Suriya hukumati Homsni eng qaqshatqich hujumga tutmoqda

Suriya hukumati tanklari Homsdagi isyonkorlarni qo‘llovchi mavzelarga qarata o‘t ochmoqda
Сурат тагсўзи, Suriya hukumati tanklari Homsdagi isyonkorlarni qo‘llovchi mavzelarga qarata o‘t ochmoqda
Published

Suriya hukumati Homsni shu paytgacha kuzatilmagan darajada qaqshatqich hujumga tutmoqda.

Bu borada Homsdan xabar berayotgan BBC muxbiri Pol Vudga ko‘ra, hukumat qo‘shinlari raketa va minomyotlarni to‘xtovsiz ishga solayotir.

Qurbonlar borasida esa turli vahima hamda mish-mishlar avj olgan. Internet xabarlari va faollarga ko‘ra, so‘nggi hujumdagi qurbonlar soni 40 nafardan oshib qolgan.

Ba‘zi ma‘lumotlarga binoan, hukumatparast kuchlar uch xonadonga bostirib kirib, butun oila a‘zolarini so‘yib tashlashgan.

Oddiy odamlar o‘q yomg‘irlari ortidan piyoda qo‘shinlar ham kirib kelishi mumkin, degan xavotirdalar.

BBC muxbirining xabar berishicha, Suriya hukumati o‘z tanklarini isyonkorlarni qo‘llovchi odamlar yashaydigan mavzelarga bir chaqirimcha yaqin keltirib, o‘sha yerdan o‘t ochishmoqda.

Pol Vudning aytishicha, oxirgi hujumlar borasida ko‘p tafsilotlar ma‘lum emas. Aniq voqelik esa - shu paytgacha qilingan hech bir hujum hozirgisi kabi qaqshatqiya bo‘lmagan.

Assad, Rossiya va muxolifat

Ayni damda, Damashqqa kelgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Prezident Assad va muxolifatni muzokaralarga chorlagan.

Sergey Lavrovga ko‘ra, Bashar al-Assad zo‘ravonliklarni to‘xtatishni istaydi.

Biroq Suriya muxolifati Bashar al-Assadning zo‘ravonliklarni to‘xtatish va‘dalariga ishonmasligini aytmoqda.

AQSh esa Rossiya Tashqi ishlar vazirining Suriyaga safari ma‘no-maqsadini tushunmayotganini bildirdi.

Oldinroq Suriya rahbariyatiga qaratilgan BMT rezolyutsiyasiga Rossiya va Xitoy veto qo‘yishgandi. Bu harakat G‘arbda qattiq tanqid va norozilik bilan qabul qilinmoqda.