Mol go‘shti yeganlikda gumon qilingan shaxs olomon tomonidan o‘ldirildi

Сурат манбаси, AFP
Hindiston shimolidagi bir oilada mol go‘shti tanavvul qilinib, muzlatgichda saqlanayotgani haqidagi mish-mishlar ortidan oila boshlig‘i olomon tomonidan urib o‘ldirilgan.
50 yoshli Muhammad Ahloq Utar Pradesh shtatidagi Dadri qishlog‘ida yashar edi.
Uning 22 yoshli o‘g‘li ham kaltaklanib, kasalxonaga tushgan.
Hozirda hodisaga aloqador ko‘rilgan olti kishi hibsga olinib, mish-mishlarni kim tarqatgani yuzasidan politsiya tekshiruv boshlagan.
Hindiston aholisining 80 foizini tashkil etuvchi hindlar sigirni muqaddas jonzot sifatida ko‘radilar va mol so‘yish o‘ta nozik masaladir.
Utar Pradeshda sigir so‘yish, mol go‘shti savdosi va iste‘molini taqiqlovchi qonunlar kiritilgan.
Lekin bu kabi taqiqlar nima uchun hukumat birovning kosasida nima bo‘lishi yuzasidan qaror qabul qilishi borasida savollarni ham keltirib chiqargan.
Ahloq oilasining aytishicha, muzlatgichlarida mol go‘shti emas qo‘y go‘shti bor edi.

Сурат манбаси, AFP
"Kimdir uning uyida mol go‘shti borligi va sigir so‘ygani haqida mish-mish tarqatgan. Shundan keyin uning uyiga hujum qilishgan", dedi mahalliy rasmiylardan biri.
Politsiya zobitlaridan birining AFP agentligiga aytishicha, go‘yoki Ahloqning mol go‘shti yegani haqida mahalliy ibodatxonada e‘lon qilingan.
Uning 18 yoshli qizi Sojidaning aytishicha, ularning uylariga dushanba kuni kechqurun 100 dan ortiq kishi hujum qilishgan.
"Politsiya muzlatgichdagi qo‘y go‘shtini tekshirish uchun olib ketdi", deya ilova qilgan u.
Oxirgi xabarlarga ko‘ra, hujumda gumon qilinganlarni hibsga olinishlariga norozilik izhor qilgan ba‘zilar politsiya bilan to‘qnashganlar va qator mashinalarga zarar yetkazganlar.
Hindistonda Utar Pradesh doxil 11 shtatda, shuningdek ikki ma‘muriy mintaqada sigir, buzoq va buqalarni so‘yish taqiqlangan.
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio






























