Turkiyadagi tartibsizliklar chog‘i 1000 ga yaqin odam hibsga olingan

Published

Turkiya Ichki ishlar vaziri Muammar Gulerning aytishicha, Istanbul va boshqa shaharlardagi ikki kunlik aksilhukumat chiqishlari payti 900 dan ortiq odam hibsga olingan.

Muxbirlarga ko‘ra, ushbu namoyishlar oxirgi yillarda Turkiyada yuz bergan eng yirik hukumatga qarshi namoyishlar bo‘lgan.

Norozilik namoyishlariga Istanbul shahridagi Gezi istirohat bog‘i o‘rnida savdo va dam olish majmuasi barpo etish rejasi sabab bo‘lgan.

Gezi parki oldidagi Taksim xiyobonini namoyishchilar egallab olgan edilar, muxbirlarning xabar qilishicha, yakshanba tongiga kelib politsiya xiyobonni namoyishchilardan tozalagan.

Shanbadan-yakshanbaga o‘tar kechasi va ertalab politsiya Istanbulning ayrim joylarida namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiradigan gaz qo‘llagani haqidagi xabarlar olingan.

Vaziyat tinchigani kuzatilgan.

Ichki ishlar vaziriga ko‘ra, politsiya bilan namoyishchilar to‘qnashuvi oqibatida 26 politsiya xodimi, 53 tinch fuqaro jarohatlangan.

Istanbul shifoxonasidagi bir kishining ahvoli og‘ir ekani xabar qilinmoqda.

Hibsga olinganlarning ayrimlari allaqachon qo‘yib yuborilganlar.

Boshqalar ustidan mahkama bo‘lishini xabar qilgan ichki ishlar vaziri.

BBCning Istanbuldagi muxbiri Jeyms Reynolds xabar qilishicha, qattiq yog‘ingarchilik ham namoyishchilarni uy-uylariga tarqashga undagan.

Ichki ishlar vaziri Muammar Guler aytishicha, mamlakatning 48 shahrida noroziliklar kuzatilgan.

Shanba kuni Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘on norozilik namoyishlari zudlik bilan to‘xtatishga chaqirgan.

Janob Erdo‘g‘on politsiyaning namoyishchilarni tarqatish paytida "ayrim xatolarga yo‘l qo‘yilgani, politsiyaning javobida ekstremizm" bo‘lganini tan olgan.

Biroq janob Erdo‘g‘on o‘z muxoliflarini Gezi istirohat bog‘i masalasidan vaziyatni taranglashtirish maqsadida foydalanganlikda ayblagan.

Namoyishlarga qaramasdan Turkiya bosh vaziri qayta qurish rejasidan qaytilmasligini bildirgan.

BBC muxbiriga ko‘ra, yosh namoyishchilar joriy hukumatni avtoritar boshqaruvda va Turkiyani islomlashtirayotganlikda ayblaganlar.

Bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘on 2002 yildan buyon Turkiyani boshqarmoqda.

BBC muxbiriga ko‘ra, u mamlakat konstitutsiyasini o‘zgartirib, yana ko‘proq muddat qudratda qolish istagini bildirgan.

Janob Erdo‘g‘onning Adolat va Tiklanish partiyasi islomiy ildizlarga ega partiya hisoblanadi, biroq partiya Turkiyaning dunyoviy tizimiga sodiq qolishini aytib keladi.