O‘zbekiston: MXX Sariosiyoda olti shaxsni qamoqqa oldi

Published
Ўқилиш вақти: 1 дақ

O‘zbekiston huquq himoyachilari tashabbus guruhi tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, Surxandaryo viloyatining Tojikiston bilan chegaradosh Sariosiyo tumani "G‘alaba" mahallasida olti shaxs 12 kun muqaddam Milliy Xavfsizlik Xizmati tomonidan hibsga olingan.

Tashabbus guruhining boshlig‘i Surat Ikromovning aytishicha, hibsga olinganlardan to‘rt nafari bir oilaning a‘zolaridir.

Surat Ikromovning BBC bilan suhbatda ma‘lum qilishicha, avtomatlar bilan qurollangan va yuziga niqob taqqan 25 kishi 8 fevralga o‘tar kechasi tonggi soat 3-4 larda 97 yoshli pensioner, 10 farzandning otasi Nisbatillo hoji Nurovning uyiga bostirib kirganlar va uning uch o‘g‘li va bir nabirasini hibsga olganlar.

Hibsga olinganlarga nisbatan qanday ayblov qo‘yilgani aniq ma‘lum emas
Сурат тагсўзи, Hibsga olinganlarga nisbatan qanday ayblov qo‘yilgani aniq ma‘lum emas

Shuningdek, Nisbatillo hoji uyida uyushtirilgan tintuv natijasida "Qur‘on" kitobi va to‘y-tamosholar tasvirga tushirilgan ikki dona video disk musodara qilingan.

Surat Ikromovning aytishicha, Nurovlar oilasining to‘rt a‘zosi: Sayfullo, Sa‘dullo, Abdullo va Iskandar va ularning mahalladoshlari Davlatov Xojiakbar, Suvonov Inoqhojilar o‘sha kundan buyon Milliy Xavfsizlik Xizmati Termiz shahar bo‘limida saqlanmoqda.

Surxandaryo Viloyati Milliy Xavfsizlik Xizmati xodimi BBCga Sariosiyo tumanidan bo‘lgan "olti fuqaro"ning, haqatan ham, Termez shahrida hibsda saqlanayotganini tasdiqladi.

Biroq, MXX xodmi ularga hozirda qanday ayblov qo‘yilgani borasida qo‘shimcha ma‘lumot bermadi.

Nisbatillo hoji Nurovning 56-yoshli o‘g‘li Nusratullo hibsga olingan farzandi - Iskandar va ukalari - Sayfullo, Sa‘dullo va Abdulloga hozirga qadar himoyachi tayinlanmaganini aytadi.

BBC bilan suhbatda Nusratullo Nurov yaqinlarining qiynoqqa tutilayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda ekanini bildirdi.