"Yarashmagan yallangga..."

- Author, Usmon Tegirmonchi
- Role, O‘zbekiston
- Published
O‘tgan hordiq kunlari samarqandlik o‘rtog‘imning uyiga, ukasining to‘yiga borib keldim.
To‘ydan so‘ng ko‘hna Samarqandni yana bir ziyorat qilish uchun shaharga kirib o‘tdim.
Oxirgi marta besh yil avval bo‘lgan ekanman shaharda. Dong‘i dunyoga ketgan bu qadimiy shaharni tanimay qoldim.
Markaziy ko‘chalardan ketib borayapmanu, xuddi bir Ovro‘pa shahrida yurgandekman.
Yo‘llar ravon va tekis, qadimiy obidalar atrofi kengaytirilib, sayohlar va avtomobillar uchun qulay to‘xtash joylari barpo etilgan.
Xullas, ko‘ngilni shod qiladigan obodonchilik.
Biroq Samarqandning duru gavhari bo‘lmish Registon maydoniga borganimda birov ustimdan sovuq suv quyib yuborgandek bo‘ldi - qarshimdagi manzarani ko‘rib hangu mang bo‘lib qoldim.
Gazetalarda Registon maydonida bo‘layotgan ta‘mirlash ishlari haqida o‘qigan edim, internetda minoralardan birining qiyshayib qolgani haqida yozishganidan ham xabarim bor edi.

Biroq dunyoda yagona bo‘lgan, bir maydonda bir-biriga qarab turgan uch ulug‘vor madrasaning ahvolini ko‘rib, to‘g‘risi, dardimni kimga aytishni bilmay qoldim.
Bu qadimiy binolarga kimdir "oppoq tufli" kiydirib qo‘yibdi.
Madrasalarning devorlariga odam bo‘yidan balandroq qilib oq marmarlar yopishtirib chiqilibdi.
Qadimiy bezaklar ko‘chirib tashlanib, marmarlar yopishtirilgan.
Binolarning o‘ziga xosligi, bezak, naqsh va ranglar mutanosibligi buzilgan.
Bir qaraganda, tuppa tuzuk odamga yarashmagan oppoq tufli kiydirib qo‘yilganga o‘xshaydi. balki ta‘mirlash ustida turgan me‘morlarning bundan o‘ziga xos ko‘zlagan maqsadi bordir, lekin bu Registonga yarashgan deb aytolmayman.
Bundan tashqari, Registon maydonining old qismiga to‘laligicha oq marmar toshlar yotqizib chiqilgan, juda go‘zal, lekin yana ming afsuslar bo‘lsinki, bu oppoq hashamatli kenglik binolarning shukuhini kamaytirib yuborgan.
Endi Registon ko‘zingizga avvalgidek hashamatli emas, balki kichikroq bo‘lib ko‘rinadi.
Shu yerda aylanib yurgan bir olmon sayohining ham ta‘mirlash ishlaridan hafsalasi pir bo‘lganini eshitdim.
"Biz bunaqangi yangicha ta‘mirlangan binolarni emas, o‘z holicha, o‘z qadimiyligi bilan turgan, ya‘ni qo‘l tekizilmagan osori atiqalarni ko‘rgani kelardik.
Agar ta‘mirlash shunaqa davom etsa, Samarqand xorij sayyohlari uchun o‘z ohanrabosini yo‘qotadi.
Sayyohlar uchun Rim va Afinadagi kabi qadimiy binolar ardoqli" deydi u.
Men esa ko‘p gapirib nima qildim, suratlarga qarab o‘zingiz baho bering.
-------------------------------------------------------------------------------------------
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002
Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.































