Andijondagi ko‘p qavatli uylardan birida portlash

Сурат манбаси, none
Andijon shahridagi ko‘p qavatli uylarning birida portlash sodir bo‘lgan. Natijada 3 kishi jarohatlangan va yana bir o‘smir qattiq qo‘rqish oqibatida shifokorga murojaat qilgan.
Halok bo‘lganlar borasida biror ma‘lumot yo‘q.
Portlashga sabab gaz ta‘minotidagi uzilishlar ekanligi aytilmoqda.
Andijon shahridagi 2 mikrotumandagi 16 – uy uchinchi qavatda sodir bo‘lgan portlash natijasida xonadonning bir tomoni o‘pirilib tushgan. Hodisani o‘rgangan andijonlik huquqbon Saidjahon Zaynobiddinov hodisa ro‘y bergan uy ayvonining romi uchib ketganini aytadi.
"Balkonning romi butkul 15-20 metrga uchib tushgan. Ko‘rpalari uchib chiqqan", - deydi Saidjahon Zanobiddinov.
Portlash tush mahali sodir bo‘lgan. Portlash natijasida 4 kishi shifokorga murojaat qilgan.
Ismini oshkor qilishni istamagan Andijon shoshilinch tibbiy markazi mas‘uli 3 kishi kasalxonaga yotqizilganini aytdi.
"To‘rtta odam olib kelindi, bittasi o‘smir yigit qo‘rqib ketgan uchun ambulator muolaja olib ketdi", - deydi shifoxona mas‘uli.
Portlash natijasida 15 foiz badani kuygani aytilayotgan Anvar Rejepovning sog‘ligi yaxshi ekanligi, lekin hozircha yurolmasligi ma‘lum bo‘ldi.
Qolgan ikki kishi o‘t o‘chiruvchilar bo‘lib ular shifoxonaga kechga tomon olib kelingan va ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Shifokorlar ularning ayni damda travmatalogiya bo‘limiga o‘tkazilganini va ahvollari o‘rta og‘ir ekanligini aytishmoqda.
O‘t o‘chiruvchilar portlashdan biroz vaqt o‘tib vujudga kelgan yong‘inni o‘chirish mahali narvondan tushib yiqilgan.
Portlash sodir bo‘lganidan keyin voqea joyini mirshablar o‘rab olgani va to‘planganlarni tarqatgani aytilmoqda.
O‘zbekistonda gazdan noto‘g‘ri foydalanish natijasida portlash va yong‘inlar sodir bo‘lib turadigan hodisadir.
Gaz yo‘qligi oqibatida uylarning muzlab qolayotgani va odamlar qo‘lbola isitish skunalaridan foydalanayotganini aytishadi.
Mustaqil axborot nashrlari uylarning me‘yorida isimasligi oqibatida sovuqdan o‘lim holatlarining uchrashini yozmoqda.































