Gretsiya Idomenidagi muhojirlarni ko‘chirishni boshladi

Сурат манбаси, AP
Gretsiya o‘zining Makedoniya bilan chegarasidagi Idomeni jamlog‘idan minglab muhojirlarni ko‘chirishni boshlagan.
Mazkur ishga yuzlab politsiyachilar jalb qilingan, ammo rasmiylar kuch ishlatilmasligini aytishdi.
Muhojirlarning o‘zlari qurib olgan jamloqda 8400 odam, jumladan ko‘plab ayollar va bolalar ham bor.
Amaliyot erta tongda boshlagan. Guvohlarning aytishicha, odamlarni yaxshiroq tashkillashtirilgan turar joylarga olib ketish uchun avtobuslar va politsiya mashinalari tayyor turgandi.

Сурат манбаси, AP
Bu jamloqdagi aksar muhojirlar Shimoliy Ovro‘poga yo‘l olayotgan bo‘lishgan, ammo Makedoniya o‘zining Gretsiya bilan chegarasini yopib qo‘yishi ortidan shu hududda qolib ketganlar.
Muhojirlarga Gretsiyaning ikkinchi eng yirik Tessaloniki shahrida yangi ochilgan boshpana markazining yaxshi sharoitlari va‘da qilingan.
Seshanba tonggida kamida to‘rt avtobus to‘la muhojirlar ko‘zga tashlangan, qolganlar esa piyoda yoki taksilarda jamloqni tark etishdi.
Aksari Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi mojarolardan qochgan muhojirlar chodirlarda o‘ta og‘ir sharoitlarda yashayotganlariga qaramay, chegara yonidan ketmaslikka qaror qilgandilar.
Ammo, oxirgi kunlarda ular taqdirga tan berib, ko‘chishga rozi bo‘lgan ko‘rindilar.

Сурат манбаси, Reuters
Suriyalik Rezan ismli muhojir mart oyidan beri jamloqda yashab kelyapti. U BBCga Idomeni jamlog‘ini tark etishni istamasligi, ammo majbur bo‘lsa, ketishini aytdi.
"Sumkalarimni tayyorlab qo‘ydim. Agar kuch ishlatishmasa, biroz vaqt qolaman, lekin kuch ishlatishsa, ketaman. Men bu yerga birov bilan urishish uchun kelganim yo‘q. Men hech kim bilan urishgim kelmagani uchun Suriyani tark etganman", - dedi u.
Dushanba kuni grek televideniyesi orqali gapirgan Gretsiya hukumati voizi Giorgos Kiristis barcha muhojirlar ko‘chirilishini aytdi.
"Idomenidek narsani saqlab qolib bo‘lmaydi. U faqat odam tashuvchilar manfaatlariga xizmat qilyapti", - dedi u.
- BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
- TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
- Instagram - BBC UZBEK
- Twitter - BBC UZBEK
- Odnoklassniki - BBC UZBEK
- Facebook - BBC UZBEK
- Google+ - BBC UZBEK
- YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
- Skype - uzbekbbclondon
- bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring































