Prezident Rahmon: "Dunyoviy davlatchilik - eng to‘g‘ri tanlov"

Сурат манбаси, AFP
Mustaqillik kuni munosabati bilan so‘zlagan Prezident Rahmon tojik jamiyati uchun yagona to‘g‘ri yo‘l dunyoviylik ekanini aytgan.
Janob Rahmonga ko‘ra, zamonaviy Tojikiston uchun asosiy muammo mintaqadagi geosiyosiy qarama-qarshiliklar manzarasida kechayotgan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘lib qolmoqda.
"Zamonaviy dunyoda to‘plangan tajriba va taraqqiyot yana bir bor dunyoviy davlatchilik to‘g‘ri va puxta o‘ylangan tanlov ekanini yana bir bor isbotlaydi. Bugun ushbu g‘oyaning o‘zi jamiyat osoyishtaligining asoslaridan biriga aylandi", deb aytgan Imomali Rahmon.
Tojikiston 9 sentyabrni Mustaqillik kuni sifatida bayram qiladi. Ammo, davlat rahbari ishtirokidagi tantanali tadbir odatda bir kun o‘tkaziladi.
Bu yilgi bayram isyonkorlarga qarshi yana bir maxsus amaliyotlar manzarasida kechmoqda.
"Xiyonatkor" general

Сурат манбаси, AP
Ayni paytda Tojikiston Bosh prokuraturasi General Abduhalim Nazarzoda va Polkovnik Junaydullo Umarovga qarshi Jinoyat kodeksining to‘rtta moddasi bo‘yicha ish ochgan.
Ularga mamlakat Jinoyat kodeksining 305-moddasi, (vatanga xiyonat), 307-moddaning 2-bandi (ekstremist guruh tuzish), 309 - modda (ko‘poruvchilik) hamda 179-modda (terrorchilik) bo‘yicha ayblov e‘lon qilingan.
Abduhalim Nazarzoda boshchiligidagi guruh 4 sentyabr kuni Dushanbe va Vahdat shaharlaridagi militsiya postlariga qarshi qurolli hujumda mas‘ul ko‘rilmoqda.
Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, qurollilar hujumida to‘qqiz militsiya zobiti halok bo‘lgan.
Ayni paytda Mudofaa vaziri sobiq o‘rinbosari Abduhalim Nazarzoda va uning tarafdorlari Romit darasida yashirinishgan.
Guruhga qarshi maxsus amaliyot Dushanbe shahridan 150 kilometrcha uzoqlikdagi Romit darasida davom etmoqda.
To‘qnashuvlarda har ikki tomondan jami 40 kishi hayotdan ko‘z yumgani aytiladi.
Avvalroq, Prezident Rahmon sobiq mulozim Abduhalim Nazarzodaning isyonini o‘zini "Islomiy Davlat" deb atovchi guruh va global terrorchilikka bog‘lagandi.
"Xalqaro terrorizmga qarshi olib borayotgan kurashimiz, aslida, mamlakatimiz, mustaqilligimiz, madaniyatimiz, tilimiz, milliy qadriyatlarimiz, xalqimizning erkin va osoyishta hayotini himoya qilishdir", deya xulosa qiladi Tojikiston rahbari.
Bayram nutqida Imomali Rahmon Abduhalim Nazarzoda va maxsus amaliyotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olmagan.
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio































