O‘zbek matbuoti Urganch fojeasi aybdorlarini qidira boshladi

Hodisa ro‘y bergan ko‘prikdan kontsert tomosha qilish odatiy bo‘lgan
Сурат тагсўзи, Hodisa ro‘y bergan ko‘prikdan kontsert tomosha qilish odatiy bo‘lgan
Published

O‘ndan oshiq odamning umriga zomin bo‘lgan Urganchdagi "Yoshlar ko‘li"da bo‘lgan halokatni o‘rganish uchun Hukumat komissiyasi tuzilgan. Ma‘lumotlarga ko‘ra, komissiya vakillari 13 xonadonda bo‘lib o‘lganlarning yaqinlariga ta‘ziya bildirgan.

Favqulotda vaziyatlar vazirligi web sahifasida yozilishicha, Prezident Islom Karimovning topshirig‘i bilan tuzilgan Hukumat komissiyasiyasi hodisa sabablarini o‘rganadi, oqibatlarini bartaraf etadi va jabrlangan shaxslarga ijtimoiy-moddiy yordam ko‘rsatadi.

Rasmiy idora qancha odamning halok bo‘lgani va qancha kishining jabrlanganligi borasida biror raqam keltirmagan.

Guvohlar halok bo‘lganlarning soni 15 kishidan ko‘p bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Shifoxonaga 16 kishi yotqizilgan.

Jabrlanganlarga beriladigan moddiy yordamning miqdori ham oshkor qilinmadi.

Halokatda jabrlanganlarning o‘zi aybdormi?

O‘zbek internet nashrlari esa fojea sabablarini tahlil qilishga va unga aybdor bo‘lgan tomonlarni keltirishga harakat qilgan.

"Urganchdagi "Yoshlar ko‘li" madaniyat va istirohat bog‘ida sodir bo‘lgan voqea butun O‘zbekistonni larzaga soldi", - deb yozdi kun.uz web sayti.

Telegraf.uz saytining guvohlarga tayanib yozishicha, Navro‘zbek Sobirovning o‘sha kungi kontsertida odatdagidan ko‘p odam yig‘ilgan.

Yuzlab odamlar kontsertni bevosita ko‘prik ustida turgan holda tomosha qilgan.

2013 yili qayta ta‘mirlanib ochilgan "Yoshlar ko‘li" mintaqada mashhur bo‘lgan xonandalarning kontsert beruvchi maskaniga aylangan.

Video tasvirlarida odamlarning ko‘prik ustida turib kontsertni tomosha qilayotganini va xonandalarning ko‘prikladagilarga alohida murojaat qilayotganini ko‘rish mumkin.

Kun.uzning yozishicha, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ushbu falokatni keng muhokama qilgan va uning sabablari borasida ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan.

"Shak-shubhasiz, ko‘prik quruvchilari ham, kontsert tashkilotchilari ham javobgarlikka birday tortiladilar. Biroq bu fojeada odamlarning o‘zi ham qisman sababchi bo‘lmoqda, chunki ularda ba‘zan oddiy o‘zini tutish odobi yetishmaydi. Hammamiz xalq sayllarida va bayramlarda ba‘zi odamlar, shu jumladan yoshlar, o‘zlarini axloqsizlarcha tutib ko‘chalarni ifloslantirayotganlari, to‘siqlardan sakrab o‘tayotganlari, o‘zlarini befahmlarcha tutayotganlarining guvohi bo‘lganmiz. Biroq qizig‘i, bizlar bundaylarga befarq bo‘lib qolganmiz", deydi yana bir internet foydalanuvchisi.

Yana bir izoh qoldiruvchi shuncha odamni ko‘prik ustiga chiqishga ruhsat bergan tashkilotchilarni ayblagan.

Telegraf.uz nashri ko‘prik quruvchilari va kontsert tashkilotchilari javobgarlikka tortilishiga shubha qilmasligini yozdi. Nashrga ko‘ra, fojeada ayb to‘la tomoshabinlarning ham zimmasiga tushadi.

"Biroq bo‘lib o‘tgan hodisada o‘zini tutish oddiy qoidalari va ahloqni bilmaydigan tomoshabinlar ham to‘la aybdor", - deb yozdi Telegraf.uz.

web nashrlardan farqli ravishda O‘zbekiston telekanallari bo‘lib o‘tgan hodisa yuzasidan sukut saqlashni afzal ilgan.

"O‘zbekiston TV kanallarini kuzatyapman Xamma kanallarda xammasi yaxshi, xammasi joyida, osmonimiz musaffo, Faqat O‘zbekistonda barqarorlik, Butun duyoda notinchlik. Xorazmdagi mudhish voqea va unda halok bo‘lgan insonlar xaqida gap so‘z yo‘q. Boshqacha nima xam kutish mumkin bu rejim OAVlaridan?", - deb yozdi Kanadada istiqomat qilayotgan jurnalist Ulug‘bek Ashur.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio