Ukraina parlamenti Yanukovich iste‘fosini ma‘qullagan

Сурат манбаси, UNIAN
Ukraina Oliy Radasi deputatlari Viktor Yanukovichni prezidentlik lavozimidan muddatidan oldin ketkazish ko‘zda tutilgan qarorni ma‘qullab ovoz berganlar.
Rada TV telekanali parlamentdagi ovoz berishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etgan.
Unda Viktor Yanukovichni iste‘foga chiqarishni ma‘qullab 328 parlament a‘zosi ovoz bergani ko‘rsatilgan.
328 ovoz Ukraina Oliy Radasida konstitutsion ko‘pchilik hisoblanadi.
Parlament qarorida aytilishicha, Viktor Yanukovich Ukraina prezidenti vakolatini ado etishdan bosh tortgan va shuning uchun Oliy Rada davlat rahbarining muddatdan oldin saylovi haqida qaror qabul qilishga majbur bo‘lgan.
Parlament 25 may kunini Ukrainadagi muddatidan oldin prezidentlik saylovi kuni deb e‘lon qilgan.
Bundan oldin Oliy Rada spikeri Vladimir Ribak iste‘foga chiqqani, uning o‘rniga muxolifatdagi "Batkivshina" rahbari Aleksandr Turchinov Ukraina parlamenti rahbari etib saylangani xabar qilingan.
Yuliya Timoshenko ozod etilgan

Сурат манбаси, AP
So‘ng parlament mamlakatning 2004 yilgi konstitutsiyasini hayotga tatbiq etish haqidagi qarorni ma‘qullagan.
Ushbu konstitutsiyaga ko‘ra mamlakat hukumatini prezident ma‘qullovisiz ham shakllantirish mumkin.
Shuningdek, parlament muxolifat rahbari Yuliya Timoshenkoni qamoqdan ozod qilish haqida qaror qabul qilgan.
Muxbirlar birozdan keyin Timoshenko xonim Xarkov shahridagi qamoqxona shifoxonasini tark etgani haqida xabar tarqatganlar.
Mahalliy vaqt bilan soat 16 da qator Ukraina telekanallari Rossiyaga yaqin Xarkov shahridan Viktor Yanukovich telemurojaatini namoyish etganlar.
O‘z bayonotida janob Yanukovich iste‘foga chiqmasligini, yanada ko‘p qon to‘kilishi oldini olish maqsadida qo‘lidan kelgan hamma ishni qilayotganini aytgan.
So‘nggi hodisalarni u davlat to‘ntarishiga urinish deb baholagan, xalqaro hamjamiyatni Ukrainadagi "radikallarni to‘xtatishga" chaqirgan.































