Obama: Hafsalamni eng pir qilgani qurol haqidagi qonun‏

Janob Obama "hatto bir necha marta sodir etilgan ommaviy qotilliklar manzarasida" ham qurol qurol bo‘yicha siljishga erishilmaganini afsus bilan qayd etgan
Сурат тагсўзи, Janob Obama "hatto bir necha marta sodir etilgan ommaviy qotilliklar manzarasida" ham qurol qurol bo‘yicha siljishga erishilmaganini afsus bilan qayd etgan
Published

AQSh Prezidenti Barak Obama mamlakatda aholining o‘q otar qurollarga ega bo‘lishini cheklashga erishish borasidagi urinishlari natijasiz qolayotganini o‘zining prezidentlik davri uchun eng afsuslanarli, deb atagan.

BBC bilan intervyuda janob Obama bu masalada "hatto bir necha marta sodir etilgan ommaviy qotilliklar manzarasida" ham siljishga erishilmaganini afsus bilan qayd etgan.

Janob Obama shunga qaramay, o‘zining prezidentlik muddati nihoyasiga yetguniga qadar keyingi yarim yilda oddiy fuqarolarning qurollarga ega bo‘lishini cheklash uchun kurashishga va‘da bergan. Biroq, Bi-bi- sining Shimoliy Afrika bo‘yicha muharriri Jon Sopelning aytishicha, prezidentning so‘zlari u qadar ishonch bilan yangramagan.

AQShda oxirgi yillarda yuz bergan qator qonli ommaviy otishmalar ortidan bir qancha siyosatchilar, shu jumladan Prezident Obama ham kelajakda bunday fojealarning oldini olish maqsadida 2012 yilda Amerikaning qurolga oid qonunini o‘zgartirish chaqirig‘i bilan chiqqandi.

Biroq respublikachilar ko‘pchilikni tashkil qiluvchi Kongress bu boradagi qonun loyihasini rad etgan.

"Agar siz 2001 yil 11 sentyabrdan so‘nggi terroristik hujumlarda halok bo‘lganlar soniga qarasangiz, bu 100 dan kamroqni tashkil qiladi. Ayni paytda otishmalarda qurbon bo‘lganlar soni minglarchadir", degan Barak Obama.

AQSh Konstitutsiyasi aholiga erkin qurol sotib olish huquqini beradi.

Prezident Obama intervyusidan bir necha soat o‘tib, AQShda yana bir otishma yuz bergan. Luizianna shtati kinoteatrida qurolli shaxs o‘t ochib ikki kishini o‘ldirgan, bir qanchasini yaralagan.

BBC bilan suhbatda Barak Obama o‘zining prezidentlik davrida irqiy munosabatlar yaxshilanganini qayd etgan.

Obama shuningdek, Britaniya har doim AQShning eng yaxshi strategik hamkori bo‘lganini va Britaniya dunyo siyosatiga ta‘sir ko‘rsatish uchun Ovro‘po Ittifoqi tarkibida qolishi kerakligini ta‘kidlagan.

Bundan oldin Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron Britaniya o‘zi uchun manfaatli sharoitlarga, jumladan Ovro‘po Ittifoqi mamlakatlaridan muhojirlar oqimini cheklashga erishishini aytgan va 2017 yil oxirigacha Ovro‘po Ittifoqi a‘zoligi bo‘yicha referendum o‘tkazishga va‘da bergandi.

Prezident Obama o‘z intervyusida Eron yadroviy loyihasi bo‘yicha Kongress kelishuvga erishishiga ishonch bildirgan.

Bundan tashqari, "Islomiy davlat" ustidan g‘alaba qozonish uchun Suriyada siyosiy qaror muhimligini urg‘ulagan.

Barak Obama Keniyada korruptsiya va inson huquqlari bo‘yicha qattiq gapirishini va Keniyadagi norozilik namoyishlariga qaramasdan bir jinslilarning huquqlarini himoya qilishda davom etishini qayd etgan.

Intervyu Amerika Prezidentining Keniyaga tashrifi oldi Oq Uyda bo‘lib o‘tgan. Obama intervyu davomida o‘ziga ishongan va xotirjam tutganini qayd etgan Bi-bisi muxbiri.

Barak Obama prezidentlik muddati nihoyasiga yetar ekan, ba‘zi sharhlovchilar uni samarasiz yakunlayotganlikda tanqid qilgan edilar.

Obama Kuba bilan AQSh diplomatik aloqalarni tiklashga erishdi. Shuningdek, Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvga kelindi. Obamaga ko‘ra, uzoq muzokaralardan so‘ng erishilgan shartnoma amalga oshirilsa, dunyo xavfsizroq bo‘ladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio