Bi-bi-sining bu galgi mehmoni – yozuvchi Shahodat Ulug‘

Published

Shahodat Ulug‘ (Ulug‘ova) – 1970 yilda Nurota shahrida tug‘ilgan.

O‘rta maktabni tamomlagach, ToshDU jurnalistika fakulьtetida tahsil olgan.

Uning "Qayta tug‘ilish" (1997) va "G‘animatim" (2004) deb nomlangan nasriy kitoblari chop etilgan.

"...Davri davron dorulsaltananing, Pomiru Tiyonshongacha, Fors ko‘rfazidan Firot va Dajla daryolari qadar o‘z ta‘sirini yoygan Xorazmshohlar saltanatining so‘nggi hukmdori - Jaloliddinning ruhiy quvvati va shijoati qarshisida hatto yengilmas Chingiz-da dong qolgan edi. Men esam baayni uning hayotini ichimda tashib yurgandek edim. Yashirib nima qildim, uning jasoratlarga to‘lug‘ hayoti mening nuray boshlagan devorlarimni o‘nglab qo‘ygandi. Uning kabi qat‘iyat sohibi, uning kabi o‘z e‘tiqodiga sodiq vatanparvar, uning kabi akobir va ruhiy quvvati zo‘r, ma‘naviy dahoci har dam, har qachon peshonamga yurtim epkinlarini purkagan Zotni hali bilgan emasdim. Shuni anglab yetgan lahzalardan boshlab, men ojiza o‘z hayotimni butkul unutib, uning hayoti ila yashay boshladim..."

Ushbu jumlalar adibaning "Jayhun epkinlari" nomli, ayni paytda nashrga tayyorlanayotgan asari muqaddimasidan o‘rin olgan.

Ikki kitobdan iborat ayni romanda xalqimizning matonatlarga to‘lug‘ dolg‘ali o‘tmishidan hikoya qilinar ekan, asarning tilida, tasvirlarning ohangida ushbu o‘tmishga alohida muhabbat yaqqol bilinib turadi.

Aziz o‘quvchi, mehmonimizga atalgan, badiiy adabiyot va voqelik, o‘tmish va bugunning adabiyotdagi in‘ikosi kabi mavzularga doir savollaringizni kutib qolamiz.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002