Qadr topgan shoir va tojikistonlik o‘zbeklar

Published

Tojikiston poytaxti – Dushanbeda o‘zbek shoiri O‘lmas Jamolning 80 yilligi nishonlangan. Asosiy tantana Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi majlislar zalida bo‘lib o‘tgan.

Shoir tavallud ayyomini nishonlash uchun Tojikistonning deyarli hamma mintaqalaridan shoir va yozuvchilar, ijodkorning yuzlab muxlislari yig‘ilishgan.

To‘rt yuz kishidan ortiq odamni sig‘dira oladigan katta tolor O‘lmas Jamol do‘stlari, muxlislarini sig‘dira olmagan. O‘nlab kishilar tik turib qolishgan.

Bir yurakni ikki tilib bo‘larmikan?

Yig‘ilishda dastlab so‘z olgan Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi raisi Mehmon Baxtiy O‘lmas Jamolning faqatgina Tojikistondagi o‘zbek adabiyotiga emas, balki tojik adabiyotiga ham hissa qo‘shganligini ta‘kidlagan.

U shoirning Alisher Navoiydan keyin o‘zbek shoirlari orasida to‘rt devon tuzishga muvaffaq bo‘lganligini alohida ta‘kidlagan.

Shoir 80 yilligi arafasida unga bag‘ishlab Dushanbeda nashr etilgan kitobga aynan Mehmon Baxtiyning O‘lmas Jamol borasidagi so‘zlari – “Ikki chaman bulbuli” nom o‘laroq tanlangan.

Tantanani olib borgan Tojikiston Xalq shoiri Kamol Nasrullo O‘lmas Jamol haqida so‘zlar ekan, o‘zbek va tojik xalqlarini hech qachon ajratib bo‘lmasligini, buning uchun bir yurakni ikki tilib tashlash zarurligini ifoda etgan.

Mashhur shoira Gulruxsor O‘lmas Jamolning Rudakiydan tortib hozirgi tojik shoirlarining asarlarini o‘zbek kitobxonlariga yetkazib berishdagi xizmatlari beqiyosligini, uning ikki tilni birday yaxshi bilishi tarjimaning asl nusxadagi kabi chiqishida o‘rin tutganligini aytgan.

O‘lmas Jamolning 80 yilligida shoir, do‘stlik, vatanparvarlik, insoniylik haqida aytilgan yurak so‘zlari, qo‘shiqlar ikki tilda yangrar ekan, o‘zbek va tojiklarni birday hayajonga solgan.

Tojikiston Xalq artisti Afzalsho Shodiyev O‘lmas Jamolni tojik va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi ko‘prik degan va shoirning ikki xalq do‘stligini vasf etuvchi “Tojikiston o‘g‘lidurman, o‘zbegim gufto pisar…” qo‘shig‘ini ijro etgan.

Tojikistonning ilk mustaqillik yillarida mamlakatda kechgan fuqarolik urushi davrida O‘lmas Jamol o‘zbek va tojiklarni do‘stlikka, birodarlikka chorlash uchun hayotini xavfga solgan holda o‘q uzilib turgan yerlarga ham borgan.

U hozirda ham mamlakatda ikki qarama-qarshi kuch orasida tuzilgan yarashuv bitimidan so‘ng tashkil etilgan Vahdat (“Birlik”) va milliy ehyo harakati Rayosati a‘zosidir.

Ayni bir paytda Tojikiston Yozuvchilar Ittifoqi o‘zbek bo‘limi boshlig‘i, Respublika Rudakiy nomli Davlat mukofoti Qo‘mitasi a‘zosidir.

Shoirning o‘zbekistonlik do‘stlari

O‘lmas Jamol aslida Samarqandning Urgutida dunyoga kelgan. Maktabning ikki sinfini u yerda o‘qigach, ota-onasi bilan Tojikistonga - Dushanbega ko‘chib kelishgan. Hozirda Dushanbeda, Qo‘rg‘ontepada urgutliklar yashaydigan o‘ndan ortiq mahalla mavjud.

Shoirning sakson yillik to‘yiga kelgan mehmonlar orasida nogironlik aravachasida o‘tirgan samarqandlik shoir Hayot Ne‘matni ko‘rish mumkin edi.

Lekin O‘lmas Jamolning ko‘plab o‘zbekistonlik ijodkor do‘stlari uning to‘yida birga bo‘la olishmagan. Mahalliy tahlilchilarning aytishlaricha buning asosiy sababi ikki mamlakat orasidagi viza tartibiga bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Xalq shoiri Erkin Vohidovning O‘lmas Jamol borasida aytgan so‘zlarini keltirish o‘rinli:

“ Hech esimdan chiqmaydi, ulug‘ ustozimiz G‘afur G‘ulom bilan Dushanbeda safarda bo‘lganimizda bir adabiy kechamiz bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda tojikistonlik bir necha yosh sho-ir ham ishtirok etgan edi. O‘lmas Jamol ularning yetakchisi edi. G‘afur G‘ulom yosh shoir-larning she‘rlarini tinglab, boshlarini silab, ko‘ngillarini ko‘tarib, mehribonlik ko‘rsatganiga o‘zim guvohman. O‘lmas Jamolning she‘riyatidagi nafosat, dilbarlik yoniga donishmandlik qo‘shildi. Insoniy dard, insonparvarlik, gumanistik yo‘nalish paydo bo‘ldi.

Hozir u mahoratning cho‘qqisida turibdi. Bizga tengdosh bo‘lgan shoirlar orasida aruzda ijod qilganlari juda kam”.

Erkin Vohidov kabi Abdulla Oripov, Jamol Kamol kabi mashhur o‘zbek shoirlari ham O‘lmas Jamolning aruzdagi mahoratini ta‘kidlashgan.

“Mana O‘lmas Jamol ko‘plab devon tuzibdilar. Men shu o‘rinda aytmoqchimanki, devon tuzish, bu hammaga ma‘lum, har bir shoirga ham nasib etgan emas. Hozirgi zamonda ham, o‘tgan davrlarda ham bu devonlar o‘z-o‘zidan nashr ham bo‘lib qolavermaydi, bundan ko‘z yummaslik kerak”, degan Abdulla Oripov.

U O‘lmas Jamol haqidagi so‘zini davom ettirar ekan, “ Bozor iqtisodiyoti kabi muammolar yozuvchining qarshisidan chiqib turadi. Bu butun dunyoda bor gap. Shunday sharoitda shoirning nainki she‘rini o‘qib, balki tushunib, unga ko‘mak berib kelayotgan insonlar yaxshiyamki, bu dunyoda bor. Men ularga chin dildan rahmat, deyman”, degan fikrni aytgan.

Shoirning sakson yoshligi arafasida Dushanbedagi “Adib” nashriyotida uning to‘rtinchi devoni – “Ma‘mur” nashr etilgan.

O‘zbekiston Xalq shoiri Jamol Kamol “O‘lmas akaning yana bir o‘zga ulug‘ xususiyatini ta‘kidlashni istardim”, deydi.

Uning yozishicha:

“O‘lmas aka bizni birodarlikka undaydi. Tojik va o‘zbek xalqlari do‘stligini kuylay-di. Shuni bitta emas, yuzlab qo‘shiqlarga aylantirgan mana shu O‘lmas Jamol bo‘ladi. Insof bilan aytish kerak, biz doimo aytamiz, bu bir et bilan tirnoq – ikki xalq. Biz xalqni do‘stlikka, birodarlikka undamasak bo‘lmaydi. Chunki bizga o‘sha sovet davridan millatchilik degan bir baloni olib kelishdi. Payg‘ambarimizdan qolgan hadis borki, millatchilik islom uchun haromdir. Asosiy bayrog‘i ummatchilik, millatchilik emas. Shuning uchun, biz kelajakda albatta nainki Tojikistonu O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo bitta ittifoqqa uyushishimiz kerak. Bu bugun bo‘lmasa, indin, albatta bo‘ladi. Nima uchun? Chunki 27 davlat Yevropa ittifoqi bo‘lib turganda, nega biz jonu jigar, dilimiz, tomirimiz, ildizimiz bitta bo‘lgan 5 ta respublika alohida-alohida bo‘lib yashaymiz?.. Ana shu birgalikka undaydigan shoirlardan bittasi O‘lmas Jamol akamiz bo‘ladi”.

Iztirobli tashvishlar

O‘zbek adabiyotiga Abdulla Qahhor va Pirimqul Qodirovdek mashhur adiblarni bergan Tojikistonda hozirda ham o‘nlab o‘zbek shoir va yozuvchilari yashab, ijod etishmoqda. Joriy yilda ulardan uch nafari Tojikiston Yozuvchilar ittifoqiga a‘zoligiga qabul qilindi.

Ayni bir paytda Tojikistonda o‘zbek adabiyoti kelajagi borasida iztirobli tashvishlar ham yo‘q emas. Mahalliy tahlilchilarning aytishlaricha mamlakatda o‘zbek maktablari soni tobora kamayib borar ekan, o‘zbek tilidagi kitoblarga ehtiyoj ham kamayadi. Tojik tilida ma‘lumot oladigan o‘zbeklar o‘z ona tillaridan uzoqlasha borib, bu tilda yozilgan kitoblarni tushunib o‘qishda qiynaladilar.

Biroq hozirda ham o‘zbek tilidagi badiiy kitoblar juda oz nusxada – ko‘pi bilan ming-ikki ming nusxada, aksar hollarda atigi 100-200 nusxadan nashr etilmoqda. Ana shu oz nusxadagi kitoblarning tarqalishi xam qiyin kechmoqda. O‘zbek kitoblari muallifning mablag‘i yo juda oz hollarda homiylar ko‘magi bilan dunyo yuzini ko‘rmoqda.

Shoir va jurnalist O‘lmas Jamolning sakson yilligining tantanali nishonlanishi, uning televideniye orqali ko‘rsatish uchun suratga olinishi, o‘zbek ijodkorining qadrlanishi bu to‘yga kelgan o‘zbeklarni ayniqsa to‘lqinlantirib yubordi. Faqat Dushanbe va uning atrofidagi Hisor vodisidan emas, balki Sug‘d va Qo‘rg‘ontepa viloyatlaridan kelgan o‘zbeklar O‘lmas Jamol misolida o‘zlari ham qadr topganday bo‘lishdi, deydi tahlilchilardan biri.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002