"Dunyo Suriyaga hech yig‘lamadi..."

Parij motamda...
Сурат тагсўзи, Parij motamda...
Published

O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlarida Parijdagi hujumlar qizg‘in bahsu munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Begunoh insonlarning qurbon bo‘lishi qoralanishi barobarida, Frantsiya hukumati va Charlie Hebdo nashrini ham ayblayotganlar talaygina.

Ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilayotgan izohlarning aksariyati o‘zini "Islomiy davlat" deb ataydigan guruhni qoralaydi.

Ayrimlar endilikda Frantsiya musulmonlariga yana ham qiyinroq bo‘lishidan afsusda ekanini yozishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda "Dunyo Suriyaga hech yig‘lamadi" degan she‘r ham bo‘lashilmoqda.

Frantsuz o‘ldi deb dunyo yig‘lasa,

Suriya ahvolin hech o‘ylamadi.

Musulmon jonini kofir qiynasa,

Dunyo Suriyaga hech yig‘lamadi.

Aslida millionlab, bollar ayollar,

Bugunoh aholin ko‘p o‘ylamadi.

Frantsuz tomonga ketar xayollar,

Dunyo Suriyaga hech yig‘lamadi.

Frantsuz o‘ldi deb jar solayotgan,

Bir bor Suriyani so‘ylaganmiding

Azobda qirilib yo‘q bo‘layotgan

Suriya ahli deb yig‘laganmiding?

Kim aybdor?

Lola Karimova-Tillayevaning Instagram sahifasidan
Сурат тагсўзи, Lola Karimova-Tillayevaning Instagram sahifasidan

Facebook dagi "News of Uzbekistan" guruhining ayrim foydalanuvchilari Parij hujumlarida Frantsiya va AQSh hukumatlarini ayblashgan.

Charlie Hebdo nashri, ayrimlarga ko‘ra, Parijda ro‘y bergan xunrezlik sababidir.

Abror To‘xtayevga ko‘ra, Frantsiya hukumati Yaqin Sharqqa "burnini tiqmasligi kerak edi".

Yelena Voronina esa, "juda qo‘rqinchli 150 nafar qurbon...bular faqatgina Frantsiya hukumati Amerikaning ketini ko‘r-ko‘rona yalagani uchun", deb hisoblaydi.

Boshqa bir foydanaluvchi esa, "Siz IShIDni yaratdingiz, endi mevasidan tatib ko‘ring" deb yozadi.

Laziz Rahimov IShID g‘oyasini tanqid qiladi. "Ularning Islomga mutlaqo aloqasi yo‘q. Ularni qurshab olish va yo‘q qilish kerak".

Facebook da qatnashuvchilardan biri Musannif Adham esa, Parij hujumlarida o‘lganlar sonini Iroq va Suriyada bir tomondan ID, boshqa tomondan AQSh, Frantsiya, Britaniya va Rossiya havo hujumlarida qurbon bo‘layotganlar bilan taqqoslaydi. Uning nazarida, endilikda yana musulmonlarga otilajak toshlar ko‘payadi.

Musulmonlar yana balogardon bo‘lishlari haqida fikrlarni ko‘pchilik izhor etgan.

O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlari foydalanuvchilari orasida Frantsiya xalqiga ta‘ziya bildirganlar ham talaygina.

Ular orasida hozirga qadar eng mashhuri, Prezident Karimovning kenja qizi, UNESCOdagi O‘zbekiston elchisi Lola Karimova – Tillayevadir.

Instagram tarmog‘idagi hisobida Lola Karimova "Parij terroristik hujumlari qurbonlarining oilalariga samimiy hamdardlik izhor qilaman", degan izoh va surat qoldirgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

http://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan/2015/11/151116_uzbek_statesman_children_social_tribune