O‘zbek yoshlarining faqat yarmi internetdan foydalanadi

Сурат манбаси, reed.com
O‘zbekistondagi yagona omma fikrini o‘rganish markazi - "Ijtimoiy fikr" o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, mamlakat yoshlarining faqat yarmi internetdan foydalanadi.
Central Asian News nashrining iqtibos keltirishicha, so‘rovda qatnashganlarning 29.8 foizi kompyuterdan foydalanishni yaxshi bilishini aytgan.
"Yoshlarning yarmi internetdan foydalanadi", deyilgan "Ijtimoiy fikr" markazining xabarida. (Maqola yozilayotgan payt "Ijtimoiy fikr" markazining rasmiy web sahifasi ochilmayotgandi-tahr)
O‘zbekistonda internet hukumat tomonidan qattiq nazorat qilinadi, hukumat o‘zi haqida tanqidiy materiallar chop qiluvchi mustaqil hamda muxolifat saytlariga to‘siq qo‘ygan.
Davlat matbuoti yoshlarni muttasil ravishda "internetning zararlari"dan ogohlantirib keladi.
2014 yilda O‘zbekiston davlat aloqa qo‘mitasi internet kafelarining faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish tg‘risida maxsus qaror qabul qilgan.
Unga muvofiq, internet kafelari ma‘muriyati mijozlar kirgan saytlarning manzillarini uch oy davomida saqlab qo‘yishlari kerak.
Shuningdek, internet kafelarida "mijozlar xavfsizligini ta‘minlash" uchun xavfsizlik kameralarini ham o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Rasmiylar mazkur choralardan maqsad "jamoat punktlarida internet xizmatini ko‘rsatish jarayonida salbiy hodisalarni bartaraf qilish" ekanini aytishgan.
"Raqamli tiraniya"
Ayni paytda prezident Islom Karimov internetga to‘siq qo‘yishga qarshi chiqqan.
Janob Karimov hukumat axborot olamida "devor o‘rnatmoqchi emasligi"ni aytgan.
"Axborot olamida qandaydir devor o‘rnatish, o‘z qobig‘iga o‘ralib, mahdudlikka yuz tutish yo‘li aslo ma‘qul emas", degan prezident avvalroq mamlakat jurnalistlariga tabrigida.
Shu bilan birga janob Karimov internetning zararli ta‘sirlaridan ham ogohlantirgan.
"Internetning zararli ta‘sirlariga qarshi turishning eng yaxshi yo‘li "yoshlarni mustaqil, oq bilan qorani ajratadigan qilib tarbiyalashdir", degan prezident.
2014 yilda BBC bilan suhbatda prezidentning nabirasi, kichik Islom Karimov bobosi internetdan foydalanishni bilmasligini aytgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bobosiga kompyuter va internetdan foydalanishni o‘rgatmoqchi bo‘lgan payt buvisi bunga qarshilik qilgan.
"Kallang ishlaydimi, agar u Internetni o‘qiy boshlasa, hamma narsani bilib oladi-ku", - deya buvisining so‘zlarini keltirgan yosh Islom Karimov BBC bilan suhbatda.
Parijda joylashgan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti internet erkinligi borasida hisobot chop etishni boshlaganidan buyon muntazam suratda O‘zbekistonni "Internet dushmanlari" ro‘yxatiga kiritib keladi.
Tashkilot O‘zbekistonni "raqamli tiraniya" deb ta‘riflagan.
- BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
- TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
- Instagram - BBC UZBEK
- Twitter - BBC UZBEK
- Odnoklassniki - BBC UZBEK
- Facebook - BBC UZBEK
- Google+ - BBC UZBEK
- YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
- Skype - uzbekbbclondon
- bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring































