JONLI: Donald Tramp AQShning 45-prezidenti etib saylandi
AQSh saylovlarida respublikachi nomzod Donald Tramp demokrat Hillari Klinton ustidan g'alaba qozondi. Hillari Klinton xonim Trampga sim qoqib, uni g'alaba bilan tabrikladi. BBC O'zbek xizmati Amerikadagi prezidentlik saylovini jonli yoritib bormoqda.

Сурат манбаси, Reuters
AQShning 45 Prezidenti etib saylangan Donald Tramp kim o'zi? Mana bu videomizda u haqda balki siz bilmagan qisqacha ma'lumotlarni ko'ring.
G'olib Tramp O'zbekistonni ham tilga olgan va ularni Amerikaga kiritmaslikka chaqirgandi...
Donald Trampning bu da'vati 4 avgust kuni Portland shahrida yangragan.
Boshqa davlatlardan musulmonlarni Amerikaga kirishini taqiqlash g'oyasini eslarkan, janob Tramp ularni "terrorchilar", deb atagan.
Iroq, Suriya, Afg'oniston, Pokiston, Yaman, Somali va Marokash qatorida O'zbekiston va o'zbekistonliklar nomini ham tilga olgan...
Trampning O'zbekistonni ehtimoliy terrorchilar yetishtirib berayotgan davlatlar safiga qo'shishi ijtimoiy tarmoqlarda o'zbekistonliklarning g'azabnok munosabatlariga sabab bo'lgan.
Ammo bu - respublikachi nomzodning Amerika yangi prezidenti etib saylanmasidan avval, saylovoldi targ'ibot amaliyotlari chog'ida yangragan so'zlari edi.
Uning bundan keyingi tashqi siyosatini esa, har bir davlat tajribasida bo'lgani kabi, hali vaqt ko'rsatadi...Shunday emasmi?
Donald Tramp AQSh saylovlarida g'alaba qozongan ekan, Hillari Klintonga endi achchiq esdaliklar qoladigan.
Donald Tramp g'alaba qozonar ekan, uning shtabi olqishlarga to'la, Hillari Klinton shtabida esa ko'z yosh.
AQSh prezident saylovlarida Tramp g'olib
AQSh saylovlarida Respublikachi nomzod Donald Tramp demokrat Hillari Klinton ustidan g'alaba qozongan.
Shunday qilib Tramp AQShning 45-Prezidenti etib saylangan.
Hillari Klinton xonim Trampga sim qoqib, uni g'alaba bilan tabriklagan.
8 noyabrdagi ovoz berish natijalari e'lon qilinib, Donald Trampning g'alaba qozongani e'lon qilinar ekan, Respublikachi nomzod o'zining saylovoldi shtabida ma'ruza qilgan.
O'z nutqida Donald Tramp Amerika xalqini birlashishga chaqirgan.
"Men har bir amerikalikning prezidenti bo'laman", deb aytgan Donald Tramp.
13:40 Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Trampni g'alabasi bilan tabrikladi
Kreml matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko'ra, Prezident Vladimir Putin Donald Trampni AQSh prezidentlik saylovidagi g'alabasi bilan tabriklagan.
"Putin Rossiya-AQSh munosabatlarini inqiroz holatidan chiqarish, hamda xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarni hal qilish va global xavfsizlikning chaqiriqlari samarali javoblarni topish yuzasidan hamkorlikda ishlashga umid bildirdi", deyiladi Kreml matbuot xizmati tarqatgan xabarda.
AQShning qaysi shtatlari qaysi nomzod uchun ovoz berdi?

BBC O'zbek Xizmati AQSh saylovlarini jonli kuzatgan.
12:00: Amerika Qo'shma Shtatlari tarixidagi natijalarini oldindan bashorat qilish eng qiyin bo'lgan saylovlarda respublikachi nomzod Donald Tramp oldinda bormoqda.
11:51: AQSh Kongressi spikeri Pol Rayan Donald Trampni g'alabasi bilan tabrikladi.
Olmoniya Mudofaa vaziri Ursula foen der Yayayen Trampning saylovlarda etakchilik qilayotgani haqidagi xabardan "larzaga tushgani"ni aytdi.
Frantsiyaning ashaddiy millatchi "Milliy jabha" partiyasi rahbari Marin Le Pen ham Trampni g'alaba bilan tabriklagan.
"AQShning yangi Prezidenti Donald Tramp va Amerika xalqini tabriklayman, ozod xalq!" deb yozgan Le Pen Twitterdagi sahifasida.

Сурат манбаси, JULIO CORTEZ / AP
ABCning bashorat qilishicha, demokratlar vakillar palatasida aksariyat ko'pchilik ovozni ololmaydi.
Respublikachilar AQSh Kongressi ustidan nazoratni saqlab qoladi.
Muxbirlarimizga ko'ra, Klinton xonimning saylov shtabida tushkunlik kayfiyati hukm surmoqda.
Saylov natijalari katta ekranlarda e'lon qilinarkan, Klinton tarafdorlari ko'z yoshlarini tiyisholmagan.
Trampning saylov qarorgohida esa allaqachon bayram boshlangan.
Tramp Florida,Ohayo va Shimoliy Karolina shtatlarida, Klinton xonim esa Virjiniya va Nevada shtatlarida yetakchilik qilmoqda.
Nomzod g'olib bo'lish uchun 538 saylov hududidan 270 tasida aksariyat ovozlarini olishi kerak bo'ladi.
Alyaskadan tashqari barcha mintaqalarda ovoz berish jarayonlari nihoyasiga yetgan va saylov natijalari har onda e'lon qilinishi mumkin.
Ko'chmas mulk magnati bo'lgan 70 yoshli Tramp va AQShning ilk ayol prezidenti bo'lishi kutilgan 69 yoshli Klinton xonim seshanba kuni Nyu-York shahrida ovoz berishgan.
Har ikki nomzod ham saylov kechasini Nyu-Yorkdagi bir-biriga yaqin masofada joylashgan saylov qarorgohlarida o'tkazishadi.
BBC O'zbek xizmati Amerikadagi prezidentlik saylovini jonli yoritib boradi.
50 ta shtat va Vashinton okrugi oltita vaqt mintaqasi bo'ylab ovoz beriladi.

Toshkent vaqti bilan aksariyat hududlarda tong soat beshda saylov uchastkalari yopiladi.
BBC saylov natijalari taxminlari uchun Amerikadagi hamkori ABCning ma'lumotlariga tayanadi.
Natijalar Toshkent vaqti bilan ertalab soat 9 da ma'lum bo'la boshlaydi.
BBC O'zbek xizmati Amerikadagi prezidentlik saylovini jonli yoritib boradi.

Сурат манбаси, Getty Images
10'30 -ABC News ga ko'ra, Nevadada Klinton g'alaba qildi
Bu shtat azaldan respublikachilarga ovoz bergan. Ammo so'nggi demografik o'zgarishlar natijasida vaziyat o'zgargani aytiladi.
10'05 - Tramp hayratda qoldirmoqda

Сурат манбаси, Internet
Donald Tramp kutilganidan ko'ra yaxshiroq natijalarga erishmoqda. Tramp Florida va Ogayo kabi beqaror shtatlarda g'alaba qozondi. Ammo boshqa beqaror sanalgan shtatlardan hali natijalar ma'lum emas. Amerika tarixidagi eng ziddiyatli deb qaralayotgan bu saylovda qatnashganlarning soni ham yuqori bo'lgani aytilayotir.
09'51- Jorjiya shtatida ham Tramp g'olib - ABC News
Bu shtat 1996 yildan beri respublikachilarga ovoz berib kelgan.
09'40 - Ayova shtatida Tramp g'alaba qozondi - ABC News
09'38 - Vashingtonda ABC Newsga ko'ra, Hillari Klinton g'alaba qozongan

09'32 - Floridada Tramp g'olib
ABC News ga ko'ra, Donald Tramp Floridada ham g'alabaga erishgan.
09'28 - Donald Tramp Yuta shtatida g'alaba qildi, deb xabar beradi ABC News.
09'21 - Trampning ehtimoliy g'alabasi Osiyo bozorlarini larzaga soldi
Amerikaga Donald Trampning prezident bo'lishi ehtimoli Osiyo bozorlarida jiddiy xavotirlarga sabab bo'lgan. Hindiston birjasida hissalar narxi qariyb 4 foizga tushib ketgan. Avstraliya, Yaponiya, Hong Kong, Shanxay va Janubiy Koreya bozorlarida ham hissalar narxi tushgan.
09'14 - Oregonda Klinton g'alaba qilishi aytilmoqda
ABC News ga ko'ra, G'arbiy sohildagi bu shtatda Hillari Klinton g'alaba qiladi.
Ayni shtat 1988 yildan beri demokratlar nomzodiga ovoz beradi.
09'08 - ABC News : Shimoliy Karolinada Tramp g'alaba qozonishi mumkin

09'00 - 2 shtat Klintonga, 1 shtat Trampga ovoz berdi
ABC News natijalariga ko'ra, Kaliforniya Klinton xonimga ovoz bergan.
Gavayida ham Klinton g'olib.
Donald Tramp esa Aydahoda g'alaba qildi.
08'41 - Klinton Kolorado shtatida g'alaba qilgani aytildi

Сурат манбаси, Getty Images
Bu shtatda g'alaba Klinton uchun to'qqizta saylov ovozini olib keladi.
08'35 - Klinton Virjiniyada g'alaba qozongani aytildi
08'25 - ABC News ga ko'ra, Ogayo shtati Trampga ovoz beradi
Ogayo odatda Ikkinchi Jahon urushi davridagidan tashqari doim g'alaba qozonadigan prezidentga ovoz berib kelgan...
08'10 - Nyu Meksiko Klintonga, Missuri Trampga
ABC News natijalariga ko'ra, Nyu Meksikoda Klinton g'alaba qiladi. Bir paytlar beqaror sanalgan bu shtat so'nggi saylovlarda demokratlarga xayrihoh bo'lib kelgan. Ispanzabonlar yashaydigan ayni hududda aksariyat demokratlarga ovoz berishi ma'lum.
Missuri esa Trampga ovoz berishi kutilmoqda. O'tgan to'rtta saylovda ham Missuri respublikachi nomzodlarga ovoz bergan.
08'03 - Rossiyaliklar Tramp g'alaba qilishini istashadimi?

Bi-bi-si muxbiri Stiv Rozenbergga ko'ra, Moskvada ko'pchilik Donald Trampning g'alabasi qilishini istaydi. "Moskvaliklardan biridan Trampning ayollarga munosabatidan tashvishdamisiz deb so'ralganida, u "yo'q, axir men rusman", deb javob bergan.
07'55 - New York Times Tramp 53 foiz bilan g'alaba qilishini bashorat etdi
Ammo beqaror sanalgan shtatlardan keladigan natijalar hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.
07'44 - Klinton va Tramp poygasi qizg'in

Сурат манбаси, Reuters
Ayrim tahlilchilar, Klinton xonim Floridada g'alaba qozonsa, marraga ertaroq etib keladi, deb aytishgan edi.
Ammo hozirga qadar Tramp ilgariroq bormoqda. Hali Jorjia kabi muhim shtatlardan natijalar yo'q. Aftidan hali-beri g'olib aniqlanmaydi.
Saylov natijalarini jonli - bbcuzbek.com va BBCUZBEK Facebook sahifasida kuzating!
07'35 - ABC News tarmog'i Donald Tramp Luizianada g'alaba qozonadi demoqda
O'tgan to'rt prezidentlik saylovida Luiziana shtati respublikachi nomzodga ovoz bergan. Ammo 1992 va 1996 yillarda Bill Klintonni dastaklagan edi.
07'16 - Klinton Konnektikutda g'alaba qildi
ABC ekzit natijalariga ko'ra, azaldan demokratlarniki bo'lgan Konnektikutda Hillari Klinton g'alaba qilgan.
07'00- Yana 6 shtat Trampga, 1 ta shtat Klintonga ovoz berdi
ABC ekzit natijalariga ko'ra, Klinton xonim o'zining Nyu York shtatida g'alaba qiladi. Tramp esa Texas, Kanzas, Shimoliy Dakota va Vayomingda g'alaba qilishi kutilmoqda. Tramp shuningdek, Nebraskada ham yutishi mumkin.
06'51 - Respublikachilar Vakillar palatasida nazoratni saqlab qoladi
ABC tarmog'iga ko'ra, respublikachilar ko'pchilik maqomini saqlab qolishadi. Ular Senatda ham shunday mavqeini saqlab qolish uchun kurashmoqda.
06'26 - Alabama ham Trampga ovoz berishi kutilmoqda
ABC News ga ko'ra, azaldan respublikachilar istehkomlaridan biri bo'lgan Alabama Donald Trampga ovoz beradi.
06'19 - Tramp Tennesi va Janubiy Karolinada g'alaba qozonmoqda

Tennesi Bil Klinton davri tugaganidan beri respublikachilarga ovoz beradi.
ABC News ekzit so'rovlariga ko'ra, bu gal ham istisno bo'lmasligi mumkin. Janubiy Karolina esa Trampga ovoz berdi.
06'00 - ABC ning so'nggi natijalari - Klintonga ettihudud, Trampga ikki hudud
ABC News ekzit natijalariga ko'ra, Nyu Jersi, Kolumbiya okrugi, Massachusets, Delavar, Illinoys va Rod Aylend Klintonga ovoz bergan.
Tramp esa Missisipi va Oklahomada muvaffaqiyat qozonishi kutilmoqda.
05'30 - G'arbiy Virjiniya Trampga ovoz berishi kutilmoqda

ABC News tarmog'iga ko'ra, G'arbiy Virjiniya Donald Trampni tanlashi mumkin.
G'arbiy Virjiniya 2000 yildan beri respublikachilarga ovoz beradi.
2012 yilda respublikachilar bu mintaqada yana ham mavqelarini mustahkamlab olishgan.
Ko'mir ishlab chiqaradigan shtat bu gal ABC News ga ko'ra, Donald Trampga ovoz berishi mumkin.
Ogayo va Shimoliy Karolinada ovoz berish jarayoni to'xtatilgan.
05'22 - Trampda "qo'rquv faktori" bor
Donald Tramp Hillari Klintonga nisbatan amerikaliklar yuragiga ko'proq qo'rquv solar ekan. ABC news ekzit natijalarni tahlil qilar ekan, shunday qarorga kelgan. Bu ayniqsa ayollar orasida yaqqol ko'zga tashlanadi. So'rov natijalariga ko'ra, ayollarning 43 foizi, erkaklarning 31 foizi Donald Trampning prezident bo'lishidan qo'rqishadi. Ammo ayollarning 22 foizi Klinton xonim yutsa, xursand bo'lishlarini aytishgan. Erkaklarning 12 foizi ham shunday fikrda.
05'00 - Ilk natijalar

Сурат манбаси, Empics
05'00 - Ilk natijalar
ABC News taxminiy natijalari:
Kentukki Trampga ovoz beradi. Bu mintaqa 1976 va 1992 yilgi saylovlardagina demokratlarga ovoz bergan.
Vermontda esa Klinton g'alaba qozonishi kutilmoqda.
Indiana Trampga ovoz berishi taxmin qilingan.
Ovoz berish jarayoni Jorjia, Janubiy Karolina, Virjiniyada to'xtatilishi kutilmoqda. Ammo navbatda turganlar bo'lsa, ular uchun saylovda ovoz berish jarayoni to'xtatilmaydi.
04'22 - Kaliforniyada otishma ovozi
Kaliforniyaning Azusadagi saylov uchastkasi yopib qo'yilgan. Sal avval yaqin atrofda otishma ro'y bergani aytilmoqda.
CNN ga ko'ra, ikki kishi yaralangan.
Azusa politsiyasi idorasidan Jerri Villisonga ko'ra, otishma mahalliy vaqt bilan soat 14:00 da ro'y bergan.
Ayrim xabarlarga ko'ra, bir kishi qurbon bo'lgan.
04'18 - Klinton xonim Manhettendagi mehmonxonaga keldi
BBC muxbiri Regan Morris Klinton xonim tunni o'tkazishi rejalangan mehmonxonaga kelganini ko'rgan.
Bu mehmonxona Trump Tower ga yaqin bo'lganidan politsiya Manhettenning bir qismini yopib qo'ygan.
03'39 - Amerikaning ABC News tarmog'i ilk ekzit natijalarni e'lon qildi.
Ularga ko'ra, "ilk natijalar vaqt o'tishi bilan o'zgarishi mumkin".
Ayrim raqamlarga e'tibor berilsa, amerikalik saylovchilar ikkala nomzodga ham to'la xayrihohlik ko'rsatishmagan. Nomzodlarning samimiyligi va ishonchga loyiqligi savol ostiga olingan.
02'40 - Bush Klinton uchun ovoz berdimi?

Сурат манбаси, Getty Images
Washington Examiner bilan suhbatda konservativ radio boshlovchi Rash Limbau "Menga aytishlaricha, Jorj va Laura Bushlar Hillari Klintonga ovoz berishdi", deb aytgan.
02'27 - Google qidiruvida nomzodlar teng darajada

Сурат манбаси, Google screen
Amerikaliklar Google dan nimalarni qidirishmoqda?
Google ga ko'ra, Tramp va Klinton bir xil darajada, ammo Tramp nomi sezilmas miqdorda ko'proq qidirilmoqda.
O'tgan bir necha soatlar ichida Trampning nomini qidirish 11 shtatda Klintonni ortda qoldirgan.
Alyaska, Jorjiya, Gavayi va Vermontda esa Klinton Trampdan o'zib ketgan.
Saylovga aloqador qidirilayotgan savollar:
1)Agar maktub orqali ro'yxatdan o'tgan bo'lsam, saylov uchastkasida ovoz bersam bo'ladimi?
2)O'zim ro'yxatda bo'lmagan uchastkada ovoz bersam bo'ladimi?
01'11 - Tramp saylov bu tun tugamasligi ehtimolini "bashorat" qildi
Donald Tramp Fox News televizioni tomonidan ikkiga bo'lingan mamlakatni qanday qilib birlashtirish haqida so'ralganida "bizga ish o'rinlari kerak, chunki ish o'rinlari avvallari misli ko'rilmagan shaklda o'g'irlanmoqda", deb javob bergan. O'tgan 15 yil davomida "qanchalab zavod-fabrikalar yopilganini" u "aql bovar qilib bo'lmas", deb ta'riflagan.
Saylovlar bu tun yakun topishi va yoki davom etishiga doir savolga javoban u "men nimalar bo'lishini ko'rishim kerak... Eski, qog'oz byulletenlar bilan ovoz berish juda yaxshi edi. Ularni kimdir soxtalashtishi haqida xavotirga tushmas edik. Hozir xavotirlanadigan holatlarimiz muqaddam yo'q edi", deb aytgan.
01'03 - Nevada hakami Trampning arizasini rad etdi
Nevada hakami Donald Tramp tomonidan to'rt saylov uchastkasiga qarshi mahkamaga tortish arizasini qondirmagan.
Trampning jamoasi mahalliy mulozimlarni asosan ispanzabonlar yashaydigan mintaqalarda saylov uchastkasi yopilganidan keyin ham odamlarning navbatda turishiga ruxsat berganlikda ayblagandi.
Ispanzabonlar esa odatda demokratik partiya nomzodiga ovoz berib kelishgan, Tramp esa ularning dastagini qo'lga kiritolmagan.
00'24 - "Ovoz bering!" - Makkeyn

Сурат манбаси, Twitter
Arizona senatori Jon Makkeyn amerikaliklarni ovoz berishga, saylovda ishtirok etishga chaqirgan. Respublikachi Makkeyn avvaliga Donald Trampni dastaklagan, keyin esa unga qarshi chiqqan edi.
00'13 - "Uni yomon ham mag'lub qiling"

Сурат манбаси, Twitter
Bundan chaqiriq bilan Klinton xonimning praymaridagi raqibi Berni Sanders chiqqan. U Trampni "yomon ham" mag'lub qilishga da'vat qilmoqda. Vermontlik senatorga ko'ra, "Donald Trampga milliarderlar sinfi, katta korporatsiyalar uchun to'lash vaqti kelganini aytish uchun vaqt yetilgan".
Kim g'alaba qozonganini qanday bilamiz?
2016 yil prezident saylovining natijasi Toshkent vaqti bilan soat 9 - 10 orasida aniq bo'ladi.
Odatda yutqazgan nomzod o'z raqibiga telefon qilib tabriklaydi, mag'lubiyatni tan oladi.
Ammo har bir nomzod teng 269 tadan ovoz olishi ham mumkin.
Unda AQSh kongressining vakillar palatasi prezident tayinlaydi.
Agar farqlar juda oz bo'lsa, unda ovozlar qayta sanalishi va eng so'nggi byulletengacha qayta tekshirilishi mumkin.
Bu esa ancha vaqt olishi mumkin.
Rossiya matbuoti nimalarni yozmoqda?

Сурат манбаси, Internet
Rossiya jamiyatida AQSh prezidentlik saylovlariga juda katta qiziqish bilan qarashmoqda. Rasmiy ommaviy axborot vositalarida, xususan Kremlga qarashli telekanallarida Amerika saylovlari mavzusi alohida o'rin olgan.
Ba'zi mahalliy kuzatuvchilarning aytishlaricha, butun holat "xuddi amerikaliklar emas, balki ko'proq rossiyaliklar Amerika prezidentini saylayotgandek ko'rinadi".
BBC muxbiri Stiv Rozenberg bugun chop qilingan Rossiya ro'znomalarining qisqa sharhida, butun dunyo kabi Rossiya ham saylov natijalarini intizorlik bilan kutayotgani haqida yozadi.
8 noyabrda chiqqan aksar Rossiya gazetalarida Hillari Klinton Donald Tramp ustidan g'alaba qozonishi mumkin degan maqolalar chop etilgan.
Biroq "Komsomolskaya pravda" fitna haqida so'z yuritadi. Uning sarlavhasi - AQSh rahbari saylanmaydi, u maxsus bir siyosiy oqim orqali tayinlanadi. Maqolaga ko'ra, jahon bo'ylab demokratiyani tajovuzkorona yoyayotgan Amerika elitasi Hillari Klinton g'alaba qozonishi uchun imkon qadar urinmoqda. Maqolada da'vo qilinishicha, ushbu elita neokon va liberal bosqinchilardan iborat. Gazeta Amerika bo'yicha mutaxassisga iqtibosan, "Klinton bizni yadro raketalari bilan qurshovga oladi va Tramp Qrimni Rossiyaning qismi deya rasman tan oladi", deb yozgan. Uning tushuntirishicha, Klintonga kuchli Moskvaning keragi yo'q. U, "chegaralarimizga yaqin joyda raketalarni joylashtirib, AQSh Rossiyaning ichki ishlariga bosim o'tkazadi", deydi.
"Bu absurd va haqiqatga yaqin emas, faqat aqldan ozgan kishi bunga yo'l qo'yadi - deydi AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Maykl Makfol Kommersant ro'znomasiga bergan intervyusida. Unga ko'ra, agar Hillari Klinton prezidentlikka erishsa, o'zaro munosabatlarning yangi pog'onaga chiqish uchun imkoniyat yuzaga keladi. Biroq, faqat Putin o'z siyosatini o'zgartirsa , deb yakunlagan Makfol.
Agar Donald Tramp prezidentlik poygasini yutsa, o'zaro aloqalar yaxshilanadimi? "Nezavisimaya gazeta", Rossiya tashqi siyosati bo'yicha hisobotga tayanib, "tahlilchilar bunday o'ylashmaydi", deb yozgan.

































