"Madhiya uchun o'rnidan turish Qur'onda yo'q"

- Author, Шоҳруҳ Соипов
- Role, Мустақил журналист
- Published
Qirg'izistonning Jalolobod shahrida o'tkazilgan diniy tadbirda davlat madhiyasi yangraganda o'tirgan o'rinlaridan turmagan madrasa talaba qizlari bilan tushuntirish ishlari olib boriladi. O'z navbatida bu voqea Internet ijtimoiy tarmoqlarida bahsu-munozaraga sabab bo'lmoqda.
Jalolobod viloyatining diniy idorasi Jalolobod davlat universitetining yig'inlar zalida "Ana'naviy Islom dinining mohiyati" deb nomlangan konferentsiya tashkil etgan. Anjuman ochilishida Qirg'iziston davlat madhiyasi yangragan. Qatnashuvchilar o'tirgan o'rinlaridan turib, davlat ramziga ta'zim qilganlar. Biroq oldingi o'rindiqda o'tirgan, hijobli qizlar turishmagan. Ular buning sababini, "Qur'onda, dinda bunday narsa yozilgan emas", deya tushuntirib, madhiyani kuylashdan bosh tortganlar.
Bu qizlar Jalolobod shahridagi “Oysha Siddiq” nomidagi qizlar madrasasining 16-17 yoshli talabalaridirlar.
Madrasalarda faqat diniy yo'nalishdagina bilim berilib, davlat ramzlari va qonunlar to'g'risida ma'lumotlar deyarli o'qitilmaydi, deydi o'z ismi ochiqlanmasligini istagan Nookendagi “Nur” qizlar madrasasining xodimi:
“Biz avvallari faqat diniy yo'nalishdagina ilm olganmiz. Hozir ham madrasalarda o'quvchilarga diniy tushunchalarni o'qitamiz. Shu sababdan qizlarning madhiya haqida tushunchasi yo'q. Demak bu yo'nalishda o'qitish kerak, degan fikrga keldik. Davlat ramzlari va yozilgan qonunlar bo'yicha deyarli darslar o'tkazilmas edi. Zamonaviy bilim berishga endigina e'tibor qaratilayapti” – deydi madrasa xodimi.
Jalolobodda o'tkazilgan anjumanda O'sh, Botken va Jalolobod viloyatlari imomlari va mahalliy rasmiylari bilan bir qatorda madrasa o'quvchilari ham qatnashgan. Konferentsiyada diniy tushunchalarni to'g'ri yoyinlash muhokama qilingan.
Jalolobod viloyat qozisi Abdulaziz qori Zokirov so'zlariga ko'ra, tadbirda qatnashib, davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilgan “Oysha Siddiq” madrasasi qizlari orasida tushuntirish ishlari olib boriladi. U qizlar avvalari yirik tadbirlarga qatnashmagani sabab, bu kabi xatoga yo'l qo'yganlarini aytadi.
“Davlatimizning har bir fuqarosi, millatidan qat'i nazar vatanni sevishi va unga chin yurakdan xizmat qilib, davlat ramzlarini xurmat qilishi kerak. Madhiya yangrayotganda qizlarni o'z o'rinlaridan turmay qo'yishlari, ularni davlat ramzlari haqida tasavvurga ega emasliklari bilan bog'liq. Sababi bungacha o'tkazilgan tadbirlar Qur'on tilovoti bilan boshlanib, Qur'on tilovoti bilan yakunlanar edi. Yosh qizlar bu kabi yig'inlarga birinchi marta qantashayotganliklari sabab, xatoga yo'l qo'ydilar. Shuning uchun ularni to'g'ri tushunishimiz kerak. Bu yo'nalishda tushuntirish ishlarini olib boramiz” – deydi Abdulaziz Zokirov.
Anjumanda shahardagi “Imom A'zam” madrasasining talaba qizlari ham qatnashganlar.
“Davlat madhiyasi yangarayotganda, qizlar uni hurmat qilib o'rinlaridan turishlari kerak edi. Biz ham madhiya yangayotganda har doim o'rnimizdan turamiz. Bu qizlarni nega o'rinlaridan turishmagani sababini tushunmadik. Madrasalarda bu yo'nalishda o'qitilmasa-da, biz o'zimiz bilamiz,” – deydi “Imom A'zam” madrasasi toliba qizlaridan biri.
Bu orada “Oysha Siddiq” qizlar madrasasining rahbari Qaparbek Hoji Abdiqaliqov madrasaning o'quv bo'limi boshlig'i Sevara Xojashovani tarbiyaviy ishlarga etarlicha e'tibor qaratmagani uchun ishdan bo'shatgani ma'lum bo'ldi.
Qizlar madrasasi talabalarining bu harakatlari aholi orasida qizg'in bahslarga sabab bo'lmoqda. Kimlardir qizlarni ayblasa, boshqalar “madrasada Qirg'izistonni va uning ramzlarini hurmat qil, deb o'qitmasa, unda o'quvchilarda nima gunoh?”, “Qizlarni o'qitayotgan ustozlar, ularni qanday darslar o'tayotganini nazorat qila olmagan davlatda ayb” degan fikrlar yangramoqda.
Jalolobod viloyatida 625 masjid faoliyat olib boradi. Ulardan 547 masjid davlat ro'yxatidan o'tkazilgan bo'lib, qolgan 78 tasi qayd etilmagan. Yana 190 namozxona va 6 madrasa diniy ta'lim muassasasi qatori ro'yxatdan o'tgan. Hozirgi kunda madrasalarda 830 dan ortiq talaba tahsil oladi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, respublika bo'yicha 500 dan ortiq masjid ro'yxatga olinmagan bo'lsa-da, biroq ular bugungi kunda ishlamoqdalar.
- Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
- TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
- Instagram - BBC UZBEK
- Twitter - BBC UZBEK
- Odnoklassniki - BBC UZBEK
- Facebook - BBC UZBEK
- Google+BBC UZBEK
- YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
- Skype - uzbekbbclondon
- bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring






























