Curiya armiyasi Xoms aholisini qirg‘in qilishda ayblanmoqda

Xoms shahrining artilleriya hujumiga tutilishi oqibatida 200 dan oshiq odam halok bo‘lgani xabar qilinadi
Сурат тагсўзи, Xoms shahrining artilleriya hujumiga tutilishi oqibatida 200 dan oshiq odam halok bo‘lgani xabar qilinadi
Published

Suriya muxolifati faollari so‘zlariga ko‘ra, hukumat kuchlari Xoms shahrini zambaraklardan o‘qqa tutishi natijasida 200 dan oshiq odam halok bo‘lgan.

Faollar Suriya armiyasini ayollar va bolalarni qirg‘in qilishda ayblagan.

BBC muxbiri Jim Myuirga ko‘ra, Xomsning bombalanishi 11 oy muqaddam tartibsizliklar boshlanganidan buyon Suriyada kuzatilgan "eng qonli hodisadir".

Biroq muxolifat da‘volarini inkor etgan hukumatga ko‘ra, muxolifat faollari Bashar al-Assad hukumatiga qarshi tashviqot urishini olib bormoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashi Suriya yuzasidan relolyutsiya loyihasini hamon muhokama etayotir. Rossiya undagi ayrim bandlardan mamnun emasligini bildirayotir.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva BMT Xavfsizlik Kengashiga rezolyutsiyaga kiritilishi kerak bo‘lgan o‘zgartirishlarni taqdim etgan.

Xavfsizlik Kengashi Suriya rezolyutsiyasi yuzasidan shanba kuni ovoz berishi kutilmoqda, ammo janob Lavrov rezolyutsiyaning ayni formatda ovozga qo‘yilishi "janjal" keltirib chiqarishini aytgan.

Suriyaning BMT Xavfsizlik Kengashidagi asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Rossiya prezident Bashar al-Assad iste‘fosini talab qilgan har qanday rezolyutsiyaga veto qo‘yishini aytgan.

E‘tirozlarga qaramasdan Moskva Suriyani qurol-yaroq bilan ta‘minlashda davom etmoqda.