"Suriya do‘stlari" isyonchilarni qurollantirishga chaqirdi

AQSh Suriya hukumati kimyoviy qurollarni qo‘llagani uchun isyonchilarni qurollantirishga bel bog‘laganini aytgan
Сурат тагсўзи, AQSh Suriya hukumati kimyoviy qurollarni qo‘llagani uchun isyonchilarni qurollantirishga bel bog‘laganini aytgan
Published

Prezident Bashar al-Assadning iste‘fosini talab qiluvchi "Suriya do‘stlari" guruhiga kiruvchi mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari isyonchilarni qurollashga chaqirganlar.

Qatar poytaxti Dohada ochilgan yig‘inda Qatar Bosh Vaziri Hamad bin Yassim Jobir al-Tani isyonchilarni "qurollantirish tinchlikka erishishning yagona yo‘li" ekanini aytdi.

Biroq ayni damda u va AQD Davlat Kotibi Jon Kerri bu jarayonda muvozanatga erishish va Suriya hukumatini muzokaralarga rozi qilish muhim ekanini aytganlar.

"Suriya do‘stlari" guruhiga AQSh, Britaniya, Frantsiya, Olmoniya, Saudiy Arabistoni, Turkiya, Misr va Iordaniya kiradi.

Bu uchrashuvdan bir hafta ilgari AQSh Suriyadagi isyonchilarga "bevosita harbiy yordam" berishini aytgandi.

AQSh o‘z qaroriga Suriya hukumatining kichik ko‘lamli kimyoviy qurollarni ishga solgani borasidagi dalil-isbotlar sabab bo‘lganini bildirgan.

"Suriya do‘stlari" guruhi Rossiya va Xitoyning Suriya borasidagi BMT rezolyutsiyalariga to‘siq qo‘yishi ortidan barpo etilgandi.

Shanba kuni Qatar bosh vaziri BMT Xavfsizlik kengashida kelishuvga erishilmagani ularning ilgari qadam tashlashiga to‘siq bo‘la olmasligini aytgan.

U Suriya isyonchilarini faqat ruhiy qo‘llab-quvvatlash kifoya emasligi haqida gapirdi.

Ayni paytda Suriyada shanba kuni hukumat kuchlari poytaxt Damashq shimolidagi isyonchilar istehkomlariga qarshi hujumlarni kuchaytirgan.

Mahalliy faollar qator mavzelar bombardimon qilinganini xabar qildilar.

Isyonchilar, o‘z navbatida, shimoldagi Halab shahrida yangi hujumlarini avj oldirganlarini e‘lon qilishdi.

Ikki yil avval boshlangan mojaroda shu kungacha 90 ming odam halok bo‘lgan.

Suriya hukumati xorijiy kuchlar tomonidan dastaklanayotgan "terrorchilar"ga qarshi kurashayotganini aytadi.