Ovro‘pa vazirlari muhojirlarni taqsimlashga harakat qiladi

Published

Ovro‘pa Ittifoqi vazirlari mintaqaga kirib kelgan 120 ming muhojirni qanday joylashtirish masalasini hal qilish uchun yig‘ilmoqda. Markaziy Ovro‘paning ayrim davlatlari muhojirlarni qabul qilib olish bo‘yicha majburiyat olishdan bosh tortgan.

Ovro‘paga iyul va avgust oylarida 250 mingdan ortiq muhojir kirib kelgan. Olmoniya shu yilning o‘zida millionga yaqin qochqinga boshpana berishini ma‘lum qildi.

Vengriya esa Ovro‘pa sarhadlari tahdid ostida ekanligini aytgan.

Yuz minglab muhojirlarning kelishi Ovro‘pa Ittifoqi a‘zo davlatlar o‘rtasida bo‘linishlarga olib kelgan.

Seshanba kuni Bryuselda uchrashayotgan Ichki ishlar vazirlari Ovro‘pa Ittifoqi davlat rahbarlarining chorshanba kungi uchrashuvi arafasida murosa yo‘lini topishga harakat qilishadi.

Agar uchrashuvda qarama qarshi fikrlar saqlanib qolsa, vazirlar har bir a‘zoning fikriga quloq solmasdan ko‘pchilik ovozi bilan bir qarorga kelishi mumkin.

Mutlaq ko‘pchilik ovozni tashkillashtirish muammo emasligi aytiladi. Biroq katta e‘tibor murosa yo‘lini topishga qaratilgan.

Vazirlar oldida chorshanba kungi davlat rahbarlari yig‘ilishidan oldin qat‘iy qarorga kelishdek bosim borligi aytiladi.

Davlat rahbarlari qarorni bir ovozdan qabul qilishlarini ma‘lum qilishgan. Bundan tashqari ular chegara xavfsizligi va suriyalik qochqinlar inqirozi zarbini his qilgan Yaqin sharq davlatlariga ko‘mak berish kabi masalalarni ko‘rib chiqadi.

Vengriya, Polsha, Slovakiya va Chexiya respublikalari majburiy kvotaga qarshi chiqishmoqda.

Chexiya Tashqi ishlar vaziri Lubomir Zaoralek dushanba kuni ushbu to‘rt davlat yechim topish yo‘lida "hamon sodiqligini" aytgan.

Aytilayotgan 120 ming muhojir ko‘plab sonda kirib kelgan Vengriya, Yunoniston va Italiyadan olib qayta taqsimlanadi.

Buyuk Britaniya qayta taqsimlash sxemasida ishtirok etmaydi. Biroq 5 yil davomida Suriya bilan chegaradosh davlatlardan 20 ming qochqinni qabul qilishini bildirgan.

Mojariston muhojirlarni nazorat qilish uchun harbiylariga qo‘shimcha huquqlar berdi. Endi askarlar muhojirlarga qarshi rezina o‘qlar, ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz va to‘r o‘qlar ishlatishi mumkin.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban muhojirlar Ovro‘pa chegarasiga xavf solayotganini aytgan. Unga ko‘ra, muhojirlar Ovro‘pa "eshigini urmoqda" va Ovro‘pa Ittifoqi bu masalada yakdil pozitsiyaga ega bo‘lishi muhim.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio