Musulmon ulamolari Rossiyaga qarshi

Владимир Путин
Published

Rossiyaga qarshi mavqe' bilan kutilmaganda qo'shni Afg'onistondagi o'nlab musulmon ulamolari chiqishgan.

Ular poytaxt Kobulda, hatto, xos yig'in uyushtirib, Rossiya va Amerikadan Afg'onistonni o'z manfaatlari yo'lida o'zaro raqobat maydoniga aylantirmasliklarini so'rashgan.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko'ra, bunaqasi Afg'onistonda sobiq Sho'rolar Ittifoqi ishg'oli yakun topgan o'tgan 30 yilcha vaqt davomida kuzatilmagan.

Kobuldagi yig'in ishtirokchilari esa, shundoq ham kechayotgan urushlar afg'on xalqi boshiga tushgan ulkan falokat ekanini aytib, Tolibon bilan tinchlik jarayoniga o'zlari - ulamolarni jalb etishlarini so'rashgan.

Eng qizig'i, Kobuldan muxbirimiz Fazl Ahmad Yolg'uzning aytishicha, yig'inga yaqin-yaqingacha o'zining tolibonparastligi bilan tanilib kelgan "Islomiy inqilob harakati" partiyasi boshchilik qilgan.

O'nlab musulmon ulamolarining bu kabi da'vati esa, Rossiyaning Afg'oniston Tolibon harakati bilan yaqinlashib borayotgani va rasmiy Moskva "Hizbi Islomiy" partiyasi rahbari, "vahshatnok" mujohiddin qo'mondoni Gulbiddin Hikmatyorning Birlashgan Millatlar Tashkiloti "qora ro'yxati"dan chiqarilishiga ro'yxushlik bermaganiga oid xabarlar manzarasida yangramoqda.

Gulbiddin Hikmatyor va "Hizbi Islomiy" partiyasining qurolli qanoti afg'on hukumati o'tgan 15 yil ichida tinchlik bitimini imzolashga muvaffaq bo'lgan mintaqadagi birinchi jangari guruhi bo'lgan.

Tomonlar o'rtasida o'tgan yil sentyabr oyida imzolangan kelishuv afg'on hukumati qolib, ham AQSh va ham Nato tomonidan xush qarshilangan, yangi hujjat qolgan qurolli guruhlar bilan ham sulhu madora jarayoniga yo'l ochishiga oid umidlarni paydo qilgandi.

Ammo bu bitim amaliy ijrosining shartlaridan biri - aynan Gulbiddin Hikmatyorning Birlashgan Millatlar Tashkiloti "qora ro'yxati"dan chiqarilishi bo'lgandi.

Afg'onistonda Tolibon harakati, "al-Qoida", "Haqqoniy" tarmog'i va IShID doxil turfa maqsadlarni ko'zlagan o'ndan ortiq jangari guruhlarning qurolli hozirliklari borligi aytiladi.

Kim nima deydi?

Гулбиддин Ҳикматёр

O'z vaqtida Afg'oniston Bosh vaziri bo'lgan, o'tgan asrning 80-yillari boshlarida Afg'onistondagi Sho'rolar ishg'oliga qarshi kurashda Amerika tomonidan ham dastaklangani aytilgan Gulbiddin Hikmatyor esa, yaqin-yaqingacha sharoitga qarab, afg'on tuprog'ida jang qilayotgan bu guruhlardan eng yiriklarining qalin ittifoqchisi sifatida ham ko'rilgan.

Rasmiy Kreml Gulbiddin Hikmatyor bilan bog'liq o'zining so'nggi qarori sababini rasman ochiqlamagan, Afg'oniston Tolibon harakati bilan aloqalarini mustahkamlayotganiga oid xabarlar yuzasidan esa, shu paytgacha bir-biriga zid bayonotlar berib kelmoqda.

Bularning barchasiga qo'shimcha, "Rossiya tomoni toliblarga, hatto, qurol-yarog' yetkazib berishni ham boshlaganmish", degan da'volar manzarasida rasmiy Moskvaning bugungi niyatlari faqat IShID xavfining oldini olish bilan bog'liq emasligi, ular shundoq ham urushlar girdobidagi Afg'onistonda xuddi Ukraina yoki Suriyadagisi kabi AQSh bilan bilvosita raqobatga kirishish rejasida, ekanliklariga oid xavotirlar ham paydo bo'lgan.

"Bilasizmi, buning sababini tushuntirish juda qiyin. Chunki siyosatshunoslik nuqtai nazaridan, jiddiy ekspertlar nuqtai nazaridan Rossiyaning ko'pgina harakatlarini tushunish juda qiyin. Buning psixologiyasini anglash uchun ruhshunosni taklif qilsa bo'ladi. Chunki Rossiya hozir juda ham alamzada", - deydi, jumladan, Toshkentdan siyosiy tahlilchi Anvar Nazirov.

"Rossiyaning Afg'onistondagi maqsadlari boshidan o'xshamagan. Rossiya xuddi hozir Suriya misolida bo'lgani kabi, ichki ishlariga harbiy aralashuv jarayonini Afg'oniston hududida ham boshlamoqchi edi. Ya'ni xalqaro terrorchilikka qarshi kurash shiori ostida... Afg'onistondagi loyihasi "o'xshamaganidan" tashqari, Rossiya Suriyani bo'lib olishga majbur bo'ldi...Chunki Ukrainani bo'lib olishga qaratilgan katta bir loyihasi ham ish bermagandan keyin, bunga rozi bo'ldi. Lekin, shunga qaramasdan, faqat g'arbiy Suriyanigina Rossiya va Eronning "odami", deb ko'rilgan Bashar al-Assad nazorat qilayapti. Shunga hozir Rossiya nimani taklif qilishni bilmayapti", - deydi Toshkentdan siyosiy tahlilchi Anvar Nazirov Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida.

"Hozir Rossiya siyosatidan maqsad - Suriyada "o'xshamayaptimi" yoki to'xtab qoldimi, endi Afg'oniston orqali kirish yoki bo'lmasa, Afg'oniston hududi orqali Nato bilan qarama-qarshilikni boshlash...".

Ulamolar-chi?

Кобулдаги йиғин

Afg'oniston Ulamolar Kengashi a'zosi Mavlaviy Abdulxabir Uchqunning Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, eng avvalo kuchayib borayotgan "IShID xavfiga qarshi" izohi ostida Rossiyaning Tolibon bilan aloqalarini yaxshilayotgani"ga oid so'nggi paytlarda paydo bo'layotgan xabarlardan jiddiy xavotirdalar.

Suhbatdoshimizning aytishicha, bunga javoban mavjud vaziyatga AQSh ham aralashadigan va "IShIDni dastaklaydigan bo'lsa", Afg'onistondagi shundoq ham yengil bo'lmagan vaziyat yanada murakkablashib ketishi mumkin.

Bunga birgina sobiq Sho'rolar Ittifoqi ishg'oli tajribasining o'zi misol, deydi bu ulamo suhbatdoshimiz.

Xuddi shu manzarada afg'on mojarosiga bag'ishlab, yaqinda rasmiy Kobulning ishtirokisiz Moskvada Rossiya, Pokiston va Xitoy ishtirokida bo'lib o'tgan uch tomonlama muzokaralarni ham nazarda tutib, Mavlaviy Abdulxabir Uchqun ulamolar Kremlning Afg'oniston ichki ishlariga "aralashuvi"dan qayg'u va tashvishda ekanliklarini aytadi.

"Ulamolar Afg'oniston yangi urush maydoniga aylanishidan xavotirdalar. Chunki buning natijasida Afg'oniston iqtisodiy, harbiy, siyosiy,..har jihatdan ziyon ko'rishi mumkin. Xuddi shu bois ham ulamolar mavjud vaziyatdan o'z xavotirlarini bildirib, Afg'oniston xalqiga o'z ichki muammolarini tinch yo'l bilan o'zlari hal qilishlari, Rossiya va Amerikaning hiylasiga uchmasliklarini so'rab, murojaat qilishdi", - deydi suhbatdoshimiz.

Ammo

Ўзбекистон Исломий ҳаракати

Afg'oniston Ulamolar Kengashi, ayniqsa, so'nggi ikki yil ichida afg'on mojarosiga chek qo'yish yo'lida o'zining bu kabi yig'inlariga zo'r bergan, mintaqadagi barcha qurolli guruhlarga ham murojaat qilib, qo'llaridan qurollarini qo'yish, "dinda harom ekani"ni aytib, xudkushlik hujumlaridan tiyilishga qaratilgan da'vatlarini kuchaytirgan.

Ammo, ularning bu kabi sa'y-harakatlari manzarasida ham, ayni shu davr oralig'ida Afg'oniston qayta zo'ravonliklar girdobiga botgan, butun mamlakat bo'ylab toliblar qayta faollashishga muvaffaq bo'lishlaridan tashqari, Yaqin Sharqdagi IShID guruhi ham mamlakatga har tomondan sizib kirishga muvaffaq bo'lgan.

Shunday ekan, Rossiya va Amerikaga qaratilgan so'nggi murojaatlaringdan amalda qandayin naf bo'lishi mumkin, degan savolimizga esa, ulamo suhbatdoshimiz, "ular bizning da'vatimizga quloq tutish-tutmasliklaridan qat'inazar, bizning maqsadimiz - mavjud vaziyat borasida Afg'oniston davlati va millatiga ogohlik berish", - deydi.

"Afg'oniston hukumati ham mamlakat ichki ishlariga oshkora aralashmoqchi bo'lgan davlatlarga diqqat qilsin. Rossiyadan yana bir bor Eron va boshqa davlatlar bilan turli hiylalarga kirishmasligini talab qilsin. Gulbiddin Hikmatyorning Birlashgan Millatlar Tashkiloti "qora ro'yxati"dan chiqarilishi bilan bog'liq mojaroni hal qilsin. Tinchlik jarayoniga yo'l ochilsin. Chunki Afg'onistonning bunga qattiq ehtiyoji bor".

"Biz - Afg'oniston Ulamolar Kengashi sulh masalasida 5 yillik maxsus strategiya ishlab chiqqanmiz. Kengash tez orada uni oshkor qiladi. Unda tinchlik jarayonida ulamolar va xotin-qizlarning tutajak o'rinlari alohida ko'rsatilgan. Tolibon saflariga yollanayotgan barchaning ham islomiy savodxonligini yuqori, deb bo'lmaydi. Agar, ulamolar Islomda qon to'kish, odam o'ldirishning harom ekanidan ularni ogoh etishsa, nazarimda, bu sulhning qaror topishiga ko'mak berishi mumkin bo'lgan eng katta ish bo'ladi", - deydi u.

Rossiya va Afg'oniston

Россия қўшинлари

O'zining musulmon aholisi orasida islomiy ekstremizm hollarining kuchayishidan xavotirda bo'lgan Rossiya esa, 2001 yilda Afg'onistonda Tolibon tuzumining Islomiy amirligini qulatishida AQSh boshchiligidagi ittifoq kuchlarini qo'shqo'llab dastaklagan.

Orada kechgan vaqt davomida noharbiy yo'lda yangi qudratga kelgan afg'on hukumatini ham qo'llab-quvvatlab kelgan.

Afg'onistonga shundoqqina qo'shni va hanuz o'zining ta'sir doirasida saqlab qolishga urinayotgan Markaziy Osiyo davlatlarida terrorchilik xavfining kuchayishi bilan bog'liq xavotirlari bois esa, Natoning shundoqqina tumshug'i ostidagi uzoq yillik harbiy hozirligiga ham tishini-tishiga qo'yib, miq etmay kelgan.

Katta sondagi G'arb boshchiligidagi ittifoq qo'shinlarining Afg'onistondan 2014 yilgi ommaviy safarbarligi ortidan, aksariyat tahlilchilar bundan buyog'iga mintaqada kuchlar muvozanati o'zgarishi, Afg'oniston masalasida endi Rossiya va Xitoy yetakchi so'zni aytishga urinishlarini bashorat qilishgandi.

Tahlilchilarga ko'ra, Rossiya hozir o'ta muhim geo-siyosiy joylashuvini qattiq nazarda tutib, hatto, oz sonda esa-da, Amerikaning Afg'onistondagi harbiy hozirligi davom etayotganidan jiddiy xavotirda.

Ularning aytishlaricha, Rossiyaning nazdida bu - amerikaliklarga Afg'onistondan turib Xitoy, Markaziy Osiyo, Eron, Rossiya va Pokistonni nazorat qilishning imkonini beradi.

Ammo ayrim tahlilchilar nazdlarida Amerikada Rossiya bilan aloqalarni yaxshilash va'dasida bo'lgan va rasmiy qasamyodga keltirilmasidan avvalroq aksariyat siyosiy doiralarda "rossiyaparast" sifatida ko'rilayotgan Donald Trampning qudratga kelishi ehtimoliy tanglikning oldini olishi mumkin.

Трамп ва Путин

O'z navbatida, bu kabi umidbaxsh bashoratlarni savol ostiga olayotgan ekspertlar ham yo'q emas.

Rossiyaning Afg'oniston bilan bog'liq so'nggi sa'y-harakatlariga Amerika va jumladan, Natoning munosabati qanday bo'lishi mumkin, degan savolimizga javob berarkan, Toshkentdan tahlilchi suhbatdoshimiz Anvar Nazirov, "mening fikrimcha, kongress va Tramp o'rtasidagi janjal hali oldinda. Bu albatta bo'ladi. Umuman, Amerika Qo'shma Shtatlarida birinchi bor bunaqa noaniq vaziyat paydo bo'ldi...", deydi.

Xuddi shu manzarada Afg'onistonning Rossiya va AQSh o'rtasida yangi "proksi-urushi" maydoniga aylanishi ehtimoli hanuz jiddiy ekani haqida so'z yuritayotgan tahlilchilar sonini oz, deb bo'lmaydi.

Eng so'nggida eslatib o'tish joiz, sobiq Sho'rolar Ittifoqi o'zining 10 yillik harbiy hozirligi ortidan, 1989 yilda Afg'onistonni tashlab chiqishga majbur bo'lgan.

Buning ortidan Afg'oniston aynan "Hizbi Islomiy" partiyasi rahbari Gulbiddin Hikmatyor "asosiy o'yinchi"laridan biri sifatida ko'rilgan bir necha yillik qonli fuqarolar urushiga botgan, minglab insonning umriga zomin bo'lgan bu ichki qurolli nizolar 1996 yilda mamlakatda toliblarning qudratga kelishi bilan yakun topgandi.

Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқалибоғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02

ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг