Qirg‘iziston: "ID ikki terror xurujini rejalagan"

Qirg‘iziston Davlat Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi xabar tarqatishicha, o‘zini "Islomiy Davlat" deb ataydigan guruh qurollilari mamlakat hududida ikki terrorchilik hujumini amalga oshirishni rejalashtirgan bo‘lganlar.
Qirg‘iz xavfsizlik kuchlari ushbu zo‘ravonliklar oldini olishga muvaffaq bo‘lganlari haqida aytmoqdalar.
16 iyul kuni poytaxt Bishkekda olti jangari o‘ldirilgani, yana yetti nafari qo‘lga olinganini xabar qilgan xavfsizlik qo‘mitasi.
"Ha, ularning hammasi "Islomiy Davlat" a‘zolari bo‘lganlar. Yana yettitasi kecha o‘tkazilgan maxsus amaliyot paytida hibsga olingan", deb aytgan Qirg‘iziston Davlat Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi matbuot kotibi Raxat Sulaymonov.
"Ular ikki terrorchilik hujumini rejalashtirganlar - biri Bishkek markaziy maydonida Ramazon oyi yakunidagi ibodat payti va yana biri Rossiyaning Kent harbiy bazasiga", deb aytgan janob Sulaymonov.
16 iyul kechga yaqin Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrining Gorkiy-Panfilov ko‘chalari kesishgan joyda otishma yuz bergan.
Davlat xavfsizlik qo‘mitasi aholi yashaydigan uylardan biridagi jangarilarga qarshi aksilterror amaliyoti o‘tkazganini xabar qilgan.
Reyd payti jangarilarning qurolli qarshilik ko‘rsatganlari aytilgan.
Politsiya hodisa yuz bergan joy atrofini to‘sib olgan.
Bishkekliklar osmonga qalin qora tutun o‘rlaganlarini ko‘rganlar.
Jangarilar joylashib olib qurolli qarshilik ko‘rsatgan Gorkiy ko‘chasidagi uyga yong‘in ketgan va to‘la vayron bo‘lgan.
Bu uy Qirg‘iziston parlamentidan bir yarim kilometrcha uzoqlikda joylashgan.

Сурат манбаси, Reuters
Otishma payti to‘rt jangari o‘ldirilganini xabar qilgan davlat xavfsizlik qo‘mitasi.
Qirg‘iziston maxsus kuchlarining to‘rt xodimi jarohatlangani, ularning hayoti xavf ostida emasligi xabar qilingan.
Xavfsizlik kuchlari ko‘p miqdorda valyuta, yetti avtomat, besh to‘pponcha topganlarini aytganlar.
Jangarilarning 500 kilogramm ammiak selitrasini sotib olib qo‘lbola portlovchi modda yasamoqchi bo‘lganlari haqida aytgan Xavfsizlik qo‘mitasi matbuot kotibi Raxat Sulaymonov.
Qirg‘iz rasmiylari xabar qilishicha, kecha Bishkekda qurolli to‘qnashuv yuz bergan guruh a‘zolari bilan oy boshida qo‘lbola portlovchi moddani portlatgan Qozog‘iston fuqarosi o‘rtasida aloqa bo‘lgan.
Bishkekdagi qamoqxonadan qochishga uringan payti qozog‘istonlikni portlovchi moddani ishga solgani aytilmoqda.
Bugun Qirg‘izistonda Ramazon Hayiti nishonlanmoqda.
Ertalab poytaxt Bishkekdagi markaziy maydonda Hayit namozi o‘qilgan.
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
Instagram – BBC UZBEK
Twitter – BBC UZBEK
Odnoklassniki – BBC UZBEK
Facebook- BBC UZBEK
Google+ BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio































