Toshkentda ko‘p qavatli bino yondi

Toshkentdan kelayotgan xabarlarga ko‘ra shahar markazidagi L'ETO Party Bar restorani joylashgan ko‘p qavatli binoda yong‘in yuz bergan. Insoniy talofatlar borasida rasmiy ma‘lumotlar yo‘q. Biroq guvohlar hech kim jabrlanmaganini aytmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan videolavhalarda binoning boshdan-oyoq yonayotgani tasvirlangan. Biznes markazi bo‘lgan ushbu binoda asosan ofislar joylashgani aytilmoqda. Bino poytaxt markazidagi "Wyndham Tashkent" (sobiq Dedeman) mehmonxonasi yonida joylashgan.
Kun.uz saytining yozishicha, yong‘in mahalliy vaqt bilan soat 18:30 da boshlangan. Sayt muxbirlariga ko‘ra, kunduz kuni ushbu bino tomida qishga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ish olib borilgan va olov yoqilgan.
Yong‘inni o‘chirish uchun o‘t o‘chiruvchilar guruhi jalb qilingan, odamlar yong‘in bo‘lgan joyga tez tibbiy yordam mashinalari yetib kelganini ko‘rgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda yong‘inning o‘chirilgani haqida yozilgan.
Binoga yaqin hududda turuvchilarning aytishicha, o‘t o‘chiruvchilar mashinalarning ko‘pligidan yong‘in joyiga yetib borishda qiynalgan.
Mahalliy nashrlar binoga olib boruvchi yo‘llardan biri yopib qo‘yilganini yozmoqda. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan surat va videolarda mashinalar qatnovi to‘xtamaganini ko‘rish mumkin.
BBC hodisa yuzasidan rasmiy izoh olishga urindi. Biroq Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi navbatchisi bu borada hech qanday ma‘lumot berolmasligini bildirdi.
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio































