Abduvali qori Mirzayev "Jihod" deb nomlangan tashkilot rahbari bo‘lganmi?

Published
Ўқилиш вақти: 1 дақ

O‘zbek matbuoti xabar tarqatishicha, taniqli andijonlik imom Abduvali qori Mirzayev "Jihod" deb nomlangan diniy-ekstremistik tashkilotning rahbari bo‘lgan.

"Tashkentskaya pravda" ro‘znomasi bundan bir yil oldin bo‘lib o‘tgan mahkama haqida xabar tarqatishga qaror qilgan.

Bu xabarda aytilishicha, Toshkent viloyatidagi O‘rta Chirchiq tuman mahkamasi 2013 yilning 12 martida bir necha kishini "Jihod" harakatiga a‘zolikda ayblab qamoq jazolariga hukm etgan.

Mahkama hujjatlarida 29 va undan ko‘p kishi "Jihod" diniy-ekstremistik harakatining a‘zolari deb ko‘rilgani haqida yoziladi xabarlarda.

"Ushbu noqonuniy jamiyat rahbari To‘lqin Ne‘matov 1994 yilda Toshkentdagi "Chorsu" bozori yaqinidagi masjid oldida "Jihod" harakatining rahbari Abduvali Mirzayevning o‘g‘li va guruh a‘zosi Abduquddus Mirzayev bilan tanishgan. O‘shandan boshlab ular To‘ytepada maxfiy uchrashuvlar o‘tkaza boshlaganlar", deb yozadi 12news.uz web-sayti.

Bu yig‘ilishlarda go‘yoki "jihod" haqida gapirilgan.

"Bunday guruhlarni hamma shahar va tumanlarda tashkil qilish, oxir-oqibatda hokimiyatni qo‘lga kiritish maqsadida terrorchilik xurujlarini amalga oshirish zarurligi aytilgan", deb yozgan "Tashkentskaya pravda" ro‘znomasi.

Butun Markaziy Osiyoda tan olingan, eng nufuzli ulamolardan biri bo‘lgan Abduvali qori Mirzayev 1995 yilda g‘oyib bo‘lgan.

U va bir necha hamrohi avgust oyining oxirida Moskvadagi konferentsiyaga yo‘l olgan va Toshkent aeroportida tekshiruvdan o‘tganidan keyin g‘oyib bo‘lganlar.

Taniqli imomning nomi O‘zbekistonda 1990-yillar o‘rtalaridan keyin bo‘lib o‘tgan ko‘plab sondagi noqonuniy diniy tashkilotlarga aloqadorlik ayblovlari ilgari surilgan mahkamalarda tilga olingan, u "Vahhobiylik" oqimining ruhoniy rahbari sifatida taqdim qilingan.

Otasi g‘oyib bo‘lganidan keyin topishga rosa harakat qilgan Abdulquddus Mirzayev 2007 yil sentyabrida Saudiya Arabistoniga Umra ziyoratiga borgan paytida onasi va o‘g‘li bilan birga avtohalokatda vafot etganlar.

2006 yilgacha Abdulquddus Mirzayev O‘zbekistonda yashagan va unga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma‘lum emas.

Faqat bir marta Andijon militsiyasi uni ushlagan va qo‘yib yuborgan.

Shundan keyin Abdulquddus Mirzayev Qirg‘izistonda yashagan.

Bundan 20 yil oldin O‘zbekistonda "Jihod" deb nomlangan guruh bo‘lganmi?

Abduvali qori Mirzayevdan diniy tahsil olgan, hozir Shvetsiyada muhojirotda istiqomat qiladigan sobiq imom Muhammadsolih Abutov bunday tashkilot bo‘lganini inkor etadi, yangi ayblovni O‘zbekiston hukumatining navbatdagi soxtalashtirilgan jinoyat ishi deydi.