"Qayiqda Avstraliyadan Suriyaga yetib olmoqchi bo‘lganlar"

Сурат манбаси, ABC
Avstraliya politsiyasi xabar qilishicha, baliqchi kemasida Hind ummonini kesib o‘tib Suriyadagi "Islomiy Davlat" guruhiga borib qo‘shilishga qaror qilgan besh erkakni hibsga olgan.
Politsiya xabarida aytilishicha, jangari guruhga qo‘shilishni istagan bu odamlar kemani Melburn shahrida avtomobilga yuklaganlar.
So‘ng Avstraliyaning Kuinslend shtatidagi Kerns shahriga yetib olganlar.
Politsiyaning taxmin qilishicha, erkaklar kemada Avstraliyadan Filippinga, Filippindan Indoneziyaga, so‘ng Suriyage yetib olishni mo‘ljallaganlar.
Avstraliya Teleradiokompaniyasi xabar qilishicha, hibsga olinganlar orasida o‘zining radikal qarashlari bilan tanilgan Musa Serantonio ham bor.
Musa Serantonio bundan oldin ham qo‘lga olingan edi.
Uni 2014 yili Filippinning Sebu orolida ushlashgan, bunga Internet ijtimoiy tarmog‘ida Suriyaga yo‘l olgani haqida xabar tarqatgani sabab bo‘lgan.
So‘ng Musa Serantonioni Avstraliyaga deportatsiya qilgandilar.
Hibsga olinganlar orasida Sheyden Torn ham borligi xabar qilinmoqda.
U qamalgan islomiy ulamo Junaid Tornning inisidir.
Junaid Torn esa Pers shahridan Sidneyga parvoz qilish uchun soxta nom bilan chipta sotib olgani uchun qamalgan.
Matbuot xabarlariga ko‘ra, beshovlon avvaldan shubha ostida bo‘lganlar.
"Hibsga olingan besh shaxs politsiya tergovi bilan hamkorlik qilmoqda", deb aytgan Avstraliya Federal politsiyasi so‘zchisi.
Gumondorlarning pasportlari bekor qilingan, shu yo‘l bilan ularning mamlakatdan chiqib ketishi oldini olish maqsadi ko‘zlangan.
Avstraliya rasmiylariga ko‘ra, 110 tacha Avstraliya fuqarosi IShID saflariga borib qo‘shilgan.
- BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
- TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
- Instagram - BBC UZBEK
- Twitter - BBC UZBEK
- Odnoklassniki - BBC UZBEK
- Facebook - BBC UZBEK
- Google+ - BBC UZBEK
- YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
- Skype - uzbekbbclondon
- bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring































