Afg‘oniston prezidenti Tolibon bilan uchrashadigan

Prezident Karzay ilk bora Saudiya Arabistonida Tolibon rahbarlari bilan uchrashadi
Сурат тагсўзи, Prezident Karzay ilk bora Saudiya Arabistonida Tolibon rahbarlari bilan uchrashadi
Published

Afg‘oniston hukumati mamlakatda tinchlik jarayonlarini boshlash uchun bir necha haftadan keyin Saudiya Arabistonida Tolibon vakillari bilan uchrashadigan.

Shu paytgacha esa, Toliblar Afg‘oniston rahbariyatini "G‘arbning qo‘g‘irchog‘i" deya tan olishmagan va uchrashuvdan bosh tortib kelishgandi. Ular faqat AQSh bilan bevosita muzokaralar olib borishimiz mumkin, deb aytishgan.

Ammo Qatarda Tolibon idorasi ochilishi xabarlari o‘rtaga chiqishidan bir necha hafta o‘tib, bu harakat rahbarlari rasmiy Kobul vakillari bilan ko‘rishishga rozi bo‘lmoqdalar.

Oldinroq esa Tolibon va AQSh o‘rtasida muzokaralar boshlanayotgani va bu jarayonga Afg‘oniston hukumatining taklif etilmagani Prezident Karzayni qattiq g‘azablantirgan edi.

Britaniyada chop etiladigan Daily Telegraph nashri bir necha nafar Tolibon rahbari allaqachon Qatarga borishgani haqida yozmoqda.

Ular orasida Tolibonning sobiq Tashqi ishlar vaziri muovini Sher Muhammad Stanakzay, harakatning Saudiya Arabistonida elchisi bo‘lib ishlagan Shobudin Dilovariy hamda Mulla Muhammad Umarning yaqin yordamchisi bo‘lmish Tayub Og‘a ham bor.

Ammo hali besh yil oldin Tolibon bilan uchrashgan sobiq Ovro‘po Ittifoqi vakili Maykl Semplning aytishicha, "Afg‘on hukumati va xalqaro hamjamiyat o‘rtasidagi harakatlarda muvofiqlik yetishmayotgani" Tolibonni bir qadar gangitib qo‘ygan.

Biroq Tolibon Qatardagi idoradan o‘zlari uchun mablag‘ topish va ko‘proq xorijiy jangarilarni yollash uchun foydalanishi mumkin, degan xavotirlar bor.

Shuningdek, kutilayotgan uchrashuvlar aksar mahbuslarni almashtirish masalasiga qaratilib qolishi ehtimollari ham aytilmoqda.

Afg‘onistonning o‘zida ham Tolibon bilan muzokaralar turlicha qabul qilinmoqda.

Harakatning tayanch nuqtasi bo‘lib kelgan janubdagi pashtunlar orasida bu to‘laqonli hukumat tuzish yo‘lidagi qadam sifatida ham talqin etiladi.

Biroq ayollar vakillari, mamlakat shimol-g‘arbidagi tojiklar, o‘zbeklar va shia hazoralar nazdida radikal islomiy harakat bilan qudrat bo‘lashish mamlakatga tinchlik keltira olmaydi.

Aallaqachon bu millatlar yetakchilari Afg‘onistonni boshqarishda o‘z mavqelarini kuchaytirish va mintaqalar hamda barcha millatlarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kuchaytirish yo‘lida harakatlar boshlashgan.