O'zbekistonda AES qurish fursati etdimi?

Сурат манбаси, BBCUZBEK.COM
Qish yaqinlashib, O'zbekistonning aksar hududida elektr toki va gaz ta'minoti uzilishlari ham boshlandi.
Noyabr boshida mahalliy matbuot Xorazm viloyatida yangi yuqori voltli elektr uzatish liniyasi qurilishi boshlangani haqida xabar tarqatdi.
Osiyo Taraqqiyot bankining moliyaviy ko'magini ham o'z ichiga olgan 225 million dollarga baholanayotgan yirik loyihaning 2020 yilga borib yakunlanishi, Taxiatosh stantsiyasini ta'mirlash hisobiga 364 kilometr masofaga elektr uzatish rejalashtirilganini xabar qilgan "O'zbekenergo" shirkati.
Xo'sh, bu yangi loyiha O'zbekiston bugun duch kelgan o'tkir muammo - mamlakat iqtisodiyoti va aholining tobora ortib borayotgan elektr energiyasiga bo'lgan ehtiyojini qondira oladimi?
Jahon Bankining ma'lumotlariga qaraganda, O'zbekistonda elektr quvvati iste'moli 1990 yildan buyon muntazam pasayib kelmoqda.
1990 yilda yillik elektr elektr energiyasining iste'moli aholi jon boshiga 2383 ming kilovatt/soatni tashkil etgan bo'lsa, Jahon Banki 2013 yili bu raqam 1637 ming kilovatt/soatga tushganini aytadi.
"O'zbekenergo" hisoboti bo'yicha har yili 55 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilayapti.
Buning qariyb 6 milliardi GESlardan, qariyb 50 milliardi issiqlik elektr stantsiyalaridan olinayapti, deydi "O'zbekenergo".
"O'zbekenergo" mamlakatda har bir oilaning bir oyda foydalanadigan elektr quvvati miqdori ham oshib borayotganini, eng so'nggi ko'rsatkichlar oyiga 160 kVt/soatni tashkil etganini aytadi.
O'zbekenergoning abgor ahvoli

Сурат манбаси, worldbank.org
Hukumat sa'y-harakatlariga qaramasdan, yaqin yillarda elektr quvvati ishlab chiqarishni salmoqli ko'paytirishga erishish mushkul ish bo'lib ko'rinadi.
Chunki Osiyo Taraqqiyot banki tahlillariga ko'ra, O'zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqaradigan stantsiyalarning yoshi 40-50 yilni tashkil etadi va bu stantsiyalar mustaqillik yillarida jiddiy ta'mirlanmaganlar.
O'zbekistonning tabiiy gaz, ko'mir yoki mazutni yoqib elektr ishlab chiqaradigan 10 ta Issiqlik Elektr stantsiyasi va 28 ta GESi bor.
Bu stantsiyalar 55 milliard KVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va O'zbekiston shuncha elektr quvvatining deyarli hammasini iste'mol qiladi.
Elektr stantsiyalari ishlab chiqargan quvvat 14 mintaqaviy tarqatish markazlari orqali hududlarga tarqatiladi.
Uzatish tizimi eskirgani elektr quvvatini tarqatishda texnologik yo'qotishlarga olib keladi, birmuncha elektr energiyasi foydalanilmasdan sarf bo'lib ketadi.
O'zbekistondagi elektr ta'minotining asl ahvoli esa Bosh vazir, prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoevning saylovoldi dasturida mana bunday ta'riflandi:
"...mamlakat bo'yicha 67 foiz past kuchlanishli elektr tarmoqlari eskirgan bo'lib, transformator punktlari zo'riqib ishlamoqda".
"Dastur doirasida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish, 25 ming 300 kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish va rekonstruktsiya qilish, 5 ming 600 ta eskirgan transformator podstantsiyasini almashtirish nazarda tutilmoqda", deb aytgan prezidentlikka nomzod.
Demografik va gidrobosimlar

Сурат манбаси, FERGHANANEWS.COM
O'zbekiston rasmiylari mamlakat elektr stantsiyalari 56-57 milliard KVt/soat elektr ishlab chiqarish imkoniyatiga ega ekanini aytsalar-da, tahlilchilar "O'zbekenergo" tizimi ta'mirga muhtojligini nazarda tutib, bu raqamni shubha ostiga oladilar.
Aholi sonining ortib borayotgani ham elektr energiyasi ishlab chiqarishni yanada ko'paytirishni taqozo etmoqda.
Shu yil 26 oktyabrida O'zbekiston Statistika qo'mitasi respublika aholisining soni qariyb 32 millionga etgani xabarini tarqatdi.
Mintaqani suv bilan ta'minlaydigan Qirg'iziston va Tojikiston tog'laridagi ko'p ming yillik muzliklar erib ketayotgani haqidagi tashvishli xabarlar tarqalayotganiga ancha bo'ldi, buning ustiga bu ikki qo'shni davlat suvni siyosiy bosim vositasiga aylantirishga qaror qilganlar.
Qirg'iziston Qambarota, Tojikiston esa Rog'un GESlari qurilishlariga kirishganlar.
Moliyalash bilan bog'liq muammolar Qambarota GESlari qurilishini to'xtatib turibdi, O'zbekistonning ko'p yillik qarshiligi ham sabab bo'lib to'xtatib qo'yilgan Rog'un qurilishi yaqinda yana qayta yo'lga qo'yildi.
Mana shu jihatlarini e'tiborga olib qator tahlilchilar, mintaqa uchun barqaror elektr ta'minoti manbasi tinch atom, degan g'oyani ilgari surayotganlariga ancha bo'ldi.
Shunday tahlilchilardan biri O'zbekistonning sobiq neft va gaz vaziri Anvar Husainov.
U, O'zbekistonning o'zi AES barpo etish taklifi bilan chiqishi lozim, deb hisoblaydi.
"Ana shunda O'zbekiston butun mintaqaga arzon elektr energiyasini eksport qilishga ham qodir bo'ladi", deydi Anvar Husainov.
2014 yil yozida O'zbekiston hukumati Aydarko'l yaqinida atom elektr stantsiyasini barpo etishni rejalayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi.
Biroq "O'zbekenergo" shirkati bu xabarlarni haqiqatga to'g'ri kelmaydi, deya rad etdi.
Tahlilchilar O'zbekistonning atomdan elektr energiyasi ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishi uchun imkoniyatlari ko'p ekanini urg'ulashadi.
Eng asosiysi, O'zbekistonning o'zining urani bor.
O'zbekiston dunyoda eng ko'p uran qazib oladigan mamlakatlar ro'yxatida ettinchi o'rinda turadi.
Jahondagi jami uranning 4,3 foizini O'zbekiston etkazib beradi.

Сурат манбаси, BBCUZBEK.COM
Qo'shni Qozog'iston esa birinchi o'rinda, u dunyo uranining 41 foiziga egalik qiladi.
Hozir jahonda 436 yadro reaktori elektr ishlab chiqaryapti.
Atom elektr stantsiyasi qurish bo'yicha 4 mamlakat katta tajribaga ega. Bular - Rossiya, Xitoy, Frantsiya va Kanada.
Qaysi mamlakat mutaxassislari AESni barpo etishsa, ular unga texnik xizmat ham ko'rsatishadi.
Ammo Yaponiyadek texnologik ilg'or mamlakat ham AES xavfini butkul bartaraf etishning uddasidan chiqolmadi, AES 40-45 yil ishlatilganidan keyin undan qutulish muammosi ham jiddiy.
Serquyosh O'zbekiston quyoshidan qachon foydalanamiz?

Сурат манбаси, AP
Butun dunyoda qayta tiklanadigan energiya manbalarining yangi va yangi turlari faol izlanmoqda.
O'zbekiston uchun shamol parraklaridan energiya olish mumkin bo'lgan joylar kam hisoblanadi.
1 yilning 365 kunida O'zbekistonda quyoshli kunlarning soni 320 kundan ziyodni tashkil etadi va shuning uchun ham mamlakatda quyosh elektr stantsiyalariga e'tibor qaratilmoqda.
2016 yil aprelida Buxoro viloyatida quvvati 1,2 mVtli mobil quyosh elektr stantsiyasi ishga tushirilgani xabar qilindi, bu stantsiya aholisining soni 1,5 ming bo'lgan qishloqni uzluksiz elektr bilan ta'minlashga qodir ekani aytildi.
Rasmiylar Samarqand, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida ham quvvati 100 mVtli quyosh elektr stantsiyalarini 2020 yilgacha barpo etish rejalashtirilganini aytadilar.
Biroq hozircha quyosh energetikasi ilmiy-texnologik ilg'orlikni talab qiladi va qimmatga tushadi.
Nega O'zbekistonda ehtiyoj ortib borayotganiga qaramasdan, mavjud elektr ishlab chiqarish stantsiyalari ta'mirlanmadi, yangilari qurilmadi mustaqillik yillarida? O'zbekistondagi "Uzmetronom" veb-sayti Bosh muharriri Sergey Ejkov ushbu vaziyatni yaqindan biladigan va bu mavzuda o'z veb-saytida qator tahliliy maqolalar e'lon qilgan jurnalistlardan biri. Yuqoridagi savol bilan BBC Sergey Yejkovga murojaat qildi.
Sergey Yejkov: Gapni shundan boshlashim kerakki, "O'zbekenergo" mamlakat iqtisodiyoti uchun mas'ul tashkilotlar orasida eng korruptsiyaga botgani bo'lgan. Energetika korruptsiya rivojlangan tizimlardan hisoblangan. "O'zbekenergo"ning tarkibida uskuna va jihozlar, ularni etkazib berish bilan shug'ullangan firmalarning soni shu qadar ko'pki... Bu shirkatlarni aylanib o'tib hech ish qilish mumkin emas. Men bu mavzuda ko'p yozganman. "Oldi-berdi" ishlari bir zamonlar Bosh vazirning o'rinbosari bo'lgan odamning "krishasi" ostida qilib kelingan. Keyinroq bu odamni ishdan olishdi, aytishlaricha, u hozir kasaba uuyushmalaridan biriga rahbarlik qilayotgan emish. Bir vaqtlar Yaponiya 300 million dollar atrofida kreditni O'zbekistonga ajratgani xabar qilindi. Bu kredit ToshGRESni qayta ta'mirlashga mo'ljallangan edi. Bu kredit o'zlashtirilmagan. O'zlashtirilmagani uchun janjal kelib chiqqan. Katta janjal bilan kreditni qaytarishga to'g'ri kelgan. Lekin shuni aytishim mumkinki, bunday holat yagona emas. Agar e'tibor bergan bo'lsangiz, amaldagi Bosh vazirning prezidentning vakolatlarini qo'lga kiritganidan keyingi qilgan birinchi ishi - Angrenga bordi. Keyin Sirdaryoga bordi. Ya'ni, u birinchi bo'lib muhim energoob'ektlarni borib ko'rdi. Chunki bu energetika inshootlarining har biri davlatning birinchi odamining shaxsiy e'tiborini talab qiladi. Chunki sovuq tushishi bilan odamlarimiz bir necha sutkalab elektr yorug'isiz o'tirishadi. Men issiqlikni tilga ham olayotganim yo'q. Biri bo'lmaganidan keyin ikkinchisi ham bo'lmasligi hammaga ma'lum. Bugunga kelib bu muammo shu qadar dolzarb muammoga aylandiki, Shavkat Mirziyoev o'z ishini energetikadan boshlamasligining iloji qolmadi. E'tibor bergan bo'lsangiz, uning birinchi bo'lib lavozimidan bo'shatgan rahbarlaridan biri "O'zbekenergo" rahbari bo'ldi. U erga qo'yilgan yangi rahbarga esa "tozalash" topshirig'i berilgan. Ya'ni, bu rahbar yashirin sxemalarni, toza bo'lmagan shartnomalarva hokazolarni aniqlab topishi talab qilinadi. Shuning uchun men Bosh vazir to'g'ri yo'nalish tanladi, degan fikrdaman. Zotan, u ahvolni boshqalardan ham ko'ra yaxshiroq biladi. E'tibor bering, mustaqillikning 25 yili mobaynida O'zbekiston birorta ham qo'shimcha energoinshoot barpo etmadi. O'zbekiston faqat Sovet Ittifoqining merosi evaziga yashab keldi.
BBC: Ammo shunday bo'lsa ham ma'sul rahbarlar vaziyat haqida respublika rahbariyatini xabardor etmagan, kamchiliklar oldini olish yoki tobora o'sib borayotgan ehtiyojni qondirish yo'lida chora ham ko'rilmagan. Shundaymi?
Sergey Yejkov: Kimga xabar berish kerak edi? Prezident Islom Karimovgami? Prezidentga doimo "bizda hammasi yaxshi, mamlakat katta tezlikda buyuk kelajak sari bormoqda," deya hisobot berib kelganlar.
BBC: Sovuq kunlar tushishi bilan poytaxt Toshkentda ham bir necha soatga elektrni uzib qo'yish boshlandi. Ya'ni, avval viloyatlarda muntazamlik kasb etgan ahvol hozirga kelib poytaxtda ham ko'zga tashlana boshladi...
Sergey Yejkov: Men o'ylaymanki, bu qishda ham ma'muriy yo'llar bilan, ma'muriy bosim o'tkazish yo'li bilan elektr ta'minotini nisbatan ko'ngildagidek "ushlab turish"ning uddasidan chiqadilar. Biroq ahvolni faqat yangi energetika inshootlarini ishga tushirish bilangina tubdan o'nglash mumkin. Mamlakat rivojlanishi uchun eng zarur narsa - bu energetika. Mana yaqinda bizning shonli ro'znomalarimiz yozishdi: "sanoat korxonalarimiz elektr energiyasini tejay boshladilar, sanoat korxonalarimiz elektr quvvatini kam iste'mol qilayaptilar" deya. O'zbekiston sanoat korxonalarining kam elektr energiyasi sarflaganlarining asosiy sababi shuki, sanoat korxonalarining sonining o'zi kamayib ketdi. Yoki ularni elektr ta'minotidan uzib qo'yganlari uchun kam elektr iste'mol qilishga majbur bo'lganlar. Yana shuni ham qo'shimcha qilish kerakki, "O'zbekenergo" eng ko'p talon-tarojlik kuzatiladigan soha hisoblanadi. mana bir misol, bir tumanda ishlaydigan tuman elektr ta'minoti korxonasining oddiy nazoratchisi 1 yilda yangi avtomobil sotib ololgan. Ko'rayapsizmi? Oddiy maoshga ishlaydigan bir RES inspektori 1 yilda mashina xarid qilishga qodir. Bu Toshkentda emas, viloyatlarda. Ana shundan kelib chiqib, bu tizimdagi elektr energiyasini o'g'irlash, davlat mablag'ini o'g'irlash miqyosi naqadar kattaligini tasavvur qilavering.
BBC: Rasman O'zbekiston yiliga ishlab chiqaradigan 55 mlrd kVt/soat elektr energiyaning 6 milliardini GESlar, qolgan 50mlrd kVt/soatga yaqinini esa issiqlik elektr stantsiyalari ishlab chiqarar ekan. Mana hozir O'zbekiston xorijga ham gaz sotayapti. Yangi issiqlik elektr stantsiyasi qurish uchun yana gaz zarur. Siz soha mutaxassislari bilan gaplashganmisiz? Ular O'zbekistonni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash uchun nima qilish kerak, deb hisoblashadi?
Sergey Yejkov: Chindan ham GES elektr ishlab chiqarishda eng quvvatsizi hisoblanadi. Bizda GESlar kam. Shuning uchun ham O'zbekistonda elektr energiyasining asosiy bazasi avval mazut, keyin tabiiy gaz bo'lib kelgan. GESlarimiz asosan 50 MVt, eng yiriklari 300 MVt elektr ishlab chiqarishga qodir. Shuning uchun ham ayrim mutaxassislar O'zbekistonning istiqbolini dunyoning boshqa mamlakatlari singari atom energetikasida ko'radilar. Bizda atomdan juda-juda qo'rqishadi. Xavotirlanishga asos ham bor. Atom elektr stantsiyasini yurg'izish uchun juda yuqori malakali xodimlar va sanoat madaniyatining umumiy yuqori darajasi talab qilinadi. Bizda afsuski, ikkisi ham yo'q. AES - arzon elektr va juda qudratli elektr stantsiyasi deganidir. Biz hozir gapirayotgan quyosh elektr stantsiyalarining bir kilovat soat elektr quvvatini ishlab chiqarish tannarxi juda qimmatga tushadi. Agar xato qilmasam, mazutda ishlaydigan elektr stantsiyasi ishlab chiqargan elektrdan 17 baravar qimmat bo'ladi. Quyosh elektr stantsiyasining quvvati ham katta bo'lmaydi. Shuning uchun ko'plab mutaxassislar aytishadi: atom energetikasi O'zbekiston uchun yagona yo'l. Shuning uchun O'zbekistonda atom elektr stantsiyasini qurish haqida hozirdanoq o'ylashni boshlash kerak. Ammo biz esa Islom Abdug'anievichning zamonidan boshlab atomdan juda qo'rqamiz.
Siz bu haqda nima deb o'ylaysiz?
Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.
ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek ёки BBCUZBEK
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook- BBC UZBEK
Google+ BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio
bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.
































