BMT: Mirziyoyev "oʻtmish qoldiqlari" va bugungi "yangiliklar" haqida

BMT
Published

Oʻzbekiston yangi prezidentiga koʻra, "bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilgan".

Bu ish "Xalqaro Mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda olib borilgan".

"Xorijga chiqish vizalari singari umrini mutlaqo oʻtab boʻlgan oʻtmish qoldiqlari bekor qilingan".

"Oʻzbekiston shu oyning boshidan milliy valyutani erkin konvertatsiya qilish tizimiga toʻliq oʻtgan".

Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu soʻzlari Nyu-Yorkda, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida qilgan chiqishi chogʻida yangragan.

Bu - Oʻzbekiston yangi rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti yuqori minbaridan turib ilk bor nutq soʻzlashi boʻlgan.

Nutq

Prezident Mirziyoyev rus tilida chiqish qilgan, nutqi keng qamrovli boʻlgan.

Oʻzbekiston yangi rahbari bir chiqishida mamlakatning oʻzidagi inson huquqlari bilan bogʻliq vaziyat, ommaviy axborot vositalarining oʻrni, tadbirkorlarning huquqlari, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyatlarining roli va sud organlarining mustaqilligi kabi masalalarni tilga olgan.

Xuddi shuning barobarida mintaqadagi qoʻshnilari bilan aloqalarning bugungi ahvoli va istiqboli, suv zaxiralari muammosi, Orol fojeasi, Afgʻoniston mojarosi va global terrorchilik tahdidi haqida ham birma-bir, mufassal toʻxtab oʻtishga ulgurgan.

Taʼkidlash joiz, qilgan chiqishidan qisqa vaqt oʻtmay, Oʻzbekiston yangi prezidentining BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida qilgan nutqi turli ijtimoiy muloqot tarmoqlarida qizgʻin bahsu munozaralarga sabab boʻlib ulgurgan.

Munosabat

Ayrim oʻzbekzabon internet foydalanuvchilari prezident Mirziyoyevning nega oʻzbek tilida chiqish qilmaganiga alohida diqqat qaratishgan.

Boshqalari, "Xorijga chiqish vizalari singari umrini mutlaqo oʻtab boʻlgan oʻtmish qoldiqlari bekor qilingan"iga oid soʻzlar yuzasidan oʻz tushunmovchiliklarini izhor etishgan.

"Bu gap yolgʻon-ku, hozir chet elga chiqish vizasiz (OVIRsiz) boʻldimi?! Qachon bekor qilindi? Bexabar ekanmiz...", - degan izohlarni qoldirishgan.

Soʻnggi yillarda ham mamlakat ichkarisi va ham tashqarisida OVIR tizimini butkul bekor qilishga oid daʼvat va talablar kuchaygan.

Ammo Oʻzbekiston 2019 yil 1 yanvaridan xorijga chiqish uchun alohida biometrik pasportlar joriy etishga qaror qilingan.

Ayni shu munosabat bilangina chet elga chiqish ruxsatnomasi (stiker)ni rasmiylashtirish tartibining shu sanadan boshlab bekor qilinishi aytilgan.

Faqat bu emas

Xuddi shu manzarada prezidentning "Oʻzbekiston milliy valyutani erkin konvertatsiya qilish tizimiga toʻliq oʻtdi", degan bayonotini savol ostiga olganlar ham topilgan.

Ular bu gaplarning qisman toʻgʻri ekanini eʼtirof etisharkan, hali hech kim naqd valyuta sotib ola olmaganini taʼkidlashgan.

Xalqaro Press Klubning faoliyati bilan bogʻliq yaqinda internet olamida boʻy koʻrsatgan bir-biriga ziddiyatli xabarlar manzarasida "matbuot erkinligi", degan gapning oʻzi "kulguli" ekani haqida yozishgan.

Boshqasining nazdida esa, "bu - juda kuchli nutq boʻlgan".

"Oqil, dono va eʼtiqodi baland Shavkat Mirziyoyev 2 milliard yoshga din oʻrgatiylik, Islom vakillariga sof Islomni oʻrgataylik, degan tashabbus bilan chiqqan". "Diniy diskriminatsiyaning oldini olaylik", degan.

Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yil dekabr oyida rasman Oʻzbekistonning yangi prezidenti sifatida oʻz faoliyatini boshlagan.

Ungacha bir necha yil davomida mamlakat Bosh vaziri sifatida ish yuritib kelgan.

Yangilanishlar

Taʼkidlash joiz, yangi prezident ekan, Shavkat Mirziyoyev bor-yoʻgʻi bir necha oyning oʻzida mamlakatdagi deyarli barcha sohalarda islohotlar darakchisi boʻlgan yangiliklarga qoʻl urishga ulgurgan.

AQShda chop etiladigan "Forbs" (Forbes) nashri yaqinda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni, hatto, Xitoyning islohotchi rahbari Den Syaopinga qiyoslagan.

Kennet Rapoza qalamiga mansub maqolada mintaqaning bir paytlar dunyoga yopiq va shoʻro uslubida boshqarilgan davlati endilikda oʻzini oʻzi "qayta ishga tushirish"ga urinayotgani aytilgan.

Muallif 5 sentyabrda joriy etilgan oʻzbek soʻmining erkin konvertatsiyasi iqtisodiy yuksalishning muqaddimasi boʻlishi mumkinligini bashorat qilgan.

Uning yozishicha, mamlakatni uzoq vaqt boshqargan Islom Karimovning oʻlimidan soʻng hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonni dunyoga koʻproq ochadigan lider boʻlishiga ishonmoqda.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02