Euro 2016 boshlanmoqda, xavfsizlik choralarini ko‘ring

Published
Ўқилиш вақти: 3 дақ

(Videolavhaga sharh o‘rnida: Shu kunlarda butun Fransiya bo‘ylab yuz minglab politsiya va maxsus xavfsizlik kuchlari ishtirokida aksilterror mashqlari ham bo‘lib o‘tmoqda).

Mezbon Frantsiya va Ruminiya yana sanoqli soatlardan so‘ng favqulodda xavfsizlik choralari ostida futbol bo‘yicha bu yilgi Ovro‘po chempionatini boshlab berishadi.

Birinchilikning ikki raqib milliy terma jamoa o‘rtasidagi ilk uchrashuvi Parijdagi Frantsiyaning milliy stadioni sanaluvchi "Stade de France"da bo‘lib o‘tadi.

Ta‘kidlash joiz, Yaqin Sharqdagi IShID guruhining o‘tgan yil noyabr oyidagi qonli hujumlari ortidan Frantsiyada hanuzgacha shundoq ham favqulodda vaziyat holati amal qiladi.

Parijdagi ushbu muvofiqlashtirilgan hujumlar 130 insonning umriga zomin bo‘lgandi.

Futbol bo‘yicha bu yilgi Ovro‘po chempionati esa, Frantsiyada xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar hanuz arimagan bir manzarada ochilmoqda.

Xuddi shu bois ham, birinchilikning xavfsizligini ta‘minlash uchun 90000 dan ortiq politsiya xodimlari, harbiylar va xususiy qo‘riqchilar safarbar etilmoqda.

Kelasi bir oy davomida chempionat doirasidagi uchrashuvlarni tomosha qilish uchun Frantsiyaning 10 ta mezbon shahriga yetti million ishqibozning tashrif buyurishi kutilmoqda.

AQSh va Britaniya hukumatlari esa, allaqachon o‘z fuqarolarini bu kabi sayohat xavfidan ogohlantirib ham chiqishgan.

Ammo Ovro‘po chempionati tashkilotchilari bo‘lgan UEFA va Frantsiya hukumatining ishontirishicha, ja‘mi 51 ta uchrashuv davomida millionlab futbol muxlislarining xavfsizligini ta‘minlash uchun qo‘llaridan kelgan hamma ishni qilishadi.

Xabarlarga ko‘ra, birgina poytaxt Parijning o‘zidagi tomoshabinlar uchun mo‘ljallangan ikkita sath va yana shuncha stadionga kamida 13000 xavfsizlik kuchlari safarbar etilishadi.

Ular favqulodda holatga oid qonun doirasida lozim, deb topgan joylarida tintuv o‘tkazish va odamlarni uy qamog‘iga olishga haqli bo‘lishadi.

Poytaxt Parij politsiya boshqarmasi aksilterror bo‘limi sobiq rahbari Richard Uoltonning aytishicha, "xalqaro sport bellashuvlari tarixida bu yilgi Ovro‘po chempionatidek jiddiy xavotirga sabab bo‘lgani kuzatilmagan".

Birgina Britaniyaning o‘zida yarim million ishqibozning Frantsiyaga borishini nazarda tutib, britan tashqi ishlar vazirligi maxsus ogohlik bilan chiqqan.

O‘z fuqarolarini stadionlar, tomoshabinlar uchun mo‘ljallangan sathlar va jamoat transporti ehtimoliy hujum nishoni bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Payshanba kuni tunga yaqin Marsel shahrida britaniyalik ishqibozlar va mahalliy yoshlar orasida mushtlashuv kelib chiqqan, buning ortidan ikki britan fuqarosi hibsga ham olingan.

Bu yilgi Ovro‘po chempionatiga poytaxt Parijdan tashqari, Bordo, Lans, Lill, Lion, Marsel, Nitstsa, Sent-Eten va Tuluza shaharlari ham mezbonlik qilishadi.

Ammo mezbon Frantsiya hukumati to‘qnash kelib turgan muammolar birgina xavfsizlik bilan cheklanmagan.

Boshqa tomondan, yomon ob-havo va "Mehnat to‘g‘risidagi" qonunni isloh etish yuzasidan kelib chiqqan davomiy ommaviy namoyishlar ham ularning ozmuncha boshog‘riqlariga sabab bo‘lmagan.

Deylik, ish tashlashlar sabab, bugun futbol ishqibozlarining "Stade de France" stadioniga borishlari oson kechmasligi mumkin ekan.

Frantsiya Prezidenti Fransua Olland esa, transport xodimlarining norozilik amaliyotlari Ovro‘po chempionatiga soya solmasligi uchun lozim barcha choralarni ko‘rishga va‘da bergan.

Ammo bu ish tashlashlar, bugun o‘ninchi kundirki, davom etmoqda.

"Air France" shirkati esa, hatto, ertaga shanba kuni ham norozilik amaliyoti o‘tkazishni rejalagan.

Ham yaqinda yuz bergan suv toshqinlari va ham ommaviy namoyishlar shaharlarning tozaligiga ham ta‘sir etmay qolmagan, yig‘ilib qolgan axlatlarni tozalashga esa, halicha deyarli ulgurishmagan.

UEFAning bildirishicha, ishtirokchi 24 milliy terma jamoaning barchasi Frantsiyaga yetib kelgan.

Ispaniya ketma-ket uchinchi bor Ovro‘po chempioni bo‘lishga ko‘z tikkan bo‘lsa, amaldagi jahon chempioni Olmoniya va mezbon Frantsiya ham bo‘sh kelmoqchi emas.

Angliya to‘qqizinchi bor bu orzusini ro‘yobga chiqarish istagida bo‘lsa, Uels, Shimoliy Irlandiya, Albaniya, Islandiya va Slovakiya bu yil ilk bor Ovro‘po chempionligi uchun kurashib ko‘rishadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring