Endi raqib darvozasiga urilgan to‘pni texnologiya aniqlaydi

Сурат манбаси, Getty
Xalqaro Futbol Uyushmalari Kengashi ishqibozlarning uzoq yillik talablarini qondirdi.
Endi to‘pning raqib darvozasiga kirgan-kirmaganini maxsus zamonaviy texnologiya aniqlaydigan bo‘ldi.
To‘g‘ri, hozircha yangi sistema keng miqyosda qo‘llanilmaydi: avvaliga shu yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida sinab ko‘riladi.
Agar u ish bersa, shundan so‘ng boshqa turnirlarda ham ishlatila boshlanadi.
Uzoq yillar davomida futbol ishqibozlari hayf ketgan to‘pga faqat achinib, yonib, kuyib qarab o‘tirishardi, xolos.
Uni tan olish yoki olmaslik huquqiga esa, faqat maydondagi hakam va uning yordamchilari ega edilar.
Ammo xuddi shunday bir manzarada tennis, kriket va regbida bu kabi texnologiyalar keng qo‘llanib kelinayotgandi.
Futbol amaldorlari esa, doimo ushbu yangilikka qarshilik ko‘rsatib kelishgan.
Deylik, FIFA Prezidenti Zepp Blatter yangi texnologiya sabab, futbol o‘z sur‘ati va jozibasini yo‘qotib qo‘yadi, degan xavotirda edi.
Ovro‘po Futbol rahbariyati(UEFA) ham bunga ro‘yxushlik bermay kelayotgandi.
Uyushma prezidenti Mishel Platini yangi texnologiyaning o‘rniga, yon hakamlar sonini ko‘paytiraylik, degan taklifni ham ilgari surgandi.
Ammo uning bu besamar taklifi ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagandi.
Biroq so‘nggi(2010) Jahon chempionatining chorak final uchrashuvida Angliya tomonidan Olmoniya darvozasiga urilgan to‘pning inobatga olinmasligi hammasiga nuqta qo‘ydi.
FIFA ushbu masalada qat‘iy chora ko‘rishga majbur bo‘ldi.
O‘zbekistondan munosabat
Faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayev so‘nggi yangilikka O‘zbekistonda ham munosabat ijobiy ekanini aytadi.
"Hakamning aybi bilan bitta jamoani g‘alabadan mahrum qilish bu - futbolimizga faqatgina putur yetkazadi", deydi u.
Faxriy futbol sharhlovchisining aytishicha, Xalqaro Futbol Uyushmalari Kengashi o‘zi va ko‘pchilik futbol muxlislari nazdlarida ham to‘g‘ri ish qilgan:
O‘zbekistonlik ashaddiy futbol ishqibozlaridan birining aytishicha, yangi texnologiyani qo‘llashga qaror qilingani - ko‘pchilik futbol muxlislari va futbolchilarni alamli vaziyatdan olib chiqishga yordam beradi.
Unga ko‘ra, Xalqaro Futbol Uyushmalari Kengashining bu xususdagi qarorini yoqlaydi va bu - to‘g‘ri qaror bo‘lgan.
O‘zbekistonlik futbol ishqibozi yangi texnologiya o‘z milliy terma jamoalari ishtirokidagi o‘yinlarda ham qo‘llansa yaxshi bo‘lardi, deydi.
"O‘yin natijasi haqqoniy bo‘lardi. Hakamga qarshi har xil haqoratli gaplar bo‘lmasdi. Yangi texnologiyaning yomon tomonini ko‘rmayapman, lekin yaxshi tarafi ko‘p".
"O‘sha Eron bilan O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda ham ko‘rdik, Odil Ahmedov tepgan to‘p "gol" bo‘luvdi. O‘shaniyam hakam ko‘rmay qoldi. O‘shandayam muxlislarga qancha alam qildi. Menimcha, bu kabi texnologiya kerak", deydi u:
Yangi texnologiya
So‘z dastlab 12 xil ko‘rinishdagi yangi texnologiya haqida borgan bo‘lsa, ulardan faqat ikkitasi kecha ovoz berishga qo‘yilgan.
Taqdirning hazilini qarangki, bu yerda ham Angliya va Olmoniya to‘qnashib qolishgan.
Olmoniyada ishlangan Goalref tizimi to‘pga o‘rnatilgan sezgichga asoslanadi.
To‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tgan paytda, magnit maydoni orqali o‘tadi va hakam bundan darhol ogoh bo‘ladi.
Angliya esa, tennis va kriket turnirlarida keng qo‘llanib kelayotgan Hawk-Eye texnologiyasini taklif etmoqda.
Bu variantda darvozaning har tomoniga oltitadan kamera o‘rnatiladi.
Kameralar olgan tasvirlar avtomatik ravishda birlashib, to‘p tekkan joyning aniq tasvirini ko‘rsatadi.
Har ikki sistema ham qo‘llaridagi soatlari orqali hakamlarni zudlik bilan ogohlantirishga moslangan.
Xalqaro Futbol Uyushmalari Kengashi qay bir tizimni tanlashidan qat‘inazar, kecha bo‘lib o‘tgan ovoz berishlardan so‘ng futbol ligalari uni qo‘llash huquqiga ega bo‘lishadi.
Yangi texnologiyadan foydalanuvchi ilk yirik liga - Amerika Oliy ligasi bo‘ladi.
U yerda yangi futbol mavsumi mart oyida start oladi.































