Lukashenko o‘z raqiblarini "avf" etdi

Prezident Lukashenkoning siyosiy raqiblari 4 yil oldin hukm etilgandilar
Сурат тагсўзи, Prezident Lukashenkoning siyosiy raqiblari 4 yil oldin hukm etilgandilar
Published

Belarusda qamoqdan ozod qilingan siyosiy mahkumlar orasida eng taniqlisi mamlakat prezidentining sobiq siyosiy raqibi Nikolay Statkevichdir.

Janob Statkevich 2010 yilgi prezidentlik saylovi payti o‘tkazgan norozilik amaliyoti ortidan kaltaklangan va hibsga olingandi.

Keyinroq Minsk rasmiylari uni ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqarish harakatlarida ayblab, olti yilga ozodlikdan mahrum etganlar.

Hukumat vakillariga ko‘ra, muxolifat rahbari bo‘lgan Nikolay Statkevich va boshqa siyosiy mahkumlar insonparvarlik nuqtai nazaridan kechirildilar.

Ayni damda, uzoq yillarga hukm etilgan belaruslik anarxistlar guruhi ham ozodlikka chiqarilgan.

Xususan, 2011 yili Minskdagi Rossiya elchixonasiga hujum uyushtirishda ayblangan Nikolay Dedok va Igor Olinevich ham endi erkinlikda.

Shuningdek, ko‘kragiga "Lukashenko, ket!" deb tatuirovka urdirgan keksa haydovchi Yuriy Rubtsov ham jazodan ozod etildi.

Belarus Ovro‘podagi eng so‘nggi diktatura, deb ko‘riladi.

Bu yerdagi siyosiy cheklov, tazyiq va yopiqlik sobiq Sovet hududida faqat Turkmaniston va O‘zbekistonga solishtiriladi.

Ovro‘po Ittifoqi va AQSh ancha paytdan beri Belarus muxolifati vakillari hamda siyosiy tutqunlarini ozod qilishni talab qilib kelardi.

G‘arbga ko‘ra, siyosiy mahkumlarning ozodlikka chiqarilishi Minsk bilan munosabatlarni yaxshilash va kelasi prezidentlik saylovining haqiqiy, deb tan olinishi uchun muhim shartdir.

Belarus prezidentlik saylovi esa kelasi 11 oktbyarga mo‘ljallangan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio