Ukraina: isyonchilar "100 ming kishi"ni safarbar qilmoqchi

Isyonchilar kuchlari tobora ilgarilab bormoqda
Сурат тагсўзи, Isyonchilar kuchlari tobora ilgarilab bormoqda
Published

Ukraina sharqidagi rossiyaparast bo‘lginchilar rahbari Aleksandr Zaxarchenko 100 ming kishilik qo‘shin to‘plash rejasini e‘lon qilgan.

Isyonchilar ukrain hukumat kuchlarini sharqiy Donetsk va Lugansk mintaqalaridan siqib chiqarish va strategik ahamiyatga ega Debaltsevo shahrini zabt etishga harakat qilishmoqda.

O‘zini Donetsk Xalq Respublikasi rahbari deb e‘lon qilgan janob Zaxarchenko safarbarlik "shoshilinch" ekani va 11 kundan so‘ng boshlanishini aytgan.

"Bu biz yana 100 ming kishini olamiz, degan ma‘noga kelmaydi, ammo Donetsk va Lugansk Xalq Respbulikalarining birgalikdagi qo‘shinlari soni 100 ming bo‘lishi kerak", deb aytgan u.

Ammo isyonchilarning bu kabi yirik sondagi qo‘shin to‘plash imkonlari qanchalik, ma‘lum emas.

"Qarshi hujum"

Zaxarchenkoga ko‘ra, yangi askarlar bir oylik tayyorgarlikdan o‘tkazilganidan so‘ng kamida beshta qo‘shimcha bo‘linmalar tashkil etiladi: uchta motoo‘qchi, bir to‘pchi hamda bir tankchi brigada.

"Bu zahira bizga har qanday hujumni qaytarish va muvaffaqiyatli bo‘lgani taqdirda, qarshi hujum boshlash kafolatini beradi", deb aytgan u.

Debaltsevo aholisi uylarini tashlab chiqmoqda
Сурат тагсўзи, Debaltsevo aholisi uylarini tashlab chiqmoqda

Debaltsevo yaqinida bo‘lgan jurnalist Kristofer Millerning BBCga aytishicha, isyonchilarning 100 ming kishini safarbar qilishlari "haqiqatdan uzoq".

"Isyonchilar rahbarlari Rossiyadan ko‘proq ko‘ngillilarning olib kelinishi uchun zamin tayyorlayotgan bo‘lishlari ehtimoli katta", - deydi u.

Ukraina 9 mingga yaqin Rossiya harbiylari isyonchilarga yordam berayotganini aytgan, ammo Moskva buni rad etadi.

Ukraina hukumati ham joriy yilda qo‘shinlar sonini 200 mingga chiqarish rejasi bilan ommaviy safarbarlik e‘lon qilgan.

Yakshanba kuni Debaltsevoga mudofaani mustahkamlash uchun og‘ir harbiy texnika yo‘llangan.

Bo‘lginchilar shahar chetiga yetib borgani haqidagi xabarlar ortidan yuzlab odamlar uylaridan ko‘chirilgan.

O‘tgan dam olish kunlari shaharning to‘plardan o‘qqa tutilishi natijasida tinch fuqarolar doxil o‘nlab odamlar halok bo‘lgan.

O‘t ochishni to‘xtatish urinishlari natijasiz tugagan.

Ukrainadagi janglarda hozirga qadar 5 ming halok bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002