"Toʻytepaning "Nurafshon"ga aylantirilgani notoʻgʻri"

Сурат манбаси, tvp.uz
Bir guruh oʻzbekistonliklar Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat bilan chiqqanlar, Toshkent viloyatidagi Toʻytepa shahrining nomi "Nurafshon" deb oʻzgartirilgani notoʻgʻri qaror, demoqdalar.
Oʻzbekistonda faoliyat yuritadigan kun.uz web-sayti Oʻzbekiston Prezidentiga murojaatning toʻliq matnini eʼlon qilgan.
Murojaat mualliflari Toʻytepa tarixiy shahar ekanini, uning nomi turkiy soʻzligini eslatganlar.
Toshkent viloyatining maʼmuriy markazini sobiq Toʻytepa shahriga koʻchirish toʻgʻri qaror boʻlganini taʼkidlagan murojaat mualliflari viloyat markazi nomini oʻzgartirish masalasi xalq bilan muhokama etilmaganini taʼkidlaganlar.

"Oliy Majlis Senati aʼzolarini xalq saylaydi, shunday ekan, ular xalqning fikrini oʻrganishlari, har bir qarori uchun el oldida hisobot berishlari kerak. Bu Konstitutsiyasida demokratik tamoyillar eʼlon qilingan va ulugʻlangan davlatimiz qonunlariga hamda siz boshlab bergan "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" siyosatiga uygʻun. Biroq senatorlar butun boshli shaharning nomlanishini xalq muhokamasidan oʻtkazmasdan, odamlarning fikrini oʻrganmasdan oʻzgartirishi va eng hayron qoldirgani - bunday oʻzgarish sabablari maʼlum qilinmagani ularning "xalq bilan muloqot" tushunchasini yaxshi oʻzlashtirganliklariga shubha uygʻotadi", deyiladi murojaatda.
"Nima asosda tomirlari uzoq oʻtmishga, Qoraxoniylar davlati davriga (10-12 asrlar) borib taqaladigan tarixiy nom siyqasi chiqib ketgan, oʻzbek eli va oʻzbek tarixi uchun hech qanday ahamiyatga ega boʻlmagan forscha "Nurafshon" soʻziga almashtirildi? Bu tariximizga hurmatsizlik emasmi", deya savol qoʻyishgan murojaat mualliflari.
"Birinchi turkiy-oʻzbek tarixida quriladigan smart-aqlli shaharga chet tildan nom berish shunday boy va ulugʻ tariximizga hurmatsizlik emasmi? Yoki zamonaviy texnologiyalar, taraqqiyot va tafakkur tushunchalari turkiy tiliga va omiliga nisbatan begonami? Nahotki, birinchi oʻzbek smart-aqlli shahriga oʻzimizning turkiy-oʻzbek tilida boʻlgan soʻz yarashmadi?" degan savol beriladi murojaatda.
Murojaatnomani 400 dan ortiq kishi qoʻllab-quvvatlagani xabar qilingan.
Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati 25 avgust kungi 11-yalpi majlisda Toʻytepa shahrining nomini "Nurafshon"ga oʻzgartirish haqidagi qarorni tasdiqlagan.
Toshkent shahridan 25 km janubda joylashgan shaharda bugun 29 ming aholi istiqomat qiladi.
BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02































