Bosh vazir aralashdi, Qirgʻiziston-Birma oʻyini bekor qilindi

Сурат манбаси, Getty Images
Rasmiy xabar tafsilotlaridan ayon boʻlishicha, bunga Birmada vujudga kelgan oson boʻlmagan vaziyat va unga bildirilayotgan keskin aks-sadolar sabab boʻlgan.
Bunaqasi Osiyo futbolining bu yaqin tarixida boʻlmagan.
Hukumat kuchlari va buddaviy toʻdalar tomonidan toʻqnash kelayotgan zoʻravonlik va shafqatsizliklar bois, birgina oʻtgan 10 kunning oʻzida Birmani 90 mingga yaqin mahalliy musulmonlar tashlab chiqishgan.
Birmadagi soʻnggi voqealar bilan aloqadorlikda, "Terrorchilik tahdidining kuchayishi, diniy nafrat zaminidagi ommaviy tartibsizliklarning oldini olish va xavfsizlikni taʼminlash maqsadida" bu kabi qarorga kelingan.
Qirgʻiziston Futbol Federatsiyasining 4 sentyabr kungi rasmiy matbuot anjumani tafsilotlaridan maʼlum boʻlishicha, mazkur qaror shaxsan mamlakat Bosh vaziri Sapar Isaqov tomonidan berilgan.
Qirgʻiziston-Birma oʻrtasidagi amalga oshmagan oʻyin 2019 yilgi Osiyo Kubogi saralash bosqich bellashuvlarining navbatdagi uchrashuvi boʻlgan.
Qirgʻizistonning guruh peshqadamiga aylanishi uchun katta ahamiyatga ega match boʻlgan va 5 sentyabr kuni Bishkekda boʻlib oʻtishi rejalangan.
Qirgʻiziston Bosh vaziri matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, "Sapar Isaqov huquq-tartibot organlaridan olgan maʼlumot asosida bu kabi qarorga kelgan va joriy paytda vaziyat toʻliq oʻz nazoratlari ostida"dir.
Mamlakat Futbol Federatsiyasi Prezidenti Semetey Sultonovga koʻra, "futbolchilar ham hukumatni mutlaq qoʻllab-quvvatlashgan".
Xuddi shu soʻzlarni aytarkan, Semetey Sultonov agar, birmalik hamkasblari bilan rejadagi oʻyinni boshqa paytga koʻchirishga kelishib olishmasa, mamlakatining turli sanktsiyalarga yuz tutishi ehtimolini ham nazardan soqit etmagan.
Unga koʻra, hozir Qirgʻiziston-Birma uchrashuviga sotilgan chiptalar sonini aniqlashtirishmoqda va ularning pullarini egalariga toʻliq qaytarishadi.
Oʻyin boshqa kunga koʻchiriladimi va yoki uni bekor qilgani uchun Qirgʻizistonga texnik magʻlubiyat yoziladi, hozir maʼlum emas.
Bu xususda ikki davlat futbol federatsiyalari kelishib olishlari lozim boʻladi.
Ammo, shunda ham, yakuniy qarorni Osiyo Futbol Konfederatsiyasi aytadi.
Ekspertlarga koʻra, agar, soʻnggi hodisa hukumatning futbolga aralashuvi, deb topilsa, Qirgʻiziston milliy terma jamoasi bir necha yilga katta futboldan chetlatilishi ham mumkin.
Qirgʻiziston Futbol Federatsiyasi prezidentining maʼlum qilishicha, joriy paytda uchrashuvini boshqa paytga koʻchirish va neytral bir hududda oʻtkazish haqida soʻz bormoqda.
2019 yilgi Osiyo Kubogiga chiqish uchun Qirgʻiziston Osiyo Chaqiruv Kubogining "A" guruhida Hindiston, Birma va Makaoga qarshi oʻzining saralash bosqich bellashuvlarini oʻtkazmoqda.
Birmaga qarshi oʻyindagi gʻalaba esa, Qirgʻizistonning ochkolar soni boʻyicha guruh peshqadami Hindistonga yetib olishiga imkon bergan boʻlgan.
- BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
































