarayotgan edi…Shunaqa bir holat biror G‘arb mamlakatida bo‘lishi mumkinmidi? Yoki Amerikada? Lekin bir qarang, ularga qarshi “Molotov” kokteyllari otishganida xavfsizlik kuchlari qancha toqat qilishdi…

Bi-bi-si: Sizningcha, huquq-tartibot xodimlariga qarshi o‘q uzganlarni javobgarlikka tortish kerak…

V.Ya.: Albatta, adolatli tekshiruv o‘tishi kerak.

Bi-bi-si: Agar shunday bo‘lsa…Siz ham huquq-tartibot xodimlari tomonidan otib tashlangan odamlar uchun mas‘uliyatni o‘z zimmangizga olasizmi?

V.Ya.: Menda bunaqa faktlar yo‘q. Menda odamlarni otishga kim buyruq bergani haqida ma‘lumot yo‘q. Men bunga qarshi edim. Oradan bir yarim yil o‘tdi. Yana qaytaraman, tekshiruvlarni nima uchun cho‘zishmoqda? Hozirgi hokimiyatda tekshiruvlar o‘tkazish va mahkamaga taqdim uchun barcha imkoniyatlar bor, nima uchun paysalga solmoqda?

Bi-bi-si: Siz prezident sifatida otishga ruxsat berganmidingiz?

V.Ya.: Men hech qanaqa buyruq berganim yo‘q. Bu mening vakolatimga kirmaydi ham…Ikkinchidan, men ochiqchasiga kuch ishlatishga, qon to‘kilishiga qarshi ekanimni aytib kelganman. Ammo huquq-tartibot xodimlari o‘z vazifalarini qonun doirasida bajarishga mas‘ul bo‘lishgan. Ular qonunda ko‘rsatilgan vaziyat yuzaga kelganida qurol qo‘llashga haqlari bor. Ular qurolni qaysi vaziyatda ishlatib, qaysi vaziyatda ishlatishmagan, bu to‘g‘rida menda ma‘lumot yo‘q.

Putin bilan aloqalar

Bi-bi-si: Maydondagi vaziyat yuzasidan Rossiya bilan aloqada bo‘lganmisiz?

V.Ya.: Nafaqat Rossiya, balki Ovro‘po Ittifoqi bilan ham doimiy aloqada bo‘lganman. Amerika bilan ham…Ular vaziyat bilan qiziqishardi. Nima bo‘layapti, qanday bo‘layapti…

Bi-bi-si: Rossiya tomonidan maxsus xizmatlar, maslahatchilar bo‘lgani haqida aytishgandi…

V.Ya.: Hech qanaqa maxsus xizmatlar bo‘lmagan, hech qayerdan...Ovro‘podan ham, Amerika va Rossiyadan ham...

Bi-bi-si: Putin bilan gaplashganmisiz?

V.Ya.: Gaplashganman.

Bi-bi-si: Tez-tez gaplashib turardingizmi?

V.Ya.: Ikki uch marta gaplashgan bo‘lsam kerak…

Bi-bi-si: Nima degandi?

V.Ya.: Qiziqqan edi…

Bi-bi-si:Tabiiyki…

V.Ya.:Ha, qiziqqan edi, ammo tafsilotlari esimda yo‘q…

Bi-bi-si:Nima maslahat bergandi?

V.Ya.: Shu…qanaqadir moliyaviy yordam kerakmi? O‘sha payt biz ko‘plab davlatlar rahbarlari bilan aloqada edik. Rossiya ham mustasno emas…

Bi-bi-si: Aytishlaricha, Putin Sizga “mamlakatni tark etmaslik kerak” degan ekan…

V.Ya.: Menda… U o‘z fikrini aytgandi men Xarьkovdan sim qoqqanimda…

Bi-bi-si: Nima degandi?

V.Ya.: Nima uchun Xarьkovdasiz deb so‘ragandi. Men bu ishchi safarim edi…Xarьkov deputatlari qurultoyiga keldim, Keyin Donetskka boraman, so‘ng Qrimga dedim. Shunday rejalangandi. U esa menga hozirgi vaziyatda Kiyevdan ketish xatarli deb aytdi. U o‘z fikrini aytgan edi.

Bi-bi-si:Siz nima deb javob berdingiz?

V.Ya.: Tafsilotlarini bilmayman, ammo unga ish yuzasidan ketganimni aytdim. Ammo Putin bilan suhbatdan keyin mening qarorgohimga qurolli hujum bo‘lgani haqida eshitdim…

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio