UMS mobil shirkati uzun navbatlar bilan ishini boshladi

Published

1 dekabrdan Rossiyaning MTS shirkati bilan qayta barpo etilgan Universal Mobile Systems - UMS qo‘shma korxonasi O‘zbekiston hududida mobil aloqa mijozlariga tijoriy xizmat ko‘rsatishni boshlagan.

Qo‘shma korxonaning rasmiy web-saytida shirkat haqida ma‘lumot, mobil aloqa shirkati taklif etayotgan xizmatlar va xizmat haqlari e‘lon qilingan.

Shuningdek, 5556677 yoki 7771771 ga o‘xshagan chiroyli telefon raqamlari reklama ham qilingan.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi va viloyatlardagi UMS ofislari oldida bugun ertalabdan ko‘p sonli odamlar yig‘ilgani, ur-yiqit navbatlar aks etgan suratlar paydo bo‘lgan.

Muxbirimizga ko‘ra, Toshkentdagi bosh ofisida tirbandlik ko‘pligidan tartibni saqlash uchun militsionerlar jalb qilingani aytilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda yozilishicha, militsionerlar rasmga olishga harakat qilganlarni va navbatda turganlarni sababsiz ichki ishlar idorasiga olib ketganlar.

Xabarlarga ko‘ra, yangi aloqa xizmatiga dastlab 2 millionta raqam ajratilgan. Undan bir millioni Toshkent shahriga, qolgani viloyatlarga beriladi.

Universal Mobile Systems shirkati mijozlariga 998-97 prefiksi orqali bog‘lanish mumkin.

998-97 prefiksi 2012 yil yozigacha MTS-O‘zbekiston mobil aloqa operatoriga tegishli edi.

UMS qo‘shma korxonasi MTS-O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan antennalar va boshqa aloqa jihozlaridan foydalanadi.

O‘zbekiston tarixidagi ilk hamda eng yirik mobil aloqa operatori "O‘zdunrobita", keyinroq MTS-O‘zbekistonga aylangan shirkatning kamida 9000000 mijozi 2012 yil iyulida bir kunda aloqadan mahrum bo‘ldi.

O‘zbekiston rasmiylari mobil aloqa shirkatini O‘zbekiston qonunchiligini buzib faoliyat yuritganlikda aybladilar.

Rossiyaning MTS shirkati esa O‘zbekistondagi ayrim "qudratli shaxslarning o‘zlarining daromadli biznesini tortib olishga" urinishda aybladi.

MTS va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida chiqqan mojaroda Prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning ismi tez-tez tilga olingan.

Bundan bir yil oldin, 2013 yilning dekabrida MTS rahbariyati O‘zbekistondagi mobil aloqa bozoriga qaytishlari mumkinligi haqida e‘lon qildilar.

Muzokaralar natijasida o‘rtadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga kelishildi, 2014 yil yozida Rossiyaning MTS shirkati va O‘zbekiston Aloqa qo‘mitasi ishtirokida Universal mobile systems" qo‘shma korxonasini barpo etishga qaror qilindi.

Mobil shirkatdagi 50,01% hissalarga MTS, 49,99% hissalarga esa O‘zbekiston Aloqa qo‘mitasi egalik qiladi.

UMS shu yilning 1 noyabridan texnik ishlarini va dilerlik idoralarini ochishni boshlagan edi.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002