Avstraliya futbol jamoasi O‘zbekistonda qorni og‘rib qolishidan xavotirda

Janob Vidmar O‘zbekistondagi o‘yin o‘z jamoasi uchun o‘ta muhim ekanini aytgan
Сурат тагсўзи, Janob Vidmar O‘zbekistondagi o‘yin o‘z jamoasi uchun o‘ta muhim ekanini aytgan
Published

Avstraliyaning Telegraf ro‘znomasi tarqatgan xabarga ko‘ra, Avstraliya olimpik futbol jamoasining murabbiysi Aurelio Vidmar O‘zbekistonda o‘yinchilarining qorni og‘rib qolishidan qo‘rqib, professional oshpaz yollagan.

"Olirular (Avstraliya olimpik futbol jamoasi) Londonga yetish orzulari chippakka chiqmasligi uchun g‘alabaga o‘ta muhtojlar, shunday ekan Vidmar 5 fevralda bo‘lib o‘tadigan saralash o‘yinidan avval o‘yinchilari hojatxonadan chiqolmay o‘tirishlarini xohlamaydi", - deyiladi maqolada.

Maqola O‘zbekiston taomlari o‘tmishda ham avstraliyalik o‘yinchilarni kasal qilganini aytadi.

Vidmar janoblari qo‘li ostida Young Socceroos jamoasi va qator adelaidlik o‘yinchilar Chempionlar Ligasi doirasidagi o‘yinlar chog‘ida o‘zbek ovqatlarini yeb, yotib qolishgan ekan.

Avstraliya olimpik futbol jamoasi kelgusi hafta boshida safarga chiqadi va O‘zbekistonga borishdan avval Dubayda bir necha kun qoladi.

"O‘tmishda nimalar bo‘lganini hisobga olib, o‘yinchilarimizning tobi qochib qolmasligiga harakat qilayapmiz. Avval Adelaiddan oshpaz olib ketgandik, bu safar ham oshpaz olib boramiz. Oshpazni Dubaydagi mehmonxonadan olib boramiz, u bizdan bir necha kun avvalroq yetib borib, hamma narsani tayyorlab qo‘yadi", - deb aytgan janob Vidmar.

Avstraliya olimpik jamoasining shu davrgacha o‘ynagan barcha saralash o‘yinlari golsiz durang bilan yakunlangan, shunday ekan janob Vidmar O‘zbekistondagi o‘yin, hamda 22 fevralda Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi o‘ynaladigan matchni hayot-mamot jangi deya tasvirlagan.

Janob Vidmar o‘z o‘yinchilarining qornidan tashqari, Sidney futbol klubi yarim himoyachisi Terri Antonisning tizza osti payi jarohatidan xavotirga tushgan.

Seshanba kuni lat yegan Antonis O‘zbekistonda o‘ynash imkoniyatlarini "ko‘p borsa 40 foiz" deya baholagan.