"Jahon chempioni Shahram yana oʻzining nimaga qodirligini koʻrsatdi"

Shahram Gʻiyosov
Published

Oʻzbekistonlik Rio Olimpiadasi sovrindori, amaldagi Osiyo va jahon chempioni bu yilgi jahon chempionatining "Eng yaxshi bokschisi", deb topildi.

Soʻnggi yangilikka Oʻzbekistondan turib munosabat bildirgan oʻz davrining eng nomdor bokschisidan bittasi boʻlgan Muhammadqodir Abdullayevning aytishicha, "Shahram Gʻiyosov yana oʻzini koʻrsatgan".

"Bu bola hali yosh. Oʻylaymizki, u hali keyingi jahon chempionati va Olimpiadada ham oʻzini koʻrsatadi", - deydi suhbatdoshimiz.

Eslatib oʻtish joiz, Shahram Gʻiyosov kuni-kecha Gamburg mezbonlik qilgan jahon chempionatida Oʻzbekiston hisobiga yagona oltin medalni keltirgan bokschi boʻlgan. Oʻz bokschilik karerasida ilk bor jahon chempionligini qoʻlga kiritgandi.

"Shahram, mana, jahon chempioni boʻldi. Oʻzbekistonimizning madhiyasini chaldirdi. Nafaqat biz, butun Oʻzbekiston aholisi xursand va koʻzida yosh. Xuddi Hasanboy Doʻsmatov Olimpiada chempioni boʻlgan paytdagidek hamma xursand boʻlib, uxlamasdan, ularning jangini koʻrishdi. Hammamiz xursand", - deydi Muhammadqodir Abdullayev.

Jahon chempionatining eng zoʻr bokschisini aniqlashga qaratilgan soʻrov Xalqaro Havaskor Bokschilar Uyushmasining rasmiy "Twitter" akkauntida oʻtkazilgan.

Twit tafsilotlaridan soʻrovda jaʼmi 984 kishi ovoz bergani maʼlum boʻlgan.

Soʻrovda ovoz berganlarning yarmidan koʻprogʻi esa, aynan Shahram Gʻiyosovni chempionatning eng yaxshi bokschisi sifatida eʼtirof etishgan.

Bu kabi natija bilan Shahram mazkur nomga daʼvogarlik qilgan va barchasi oʻz vazn toifalarida amaldagi jahon chempionlari boʻlgan bokschilar: kubalik Xulio Sezar La Kruz, ukrainalik Aleksandr Xijnyak va frantsiyalik Sofian Umialarni katta farq bilan ortda qoldirib ketgan.

Ular qoʻlga kiritgan ovozlar, hatto, 20 foizga ham yetmagan.

Bu yilgi jahon chempionatida Oʻzbekistonni barcha vazn toifasida namoyon etgan 10 nafar bokschidan oltitasi birinchilikning sovrinli oʻrinlariga koʻtarilishgan.

Oʻzbekistonlik bokschilar birinchilikning 1 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida Kubadan keyin ikkinchi oʻrinni egallashgan.

Qoʻlga kiritgan bu kabi natijalari bilan "ashaddiy raqiblari" Rossiya va Qozogʻistonni ham ortda qoldirib ketishgandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02