Pokiston oliy mahkamasi bosh vazirning mahkamaga kelishini talab qilmoqda

Yusuf Rizo G‘eloniy aybdor deb topilsa, u davlat lavozimini egallashi taqiqlanishi va qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin
Сурат тагсўзи, Yusuf Rizo G‘eloniy aybdor deb topilsa, u davlat lavozimini egallashi taqiqlanishi va qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin
Published

Pokiston Oliy Mahkamasi Bosh vazir Yusuf Rizo G‘eloniyning appellyatsiya arizasini rad etgan.

Bu esa mahkamaga hurmatsizlik ko‘rsatgan deb ko‘rilayotgan bosh vazirning mahkama qarshisida hozir bo‘lishi shartligini anglatadi.

Oliy mahkamaning ushbu qarori Pokistonda ijroiya hokimiyati bilan mamlakat mahkama tizimini dastaklayotgani aytilayotgan armiya o‘rtasidagi siyosiy inqiroz tobora chuqurlashayotganining alomati deb ko‘rilmoqda.

Bu narsa Bosh vazir Yusuf Rizo G‘eloniy hukumatining qudratdan ketishiga olib kelishi mumkin.

So‘nggi qarori bilan Pokiston Oliy Mahkamasi o‘zining 2 fevralda e‘lon qilgan qarorini kuchda qoldirgan.

Unda Bosh vazir Yusuf Rizo G‘eloniy savollarga javob berish uchun 13 fevral kuni mahkama qarshisida hozir bo‘lishi kerakligi aytilgandi.

Pokiston Oliy Mahkamasi janob G‘eloniy mahkamaga hurmatsizlik ko‘rsatdi,uning hukumati Pokiston mahkamasining Prezident Osif Ali Zardoriyga nisbatan jinoyat ishi ochish talabini bajarmadi, demoqda.

Pokiston mahkamasi Bosh vazir Yusuf Rizo G‘eloniy hukumati Shveytsariya hukumatiga murojaat qilib, Prezident Osif Ali Zardoriyga qarshi korruptsiya ayblovlari bilan jinoyat ishi ochishni so‘rashi lozim, degan mavqe‘da.

Pokiston hukumati a‘zolariga ko‘ra, Prezident Osif Ali Zardoriy davlat rahbari sifatida jinoiy javobgarlik daxlsizligiga ega, shuning uchun unga nisbatan jinoyat ishi ochilmasligi kerak.

Oliy mahkama esa Pokistondagi biror bir fuqaro qonundan yuqorida turishi mumkin emas, deydi.

Osif Ali Zardoriy ham, Yusuf Rizo G‘eloniy ham hozirgi qudratdagi Pokiston Xalq Partiyasi rahbarlari hisoblanadi.

Agar janob G‘eloniyni Oliy mahkama Pokiston mahkamasiga hurmatsizlik ko‘rsatdi degan bandda aybdor, deb topsa, u olti oylik qamoq jazosiga hukm etilishi va davlat lavozimini egallashi taqiqlanishi mumkin.

Prezident Osif Ali Zardoriyga qo‘yilayotgan Shveytsariya banklari bilan bog‘liq korruptsiya ayblovlari uning rafiqasi marhuma Benazir Bhutto Pokiston bosh vaziri lavozimini egallagan 1990 yillarga borib taqaladi.

Pokiston mahkamasi 2003 yilda janob Zardoriyni sirtdan aybdor, deb topgan, biroq ko‘plar nazarida bahsli ko‘rilgan.

2007 yilda sobiq prezident Parvez Musharraf tomonidan e‘lon qilingan amnistiya tufayli ayblovlar olib tashlangan edi.