Mulla Umar baribir Islomiy davlat qurmoqchi

Published

Afg‘oniston Tolibon harakati rahbarining aytishicha, buning uchun barcha – ham harbiy va ham siyosiy vositalarini ishga solishadi.

Mulla Muhammad Umar bu haqda Iyd al Adha munosabati bilan Afg‘oniston xalqiga yo‘llagan tabrik maktubida bayon qiladi.

Harakat rahbariga ko‘ra, bundan ko‘zlagan asosiy maqsadlari Afg‘onistonda Amerika ishg‘oliga chek qo‘yish va qudratli Islomiy davlat barpo etish.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Tolibon harakati 90-yillar boshlarida qo‘shni Afg‘onistonda Islomiy Amirlikka asos solishga muvaffaq bo‘lgan.

Ammo ular barpo qilgan Islomiy davlat oradan bir necha yil o‘tib, 2001 yilda AQSh boshchiligidagi kuchlar tomonidan ag‘darilgan.

Harakat rahbarining so‘nggi bayonotida aytishicha, aynan AQSh ishg‘oliga chek qo‘yib, Afg‘onistonda yana Islomiy davlat barpo etish uchun bor sa‘y-harakatlarini ishga solishda davom etishadi.

Mulla Muhammad Umarning bu kabi bayonoti esa, Afg‘onistonda yangi milliy birdamlik hukumati qudratga kelishidan bor-yo‘g‘i bir necha kun o‘tib yangramoqda.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, Tolibon yangi Afg‘oniston prezidenti rasman qasamyodga keltirilgan o‘tgan dushanba kunidan buyon ketma-ket qator xudkushlik hujumlari uyushtirishga muvaffaq bo‘lgan.

Bu kabi hujumlarining aksariyati esa, Afg‘onistonning boshqa mintaqalari bilan taqqoslanganda nihoyatda kuchli qo‘riqlanuvchi poytaxt Kobulda yuz bergan.

Afg‘oniston Tolibon harakati qo‘shni Afg‘onistonda qudratga kelgan yangi milliy birdamlik hukumatini "AQSh tomonidan tashkillashtirilgan riyokorlik atab, unga qarshi kurashini davom ettirishlari"ni bayon qilgan.

Afg‘onistonda bu yilgi ommaviy safarbarlik ortidan ham, bir necha ming sondagi xorij askari va qator harbiy bazalarining qolishiga qonuniy asos yaratuvchi yangi xavfsizlik bitimini, "shubhali, yovuzona bir ish", - deya baholagandi.

Afg‘onistonning yangi milliy birdamlik hukumati esa, Tolibon masalasida eng avvalo muzokaralar tanloviga ustivorlik berishini e‘lon qildi.

Ammo harakat bilan shu paytgacha turli darajada olib borilgan muloqotlar afg‘on mojarosiga yakuniy yechim topish darajasida ish bermagan.

Tahlilchi munosabati...

Londondan Mudofaa masalalari bo‘yicha yetakchi xalqaro tahlilchi Pol Rojers
Сурат тагсўзи, Londondan Mudofaa masalalari bo‘yicha yetakchi xalqaro tahlilchi Pol Rojers

Xalqaro tahlilchilarga ko‘ra, Mulla Muhammad Umar o‘zining so‘nggi bayonoti bilan mavjud vaziyatda barcha raqib tomonlarga harakatining asosiy maqsadini yana bir bor eslatmoqchi.

Afg‘onistonda AQSh ishg‘oliga chek qo‘yish uchun bor kuchini ishga solishi barobarida, mamlakat siyosiy hayotida ham o‘z so‘ziga ega kuch ekanini yana bir bor yodlariga solmoqchi.

Londondan Mudofaa masalalari bo‘yicha yetakchi xalqaro tahlilchi Pol Rojers Mulla Muhammad Umarning so‘nggi bayonoti xavfli, degan fikrda.

"Bu – toliblarning hozir shundoq ham avjida bo‘lgan amaliyotlarining yanada jonlanishiga yordam beradi. Tolibon rahbariyati orasida Ashraf G‘ani Ahmadzayning avvalgisiga qaraganda, kuchli prezidentga aylanishidan xavotirlar ham yo‘q emas. Shuning uchun ham harakat hanuz faol ekani va Afg‘oniston kelajagiga befarq emasligini anglatib qo‘ymoqchi", - deydi tahlilchi.

Pol Rojersga ko‘ra, Tolibon shu paytgacha Afg‘onistonning qator viloyatlari, ayniqsa, janubiy Helmandda yengish qiyin kuch ekanini amalda isbotlab qo‘ygan va so‘nggi bayonotining eng aqlbovar qilmas jihati ham shundaki, 13 yillik harbiy amaliyotlar ortidan ham, harakat, baribir, Islomiy davlat qurishiga ishonadi.

Tahlilchi, o‘z o‘rnida, hozirgi shart-sharoitni nazarda tutib, harakat avvalgidek butun Afg‘oniston bo‘ylab Islomiy Amirlik barpo eta olmaydi, degan fikrda.

Ammo, uning aytishicha, toliblar qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, Afg‘oniston, ayniqsa, janubiy va janubiy-sharqiy viloyatlar boshqaruvida katta o‘rin tutishga urinib ko‘rishadi.

Chunki ular hanuz Afg‘onistonda katta kuchga ega va xavfsizlik bilan bog‘liq jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan kuch, deydi xalqaro tahlilchi.

"Real voqe‘lik shundayki, Tolibon hanuz mutlaq daf etilmagan. Ular haliyam katta sonda Afg‘onistonda hozir va mamlakatning aksariyat chekka hududlari, ayniqsa, janubi, janubiy-sharqida katta ta‘sirga ega".

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, so‘nggi prezidentlik saylovi bilan bog‘liq qariyb olti oyga cho‘zilgan bo‘hron butun Afg‘oniston bo‘ylab Tolibonning yanada kuchayishiga sabab bo‘lgan.

Harakat oxirgi oylarda Afg‘onistonning Pokiston bilan chegaradosh sharqiy viloyatlari qolib, Markaziy Osiyo chegaralariga yaqin shimoliy mintaqalarida ham ketma-ket hujumlar uyushtirishga muvaffaq bo‘lmoqda.

Uzoq muddatga bo‘lmasa-da, qator tuman va qishloqlarni bosib olishning ham uddasidan chiqmoqda.

Xuddi shu hujumlar manzarasida ayrim mahalliy mas‘ullar Iroqdagi "Islomiy Davlat" jihodiy guruhi jangarilarining qadami Afg‘onistonga ham yetganiga oid da‘volar bilan chiqishgandi.

Tolibon va "Islomiy Davlat"

Ammo Afg‘oniston Tolibon harakati rahbari Mulla Muhammad Umar o‘zining so‘nggi bayonotida yaqinda Iroq va Suriya hududlarida o‘zining Islomiy xalifaligini barpo etgan "Islomiy Davlat" guruhi haqida bir so‘z demaydi.

Harakat Suriyadagi jihodiy guruhlarga qaratilgan va yaqinda e‘lon qilgan xos bayonotida ham na-da "Islomiy Davlat" va na-da ular asos solgan Islomiy xalifatni tilga olgandi.

Tolibon xuddi o‘zining yaqin ittifoqchisi "al-Qoida" tarmog‘i kabi bu guruhlarni oralaridagi ziddiyatlarga barham berish uchun xos sho‘ro tuzishga da‘vat etgan, ammo "Islomiy Davlat" bu kabi vositachilik urinishlariga zarracha bo‘lsin, ahamiyat bermagandi.

"Islomiy Davlat" guruhi esa, shu yil iyun oyida e‘lon qilgan bayonotida "o‘zlari barpo etgan xalifalikning boshqaruvi va qo‘shinlari qay bir hududga yetib borsa, o‘sha yerdagi barcha amirliklar, guruhlar, davlatlar va tashkilotlarning qonuniyligi yo‘qqa chiqajagi"ni bayon qilgandi.

Xalqaro kuzatuvchilarga ko‘ra, ikki guruh o‘rtasidagi ziddiyatli nuqta – xuddi shu masala bo‘ladi va o‘zini hali-hanuz Islomiy Amirlik sanovchi Afg‘oniston Tolibon harakati hech qachon bunga rozi bo‘lmaydi.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, O‘zbekiston Islomiy Harakati istisno, mintaqada faol bo‘lgan biror bir yirik jihodiy guruh shu paytgacha "Islomiy Davlat" guruhini dastaklash yoki ular asos solgan Islomiy xalifat tarkibiga kirish-kirmasliklari xususida hech qanday bayonot bilan chiqishmagan.

Bu jihodiy guruhlar, shuningdek, o‘zlarining ittifoqchilari bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy Harakati tomonidan yaqinda e‘lon qilingan va ularning "Islomiy xalifat bilan bir safda" ekanliklari bildirilgan so‘nggi bayonotiga ham biror bir munosabat bildirishmagan.

Xalqaro tahlilchi Pol Rojers esa, joriy paytda "Islomiy Davlat" jihodiy guruhi va Afg‘oniston Tolibon harakati orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa yo‘q, degan fikrda.

"Islomiy Davlat" butun dunyoda Islomiy xalifalik barpo etishni istaydi. Tolibon harakatini esa, tashqi dunyodan ko‘ra, ko‘proq Afg‘oniston qiziqtiradi. Toliblar o‘ta islomiy bo‘lish bilan birga, millatchi guruh. Xuddi shuning uchun ham bu guruhlar bir-biridan anchayin farq qiladi. Oralarida qachondir, qandaydir bevosita aloqalar bo‘lishi mumkindir. Ammo ularning yagona bir ittifoqqa kirishlariga ishonmayman", - deydi xalqaro tahlilchi.

"Islomiy Davlat" guruhi esa, o‘tgan bir necha oyning o‘zida Iroq va Suriyadagi katta hududlarni bosib olgan.

Yaqinda o‘z nazorati ostidagi mintaqalarda Islomiy xalifat e‘lon qilgan va uni kengaytirish istagini ham oshkora bayon etib keladi.

Shu maqsadda turli ijtimoiy muloqot tarmoqlari orqali o‘zining tashviqot amaliyotlariga ham zo‘r bergan.

Agar, AQSh Josuslik Markazining so‘nggi hisob-kitoblariga tayanilsa, shu yil iyun oyidan buyon o‘z jangarilari soni bir necha barobariga ko‘paytirgan.

Hozir "Islomiy Davlat" a‘zolarining soni 30.000 dan ortgani taxmin qilinadi.

Markaziy Osiyo mintaqasi doxil qator sobiq Sho‘ro davlatlaridan ham ko‘ngillilarning guruh saflarida jang qilish uchun Iroq va Suriyaga ketishayotganiga oid xabarlar bor.

"Islomiy Davlat" qator G‘arb va mintaqa mamlakatlari fuqarolarini ham asirga olishga muvaffaq bo‘lgan, ulardan ayrimlarini oshkora qatl ham etgan.

O‘zi bosib olgan hududlarda sunniy bo‘lmagan musulmonlar va o‘zga din vakillarini keskin qatag‘on qilishni boshlagan.

Bularning barchasi ortidan, yaqinda AQSh guruhni yakson etish uchun qator Ovro‘po va Yaqin Sharq davlatlari ishtirokida harbiy koalitsiya tuzgan.

Guruhning Iroq va Suriyadagi mavqe‘lariga qarshi havo hujumlari ko‘lamini yanada kengaytirgan.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02