Bulg‘oriston: "isroilliklarni xudkush hujumchi halok etgan"

Published

Bulg‘oriston rasmiylariga ko‘ra, mamlakat sharqida isroillik sayyohlar o‘tirgan avtobusni soxta AQSh guvohnomasiga ega bo‘lgan xudkush hujumchi portlatgan bo‘lishi mumkin.

Bulg‘oristonning Qora dengiz sohilidagi Burgas aeroportidagi 18 iyul kuni kechaga yaqin ro‘y bergan portlash oqibatida sakkiz inson halok bo‘lgan, 34 kishi yaralangan.

Isroil Burgasga maxsus uchoq jo‘natgan, bu uchoqda shifokorlar hamda halok bo‘lganlar shaxsini aniqlovchi mutaxassislar bo‘lgan.

Mahalliy vaqt bilan soat 17 da Tel-Avivdan uchib kelgan uchoq Burgas aeroportiga qo‘ngan.

Ko‘p o‘tmay, sayyohlar avtobuslarga o‘tirishgan, shu paytda portlash ro‘y bergan.

Bulg‘or rasmiylaridan birining aytishicha, aeroportdagi kuzatuv kamerasiga tushib qolgan qofqozlik shubha qilinayapti.

Shubha qilinayotgan kishi aeroport terminalida biroz vaqt bo‘lgan, u terminaldan tashqariga chiqqanidan keyin ko‘p o‘tmay portlash ro‘y bergan.

Shu odam xudkush hujumchi bo‘lishi mumkin, deya taxmin qilinayapti.

Isroil rasmiylari ushbu hodisada Eronni ayblab chiqdilar.

Isroil Mudofaa vaziri Exud Barak hujumda Eron bilan aloqasi yaxshi Livanning "Hizbulloh" guruhini ayblagan.

Bosh vazir Benjamin Netanyaxu aytishicha, "Isroil Eronning terroriga qahrli javob qaytaradi".

Bulg‘oriston rasmiylariga ko‘ra, portlash oqibatida halok bo‘lganlarning olti nafari isroillik sayyohlar bo‘lganlar.

Bir avtobus haydovchisi va xudkush hujumchining o‘zi halok bo‘lgan, deb ko‘rilmoqda.

Jarohatlanganlarning ikki nafarining ahvoli og‘ir ekani xabar qilingan, ular poytaxt Sofiya shifoxonasiga olib ketilgan.

Bulg‘oriston isroillik sayyohlar yoqtiradigan maskanlardan biri hisoblanadi.

Shu yil yanvarida Isroil Bulg‘oristonni sayyohlar foydalanadigan avtobuslar uchun xavfsizlik choralarini kuchaytirishni so‘ragani haqida xabarlar tarqalgan edi.