Moskvada migrantlar uchun patent qimmatladi

Moskvadagi Markaziy osiyolik migrant
Published

Moskva shahri hokimi Sergey Sobyaninning migrantlar uchun mehnat patenti toʻlovini oshirish taklifini shahar Dumasi maʼqullagan.

Moskva shahar Dumasi patentni 7 foiz koʻtarishga qaror qilgan.

Endi patent toʻlovi 4200 rubldan 4500 rublga oshirilgan.

Moskva Dumasi mehnat muhojirlari uchun patent toʻlovini oshirishda migrantlar maoshlarini inobatga olgan.

Rossiya ommaviy axborot vositalari Moskva shahar Dumasining iqtisodiy siyosat boʻyicha departamenti rahbari Vladimir Yefimovdan iqtibos keltirganlar.

Duma deputatlari Moskva meri Sobyaninning yillik hisobotini maʼqullar ekanlar, Vladimir Yefimov patent toʻlovi miqdorini oshirishda mehnatga haq toʻlashning mintaqaviy oʻziga xosligi inobatga olinganini aytgan.

Rossiyadagi migrantlar

"Migrantlarning maoshlari sekin surʼatlarda oʻsayotganini eʼtiborga olib biz koeffitsiyentni 7 foiz, shu tariqa migrantlar uchun patent qiymatini 4500 rublga oshirishni taklif qilamiz", deya Vladimir Yefimovdan iqtibos keltirilmoqda.

Moskva shahar Dumasi aʼzolari aytishlaricha, migrantlar uchun patent toʻlovi soʻnggi ikki yilda oshirilmagan.

Biroq aksar mehnat muhojirlari ishlaydigan sohalarda maoshlar 14 foiz oshirilgani xabar qilingan.

Ekspertlar esa patent toʻlovining oshirilishi nolegal migrantlar soni koʻpayishiga olib keladi, deya taxmin qilmoqdalar.

25 oktyabr kuni Moskva shahri meri Sergey Sobyanin Rossiya poytaxtiga migrantlar oqimini kamaytirish uchun patent toʻlovini oshirish taklifini ilgari surdi.

"Bizga qolsa, shaharda migrantlar boʻlmasin, hamma ishlarni moskvaliklarning oʻzlari bajarganlari maʼqul. Biroq bizda 2 million ish oʻrinlari boʻsh va moskvaliklar xohlaganlarida ham jismonan bajarishga qodir emas. Men bu yil migrantlarning patentlari toʻlovlarini oshirish mumkin, deb hisoblayman", deb aytgan Sergey Sobyanin.

4500 Rossiya rubli 26 oktyabr kuni 78 AQSh dollariga teng boʻlgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02