O'sh: Nega seni tashlab ketdim?

O'shdagi 2010 yilgi xunrezlik ortidan o'n minglab o'zbeklar boshqa mamlakatlarga, asosan, Qozog'iston va Rossiyaga ketib qolishgandi.
Biroq aksariyat chetda hayotini qayta qura olmay, qaytib kelishdi.
Lekin hamon qaytishdan qo'rqayotgan va tinchlikka ishonmayotganlar ham bor.
Adhamjon, tujjor:
O'shda ilgari savdo bilan shug'ullanardim. Xitoydan Qorasuvga yuk olib kelardik. Hamma narsani tashladik va boshqa davlatga ketdik. Uyim, ishim, tijoratim, bolalarimning o'qishi - barchasi qolib ketdi. Bu erda hayotimizni yana noldan boshladik.
Imkoni borlar chetga ketishdi. Hozir hayotlarini boshqatdan boshlashmoqda.
Ko'pchilik qiynaldi. Ammo ahvol kelajakda yaxshilanishiga ishonmayman hozirda.
Chunki Qirg'iziston janubidagi qonun posbonlari o'zlari qonunga rioya qilishmaydi.
O'zbeklar ustiga tuhmatlar va ular beayb bo'lsa ham, aybdor qilib qo'yish hollari davom etmoqda.
Davlat idoralarida o'zbeklar deyarli qolmadi hisob.
Bu holatda o'zbekning u erda qanday kelajagi bo'lishi mumkin? To'g'risi, bilmayman.
Bemalol yashash imkoni yaratilmaguncha, u erga qaytib borolmayman.
Ollohdan ham shuni so'raymiz. Chunki O'sh bizning ota-bobolarimiz eri. U erda kindik qonimiz tomgan, ajdodlarimiz ko'milgan.
Lekin O'zbeklarning besh yil oldingacha gurkiragan ishlari susayib ketdi.
Ba'zi ovqatlanish va savdo tijoratlarini qayta ochishmoqda. Lekin ko'pchilik qiynalyapti.
Men o'z oilamni olib chiqib ketishimda ham iqtisodiy omillar katta o'rin tutdi. Masalan, tijorat qilishim juda mushkullashib ketdi.
Baribir, asosiy sabab xavfsizlik edi.
O'ylab ko'ring, yo'lda ketayotganingizda bir nechtasi sizni ushlab, urib, bir nima qilib qo'yishsa.
Yoki nohaq sizni ushlab, bo'yningizga biron qilmagan jinoyatingizni ilib yuborishsa.
Bunday qo'rquv ostida yashash qiyin. Yashab bo'lmaydi.
Odamlar hozir bir-birlariga g'animat ekanliklarini anglab qoldilar.
Ilgari hamma tijorat qilish va pul topishni o'ylardi.
Hozir endi o'zbeklar uy-joy solib, pul topib, bir nimaga erishib bo'lmasligini anglashdi.
O'zbeklar o'rtasida qandaydir mehr-oqibat, bir-biriga yordam ko'rsatish hislari paydo bo'ldi.
Malika(nomi o'zgartirilgan), ishbilarmon:
O'shning markazida mashhur o'quv markazi ochgandim. U erda qizlarni o'qitardik. Hamshiralik, parda tikish, soch turmaklash, shirinliklar pishirish kabi hunarlarni o'rganishardi. Keyin ingliz, turk, rus va qirg'iz tillarini, kompyuter saboqlarini o'rgatardik.
Markazni ochganimga endi besh yil bo'lgan va endi o'zimizni tiklab olayotgandik.
Iyun voqealari chog'i binomizdan barcha hujjatlar va pullarni olib ketishgan. Kompyuter va boshqa jihozlarni talon-taroj qilishgan. Keyin xonalarni vayron qilib, devorlarni yomon so'zlarni yozib, eshik-derazalarni sindirib chiqib ketishgan.
Yonimizda bir qirg'iz qizimiz poyabzal sotardi. Uning do'koniga tegishmagan va hech narsasini olishmagan.
Shu o'zbekligimizni bilib, ataydan talashgan degan fikrga bordik.
Bizga birov yordam berishiga ham ko'zimiz etmadi. Shu uchun shikoyat qilib o'tirmadik.
Ammo shuncha yillik mehnatim yo'qqa chiqqani va talangani bois, menda ishonch qolmadi.
Haliyam ishonolmayman.
To'g'ri, mana hozir odamlar biroz tushunib, munosabatlarini yaxshilashmoqda.
Lekin o'tgan to'rt yil davomida, bu o'zbek, u qirg'iz, degan gap-so'zlar, ajratishlar bor edi.
Baribir, hali-hanuz o'zbeklar uchun tijorat yuritish qiyin. Albatta, yonida bitta qirg'iz sherigi bo'lishi, himoyasi bo'lishi lozim.
Ana shundagina tijorat o'rnidan jiladi.
Men o'zim bilaman, qancha odamlar biznesini qayta ochib, sinib ketishdi.
Na soliq, na boshqalar qo'yishadi. Yoptirishga majbur qilishadi.
Shu uchun men hali O'shga qaytib borish yo biznes qilish niyatim yo'q.
Hali endi 5 yil bo'libdi. Yurakdagi qo'rquv va vahima, ishonchsizlik hali ketmagan.
Hozir o'zbeklar uchun u erda hech nimasi qolmadi hisob. Endi bir necha soatlik teledastur ochishibdi.
Odamlar majbur parabolik antenna sotib olib, O'zbekiston telekanallarini tomosha qilishmoqda.
O'zbek maktablari sekin-asta yopilmoqda. Hozir ruscha yo qirg'izcha o'qitishga o'tkazishmoqda bu maktablarni.
Endi o'zbeklar hadeganda shahar markaziga ham tushishavermaydi.
Oldin ko'pchilik markaziy bozorlarda ishlashni istardi, markazga talpinardi.
Hozir hamma o'zbek mahallalarida do'konlar va rastalar ochib olishgan.
Odamlar shundoqqina eshigining tagida savdo-sotiq qilishmoqda. Tashqariga chiqib yurishmaydi.
Avval markaziy bozorlardagi aksar nuqtalar va rastalar o'zbeklarniki edi. Ammo ular talandi va vayron qilindi.
Shu uchun odamlar o'z mulkining xavfsizligiga ishonmay qolgan.
O'zbek mahallasida esa bilishadi, bu er o'zining o'zbeginiki va hech kim mol-mulkini talon-taroj qilmaydi.
Dilmurod Haydarov, huquqshunos va ishbilarmon:

To'polon boshlanib ketgan payti men uyda edim. Qarasak, O'sh tarafdan osmonga tutun o'rlamoqda. Odamlarning va o'qlarning sadosi eshitila boshlandi.
Odamlarda vahima paydo bo'ldi. Kasalxonaga borsak, u erda yaradorlar ko'p ekan.
Bunaqa provokatsiya ehtiroslarni junbushga keltirib, milliy nizoga aylanib ketmasin, deb mahallaga keldim.
U erda ishlaydigan qirg'iz qizlarini, qirg'iz qo'shnilarimizni o'yladim.
Oltmish nafarga yaqin qirg'iz qo'shnilar va qizlarni qo'shni qishloqdagi qirg'iz do'stimga eson-omon olib borib topshirdim.
Qirg'iz do'stim esa o'zi qutqargan 15 nafarga yaqin o'zbek qizini eson-omon bizlarga topshirdi.
Ularni sog'-salomat O'zbekistonga o'tkazdik.
Shunga qaramay, meni va qator boshqa bolalarni qotillikda ayblab qamashdi.
Ancha vaqt hibsda qoldik, bizni qiynoqlarga solishdi.
Lekin o'zim huquqshunos bo'lganim uchunmi, isbotlay olishmaydi.
Men qutqargan qirg'iz qizlar ham kelib, meni himoya qilishdi.
Xullas, ayblovlar isbotini topmadi va biz oqlanib chiqdik.
Ammo bu bilan tazyiqlar tugamadi.
Men begunoh qamalgan boshqa bolalarni ham qutqarish yo'lida sa'y-harakat qila boshladim.
Mahkamada ham ular millatchilik qilib, faqat o'zbeklarni qamashayotganini aytdim.
Aybi isbotini topmasdan, oqlanib chiqqan ba'zi bolalarni qaytadan hibsga olishga harakat qila boshlashdi.
Men to'rt yil kurashdim va ustimizdan ochilgan ish asossiz ekanini isbotlashga urindim.
To'g'ri, ayblovlarni olib tashlashga majbur bo'ldilar.
Biroq keyin ham mening ustimdan ish ochishga harakat qilayotganlarini bildim.
U erda boshqa kurashish va haqiqatning tagiga etishning iloji qolmaganini angladim.
Qolsam, boshqa biron ayb bilan meni qamoqqa tashlashardi. Oilam va bolalarim esa ko'chada qolib ketishardi.
Shu uchun ham chiqib ketdim.
Hozir tashqaridan turib, vatanimdagi nohaq jabrlanayotgan insonlarning haq-huquqlari uchun kurashish imkonlarim kattaroq.
BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
Instagram – BBC UZBEK
Twitter – BBC UZBEK
Odnoklassniki – BBC UZBEK
Facebook- BBC UZBEK
Google+ BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio































