AQSh: "Oʻzbekistonda 13 mingga yaqin diniy mahbus bor"

Сурат манбаси, Oʻzbekiston musulmonlari
Qoʻshma Shtatlarning Xalqaro diniy erkinliklar boʻyicha komissiyasiga koʻra, Oʻzbekiston qamoqxonalarida taqriban 12800 nafar diniy ayblar bilan qamalgan mahbuslar boʻlib, ularning aksariyati qiynoqqa tutilish xavfi ostida.
Bu haqda komissiya oʻzining yillik hisobotida maʼlum qilgan.
Dunyoda diniy erkinliklarning ahvolini kuzatuvchi AQSh komissiyasi (USCIRF) 2016 yilda ham Oʻzbekistonni bu sohada "alohida tashvish uygʻotuvchi davlatlar" roʻyxatida qoldirgan.
Ammo komissiyaning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonni 2006 yildan buyon xuddi shu toifaga kiritgan AQSh davlat departamenti rasmiy Toshkentga nisbatan jazo chorasi qoʻllashdan bosh tortib keladi.
Oʻzbekiston rasmiylari diniy ayblar bilan qamalgan mahbuslar soniga doir maʼlumotlarni oshkor etishmaydi.
Mamlakat rasmiylariga koʻra, maxsus diniy-siyosiy ayblar bilan qamalgan mahbuslar toifasi yoʻq, ularning hammasi aniq jinoiy qilmishi uchun jazo muddatini oʻtayotgan mahbuslardir.
Birma bilan bir qatorda
2015-2016 yillarni oʻz ichiga olgan hisobotda Oʻzbekiston hukumati diniy erkinliklarni "muntazam, doimiy va qoʻpol ravishda" poymol etib kelishi aytilgan.
"Oʻzbekiston hukumati taqriban 12800 nafar musulmonlar doxil rasmiy diniy amaliyotga boʻysunmaydigan yoki hukumat oʻzi ekstremistlar deb ataydigan shaxslarni qamoqqa tashlagan va koʻpincha shafqatsiz muomalaga tutib keladi", - deyiladi hisbotda.
Unda shuningdek, 1998 yilda qabul qilingan vijdon erkinliklari va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonun fuqarolar, ayniqsa, mamlakatning aksar aholisini (93 foiz) tashkil etuvchi musulmonlar huquqlarini jiddiy cheklashi taʼkidlanadi.
AQSh hukumatining mustaqil maslahat organi boʻlgan komissiya Oʻzbekiston uchun din nomidan zoʻravonlikka qoʻl urgan guruhlar tomonidan tahdidning mavjudligini eʼtirof etgani holda, hukumat ekstremizmga qarshi qonuchilikdan koʻpincha tinch dindorlarga qarshi foydalanishini aytgan.
Komissiya AQSh hukumatini Oʻzbekistonga BMT Diniy erkinliklar boʻyicha maxsus maʼruzachisining mamlakatga safar qilishiga ruxsat berish yoʻlida bosim oʻtkazishga chaqirgan.
Hisobot shuningdek, oʻzbek rasmiylarini 1998 yilda qabul qilingan diniy erkinliklar qonunini isloh qilish, 2005 yil mayidagi Andijon voqealari va "akromiylar rahbari" deb atalgan Akrom Yoʻldoshevning 2010 yilda qamoqda vafot etgani haqidagi xabarlar yuzasidan tekshiruvlar olib borishga chaqirgan.
Oʻzbekiston hukumati hozirga qadar Yoʻldoshevning vafotini rasman tasdiqlamagan.
AQSh komissiyasi diniy erkinliklar borasida Oʻzbekistonni Rohinja musulmonlari qatl etilayotgan Birma hamda musulmon uygʻurlarga bosim oʻtkazayotgan Xitoy kabi nomusulmon davlatlar bilan bir qatorga qoʻygan.
Diniy meros
Marhum prezident Islom Karimov davrida Oʻzbekiston diniy erkinliklar eng koʻp cheklangan va eng koʻp musulmonlar qamoqqa tashlangan davlatlar safidan oʻrin olgan.
1998 yilda Oʻzbekistonga tashrif buyurgan AQShning sobiq Davlat kotibasi Madlen Olbrayt Oʻzbekistonda nasroniy va yahudiylarning diniy ibodat qilishlari uchun yaxshi sharoitlar yaratilganini aytib, oʻzbek hukumatini oʻzining aksar aholisini tashkil etuvchi musulmonlarga ham "yaxshi muomala qilish"ga chaqirgandi.
Hisobot Oʻzbekistonda oʻtgan yil sentyabrida yuz bergan hokimiyat oʻzgarishidan keyingi vaziyatni alohida tahlil qilmagan.
Karimovning chorak asrlik boshqaruvi nihoyasida hokimiyatga kelgan Prezident Shavkat Mirziyoyev hozirga qadar diniy erkinliklar borasidagi siyosatini ochiqlamagan.
Ammo u hokimiyatga kelganidan buyon oʻtgan qisqa vaqt ichida ikkita masjidning tamali qoʻyilgani va haj kvotasining oshirilgani mamlakat musulmonlarida bu boradagi repressiv siyosatning yumshashi va qamoqdagi diniy eʼtiqod tutqunlarining ozod etilishiga umidlarni uygʻotgan.
Huquq faollari va tahlilchilarning aytishlaricha, bu sohadagi oʻzgarishlar koʻp jihatdan qamoqdagi minglab musulmonlarning ozod qilinib-qilinmasligiga bogʻliq boʻladi.
Hozirga qadar diniy ayblar bilan qamalganlarning ommaviy ravishda ozodlikka chiqarilishi kuzatilgani yoʻq.
Oʻtgan yil oktyabrida Oʻzbekiston musulmonlari diniy idorasi raisining oʻrinbosari, Shayx Abdulaziz Mansur BBC bilan suhbatda hukumatga musulmonlarga koʻproq diniy erkinliklar berish haqidagi takliflar bilan murojaat qilganliklarini aytgan.
Ular orasida 1998 yildagi qonunning ayrim bandlarini qayta koʻrib chiqish haqidagi taklif ham bor.
Ammo hukumatning bu takliflarga munosabati hozirgacha maʼlum emas.
BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - uzbekbbclondon
bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring






























